O‘zbekiston Superligasining 3-turi doirasidan o‘rin egallagan "Paxtakor" va "Navbahor" o‘rtasidagi bahs yakuniga yetdi. Uchrashuvdan so‘ng "lochinlar" ustozi Samvel Babayan savollarga javob berib o‘tdi.
- O‘yin haqida
- Xayrli kech. Bugun mavsumdagi eng muhim uchrashuvlardan birini o‘tkazdik. Durang kuzatilsa, adolatli bo‘lgan bo‘lardi. Birinchi daqiqadayoq gol o‘tkazib yubordik. Yigitlar ushbu kutilmagan zarbadan keyin o‘ziga kela oldi. Qo‘pol xatodan keyin standart orqali gol o‘tkazib yubordik. Chetlatishdan keyin penalti ishladik, ammo undan unumli foydalana olmadik. Qaytaraman, durang bo‘lsa, adolatli bo‘lardi. Bu vaziyatda joninin bergan futbolchilarimizga achindim. Ular nimalarga qodir ekanliklarini ko‘rsatishdi. Muxlislar mag‘lubiyatga loyiq emasdi.
Xatolarni to‘g‘rilash, xatolarni tahlil qilish ustida ish olib boramiz. Mavsum endi boshlandi. "Navbahor" yuqori maqsadlarni ko‘zlagan, faqat oldinga intilishimiz kerak. Bizda boshqa yo‘l yo‘q.
- Birinchi taymda Oston O‘runov ancha yaxshi harakat qilib, "Paxtakor" himoyachilarini qiynab qo‘ydi. Ikkinchi taymda uni zaxiraga oldingiz. Bu taktik o‘zgarishmi yoki charchoq bilan bog‘liqmidi?
- Oston yaxshi o‘ynadi. Ammo ikkinchi taym yarmiga kelib jismonan charchab qoldi. Biz o‘yinga o‘zgartirish kiritishimiz kerak edi, yutqazayotgandik. Uning O‘rniga Sobirjonovni tushirdim, o‘yinni u orqali kuchaytirmoqchi edik. U oldingi o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatgandi, shuning uchun uni maydonga tushirdik.
- Farrux Ikromovdek tezkor qanoq vingeri turganda siz Jasur Yaxshiboyev o‘rniga asosan markazda yaxshi o‘ynaydigan Abror Ismoilovni tushirdingiz. Farrux Ikromovning hozirgi holati "Navbahor" darajasiga to‘g‘ri kelmayaptimi yoki sizni taktikangizmi?
- Farrux Ikromov o‘z pozitsiyasiga tushirildi. Uning hozirgi holati va sifatiga shubha qilmayman. U endigina jarohatdan qaytdi. Jismoniy holatini tiklab olish uchun ozgina vaqt kerak.
- Bugungi uchrashuvni ko‘rar ekanmiz, "Navbahor" ruhiy jihatdan "Paxtakor"dan cho‘chib o‘ynagandek tuyuldi...
- Tabloda boshqacha hisob bo‘lganida, siz bunday demas edingiz. Markaziy bahsda birinchi daqiqadayoq shunday zarba qabul qilib olib, yana o‘yinga qaytib olish ko‘p narsani anglatadi.
Biz kamchilikda penalti ishlab oldik, undan oldin standartga ega bo‘lgandik. Bugun bizga yetishmagan jihatlar kuzatildi. Qarab chiqamiz. Jamoa yaqinda to‘plangani uchun bog‘lamalarda muammo bor. Tahlil qilib chiqamiz. Siz aytganingizdek, bizda rotatsiya qilishimiz mumkin bo‘lgan futbolchilar yetarlicha.
- Murabbiy sifatida jamoangiz necha foiz potensialini ishlata oldi deb o‘ylaysiz?
- 3 tur ortda qoldi. 70% potensialimizni ham ko‘rsata olmadik.
- Davron Hoshimovga qizil kartochka ko‘rsatilgani haqida...
- U birinchi o‘rinda o‘zini, keyin esa jamoani qiyin ahvolga solib qo‘ydi. U "Paxtakor" chap qanot himoyachisining provakatsiyasiga uchmasligi kerak edi. U buni ko‘p marta qilgan, bugun buni uddaladi. Afsuski, Davron qo‘pol xato qildi. Professionallarcha yo‘l tutmadi, u asabini jilovlay olishi lozim edi.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring