“Spetsiya”ni quyi ligaga tushib ketishdan qutqarish uchun olib kelingan Leonardo Semplichi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.
Uning shogirdlari avvalgi turda “Inter”dek grand klubni yer tishlatganidan keyin “Sassuolo” maydoniga belgilangan keyingi bahsda ham muxlis-u mutaxassislar liguriyaliklardan ijobiy natija kutgan edi.
Bu gal ham Semplichi shogirdlari oxirigacha kurashdi. O‘yin taqdirini birgina penalti hal qildi.
Mag‘lubiyatdan qutilib qolish uchun Semplichi o‘yinning so‘nggi o‘n daqiqasiga Daniele Verde va Eldor Shomurodovni tushirdi. Ikki qanotni egallagan bu hujumchilar haqiqatan jamoani qutqarishga loyiq o‘yin ko‘rsatdi. Biroq, ularga vaqt yetishmagani yaqqol bilinib qoldi.
Uchrashuvdan keyin Semplichi o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
“Sassuolo” – juda kuchli jamoa
Biz “Sassuolo”dek juda kuchli raqibga qarshi o‘ynadik. Ayrim vaziyatlarda juda yaxshi o‘yin ko‘rsatganimizni aytishim kerak. Umuman olganda, jamoaning o‘yini menga ma’qul keldi. Jamoaga kelganimdan beri shogirdlarim ongiga muhim fazilatlarni singdira oldim, deb o‘ylayman. Endi oldinda nimalarga duch kelishimizni ko‘ramiz. Maqsadga erishish uchun imkoniyatimiz bor.
Penalti – bu xatoni endi to‘g‘rilab bo‘lmaydi
Afsuski, bo‘lar ish bo‘ldi. Endi penaltiga olib kelgan xatoni to‘g‘rilay olmaymiz. Mana shunday kichik xatolar orqali ko‘p narsani o‘rganib olamiz. Men yigitlarga xuddi shunday o‘ynashda davom etishlarini aytdim. Biz bir jamoa bo‘lib harakat qildik.
Maldini kuchli futbolchi
Daniel Maldini texnikasi kuchli hujumchi bo‘lgani uchun uni ilk daqiqalardan maydonga tushirdim. U o‘yin markazida bo‘lishga qodir. Maldini kuchli o‘yinchi.
Nzola keyingi bahsni o‘tkazib yuboradi
Mbala Nzolaning sariq kartochka olgani uchun men uzr so‘rayman. U ogohlantirishlar soni tufayli keyingi bahsni o‘tkazib yuboradi. Bu galgi o‘yinda ham jamoadoshlarini o‘z ortidan ergashtirish, raqib darvozasiga bosim qilishda faol bo‘ldi. Mbala muhim o‘yinchi, asosiysi, uning yoniga ana shunday yana bir necha futbolchi qo‘shish.
Shomurodov qancha turishini bilmayman!
“Inter”ga qarshi bellashuvdan keyin Eldor Shomurodov navbatdagi bahsni zaxira o‘rindig‘ida boshladi. “Sassuolo”ga qarshi to‘qnashuvning oxirgi pallasida Nzola bilan birga jamoani mag‘lubiyatdan qutqarishga harakat qildi. Lekin nishon urilgani yo‘q.
Men Shomurodov qancha turishini bilmayman. Futbolchilarni narxiga qarab o‘ynatmayman. Men ularning harakatlarini va holatlarini hafta davomida kuzataman va o‘yinga tushirishga munofiq kelsa, tarkibga kiritaman.
Eldor “Inter” bilan o‘yinda boshlang‘ich tarkibda edi. Bu gal unday bo‘lmadi. Hozir oldinda yagona markaziy hujumchi bilan yaxshi o‘ynayapmiz. Men Eldordan g‘alaba qozonish uchun yoki bu galgidek jamoani qutqarish maqsadida foydalanaman. Shomurodovni muhim o‘yinchi, deb bilaman va jamoani ikki hujumchi bilan o‘ynay oladigan darajaga olib chiqishga harakat qilaman.
“Spetsiya” maqtovga loyiq
Uchrashuv yakunlanganidan keyin mag‘lubiyatga qaramay, hammani tabrikladim. Bu juda muhim bahs edi va unda muvaffaqiyatga erishishga qodirligimizga ishongandim. Mashg‘ulotlarni o‘tkazayotganimga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Lekin o‘zim kutgan munosabatni shogirdlarimda ko‘ra boshladim. Biz o‘zimizga bo‘lgan ishonchni oshirishimiz kerak.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring