13:20 / 19.03.2023
794

Jizzaxda to‘polon. “So‘g‘diyona” muxlislari nima talab qilayotganini bilasizmi? (Video)

Jizzaxda to‘polon. “So‘g‘diyona” muxlislari nima talab qilayotganini bilasizmi? (Video)

Kuni kecha barchaning e’tibor markazida bo‘lgan Osiyo kubogining finali ham yakuniga etdi. Ravshan Haydarov jamoasi boshqaruvidagi U20 termamiz qit’ada tengsiz ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. O‘sha kuni futbolimizda yana bir voqea sodir bo‘ldi, ammo u chempionlik fonida sezilmay ketdi.

Yorqin Nazarov boshqaruvidagi “So‘g‘diyona” ketma-ket uchinchi o‘yinda g‘alaba qozonishni uddalay olgani yo‘q. Farg‘onaning “Neftchi” klubi Zominda ortiqcha qiyinchiliksiz g‘alaba qozondi. Bahs yakunlangach, “bo‘rilar” ishqibozlari stadion atrofida jam bo‘lgancha, klub rahbarlaridan Ulug‘bek Baqoevni ortga qaytarishini talab qilishdi.









Qonaqarsiz startdan so‘ng, stadion atrofida noroziligini bildirgan ishqibozlarni tushunish mumkin. Ulug‘bek Baqoyevning “So‘g‘diyona”si o‘z o‘yin uslubi bilan istalgan raqibni hisoblashishga majbur etar, jamoa chinakamiga “chaqilmas yong‘oq”qa aylangan edi.
 
Hozir Yorqin Nazarovning 3 o‘yinda 1 ochko ishlaganini Jizzaxliklar hazm qilishi deyarli imkonsiz. O‘tgan mavsumda bu paytga kelib “bo‘rilar” 7 ochko bilan turnir jadvalida birinchi pog‘onani 3 klub bilan bo‘lishib turgan edi.
Xo‘sh, bu vaziyatda Yorqin Nazarovning iste’fosi nimani o‘zgartirishi mumkin? Hech narsani, shu bilan birgalikda barchasini! Baqoyevning ortga qaytishi masalasi kun tartibidan o‘rin egallamagan. Klub rahbariyati Nazarovga ishonch bildirishini bir necha bor ta’kidladi. Murabbiyni esa, oqlab bo‘lmaydi. U yig‘inlardan so‘ng jamoa tepasiga kelgani yo‘q. U 2022-yilgi mavsum so‘ngida murabbiy etib tayinlandi. O‘zi istagan futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazdi, legionerlarni tanladi. Sodda qilib aytsak, bahona izlashning imkoni yo‘q.
 
Murabbiy startni omadsiz o‘tkazdi. Ilk turda “Bunyodkor”dan alamli mag‘lubiyat qabul qilingan bo‘lsa, keyin bir kishi kam bo‘lgan “Olimpik” bilan ba’zo‘r durang natija qayd etildi. 3-turga kelib, “Neftchi” bir bosh baland o‘ynab yengil g‘alaba bilan Farg‘onaga qaytib ketdi. Stadion atrofida jon holatda Baqoyev familiyasini hayqirib aytayotgan ishqibozlarni tushunish mumkin. Ular, o‘zlari o‘rgangan, ro‘parasidagi klub kim bo‘lishidan qat’iy nazar murosaga bormaydigan qaysar “So‘g‘diyona”ga ko‘nikib qolgan. Agar ish shu tempda ketsa, Superligadagi ilk iste’fo Jizzax tomonlarda sodir bo‘lishining ehtimoli yuqori. Yoki, rahbariyat oxirigacha Nazarov tomon bo‘lib turishni uddalay oladimi? Ulug‘bek Baqoyev ortga qaytishi masalani bir qarashda to‘liq yechishi mumkindek, ammo bu ish deyarli imkonsiz darajaga aylanib bo‘lgan. Demak, ko‘nikish yoki yana hammasini qaytadan qurish kerak.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jizzaxda to‘polon. “So‘g‘diyona” muxlislari nima talab qilayotganini bilasizmi? (Video)