2024 yilgi Yevropa chempionatining saralash turnirida Qozog‘iston milliy terma jamoasi sensatsion natija qayd etdi.
“H” guruhining ikkinchi turida qo‘shnilarimiz o‘z maydonida Daniya terma jamoasini qabul qildi. O‘yin mehmonlar uchun omadli boshlandi. Rasmus Xeylunn birinchi bo‘limning o‘zida dubl qayd etib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.
Qozog‘iston terma jamoasi bellashuvning 73-daqiqasigacha ikki to‘p farqi bilan ortda bordi. Aynan mana shu daqiqada raqib himoyachisi o‘z jarima maydonchasi ichida to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi va hakam tomonidan belgilangan penaltini Baxtiyor Zaynutdinov aniq bajardi.
O‘yin yakunlanishiga to‘rt daqiqa qolgan pallada Asxat Tagibergen hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, 89-daqiqada Abat Aymbetov g‘alaba to‘pini kiritdi – 3:2.
Yevropa futbolida katta natijalardan uzoqda yurgan Qozog‘iston milliy terma jamoasining kuchli raqib ustidan irodali tarzda g‘alaba qozongani keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bu bahsda qatnashgan o‘yinchilarning o‘zlari ham ijtimoiy tarmoqlarda o‘z hissiyotlarini izhor qilmoqda.
O‘yin qahramonlaridan biri Baxtiyor Zaynutdinov uchrashuvdan keyin instagramdagi sahifasida “Tarixiy g‘alaba, Alhamdulillah” deb post qoldirdi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov hamkasbining postini bee’tibor qoldirmadi va post ostiga “Top”, degan munosabatni qoldirdi.
Ta’kidlash joizki, Baxtiyor Zaynutdinov Eldor bilan “Rostov”da birga o‘ynagan va ular o‘zaro do‘stona munosabatlarini davom ettirib kelmoqda.
Qozog‘iston terma jamoasining asosiy yulduzi hisoblangan Baxtiyor Zaynutdinov etnik o‘zbeklardan. Intervyularidan birida ota-bobosi Qozog‘istonga Namangan tomonlardan kelib qolganini aytgan.
Ayni paytda Baxtiyor Zaynutdinov SSKA jamoasi sharafini himoya qilmoqda. 24 yoshli yarim himoyachi “Taraz” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Qozog‘iston chempionatida “Astana” jamoasida ham to‘p tepgan.
Baxtiyor 2019 yili Rossiya Premer-ligasining “Rostov” jamoasiga ko‘chib o‘tdi. Aynan mana shu davrda Eldor Shomurodov bilan birga o‘ynadi. 2020 yilning yozida har ikki futbolchi hayotida burilish bo‘ldi.
Zaynutdinov Rossiyaning eng kuchli klublaridan SSKAga yo‘l oldi. Eldor Shomurodov esa, kuchli beshlik chempionatlaridan biri – A Seriyani tanladi. Baxtiyor hamon “armiyachilar” safida to‘p tepayotgan bo‘lsa, Shomurodov Italiyada uchinchi jamoada o‘ynayapti. “Jenoa” va “Roma”dan keyin hamyurtimiz “Spetsiya” sharafini himoya qilmoqda.
Baxtiyor Zaynutdinov Qozog‘iston terma jamoasida 2018 yildan beri jami 28 marotaba maydonga tushib, o‘z hisobiga 11 ta gol yozdirib qo‘ygan.
Eldor Shomurodov 60 ta uchrashuvda 34 ta gol urgan holda Maksim Shatskix bilan birga O‘zbekiston milliy terma jamoasining eng zo‘r to‘purari bo‘lib turibdi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi