07:30 / 31.03.2023
236

Superligamizning 4-turi mutaxassis nigohida

Superligamizning 4-turi mutaxassis nigohida
Superliganing 4-tur uchrashuvlari 31 mart kuni start oladi va 3 aprel sanasiga qadar davom etadi. “Surxon” – “Buxoro” bellashuvi bilan boshlanadigan tur 3 aprelda “Olimpik” – “Andijon” qarama-qarshiligi orqali yakuniga yetadi.
 
O‘zbek futbolining ko‘zga ko‘ringan sobiq futbol yulduzlaridan biri Baxtiyor Hamidullayev ushbu tur oldidan jamoalarning imkoniyatlarini chamaladi va har bir juftlik borasida o‘z fikrlarini aytdi.
 
31 mart
 
“Surxon” – “Buxoro”
- “Surxon”da 4, “Buxoro”da 3 ochko bor. Qiziqarli o‘yin bo‘ladi. Menimcha, g‘olib aniqlanmasa kerak. Ikkala jamoaning kuchlari tengga o‘xshayapti.
 
“Neftchi” – OKMK
- Qattiq o‘yin bo‘ladi. Har doimgidan ko‘ra “Neftchi” yaxshiroq holatda. OKMKga ham ochko zarur. Har yili bu klub ham sovrinli o‘rinlar uchun kurashadi. Menimcha, kichik ustunlik “Neftchi”da bo‘lsa kerak. Sababi, farg‘onaliklar ko‘tarinki ruhda davom etishyapti. 3 ta o‘yinda 3 ta g‘alaba qozondi. Bunday seriyadan keyin o‘z uyidagi imkoniyatni qo‘ldan chiqarishga haqqi yo‘q. Bundan tashqari, stadion muxlislar bilan to‘ladi, deb o‘ylayman. Ishqibozlarning qo‘llab-quvvatlashi tufayli ham ustunlik “Neftchi” tarafida.
 
1 aprel
 
“Navbahor” – “So‘g‘diyona”
- Bu yerda so‘zsiz “Navbahor” yirik hisobda yutsa kerak. “So‘g‘diyona” ishtirokidagi uchrashuvlarni kuzatdik, ko‘rdik. O‘tgan yilgi “So‘g‘diyona”dan hech nima qolmagan. Turnir jadvalini qarasangiz bu klub so‘nggi pog‘onalarda ketyapti. Bosh murabbiyni oxirgi uchrashuvi deyishyapti. Vaziyat shunga qarab kelyapti. Rahbarlar o‘tgan yilgi natijalar bilan solishtiradi-da. Shu bois murabbiyga oxirgi imkoniyatni bergan bo‘lsa kerak. Agar o‘tgan yilgi jamoa bo‘lganida Namanganda jang bo‘ladi, deb aytsak bo‘laverardi. Lekin bu safar jangovar o‘yin kutmasak kerak.
 
“Qizilqum” – “Nasaf”
- “Qizilqum” Asror Aliqulov bilan yangi jamoa. Murabbiyga o‘z falsafasini jamoaga singdirgani baribir vaqt kerak. Shunga qaramay, u yerda o‘yin menimcha teng kurashlar ostida bo‘ladi. “Qizilqum” “Nasaf”dan ochko ololmasa jadvalda pastga tushib qoladi. Hamma muammo xavfli zonaga tushib qolganidan keyin boshlanadi. Shunday bo‘lgan taqdirda o‘yin bo‘yicha ikki barobar qiyinchilik bo‘ladi. Uchrashuv davomida bitta xato qilsangiz, bu ko‘zingizga ikkitadek ko‘rinadi. Pastga tushib qolmaslik uchun “Qizilqum” ochko yo‘qotmaslikka harakat qiladi.
 
2 aprel
 
“Metallurg” – “Paxtakor”
- Bu uchrashuvda nazarimda “Paxtakor” “Metallurg”ni yanchib yuborsa kerak. Nimagaki, bekobodliklarda bosh murabbiy ketdi. Yangisi keladi degan gap bor. U nima qila olardi? Bir-ikki kunda hech nima qila olmasa kerak. “Paxtakor” uyida “Navbahor”ni mag‘lubiyatga uchratganidan so‘ng qaddi ko‘tarilib qoldi. Bu turda ular har qanaqasiga 3 ochkoni qo‘lga kiritadi, menimcha.
 
“Bunyodkor” – “Turon”
- “Bunyodkor”ning o‘yinlarini ko‘ryapman, yaxshi taassurot qoldiryapti. Futbolchilari o‘zlarini ko‘rsatyapti. Bu safar ham tashabbus “Bunyodkor” tomonida bo‘ladi, deb o‘ylayman. “Turon”ga pastki o‘rindan yuqoriga chiqish qiyin bo‘ladi. “Turon”ni oldinda yana qiyin o‘yinlar kutyapti. Ularni og‘ir uchrashuvlaridan biri aynan “Bunyodkor”ga qarshi to‘qnashuvidir.
 
3 aprel
 
“Olimpik” – “Andijon”
- Hamma yaxshi biladi, “Olimpik” oxirgi soniyagacha kurashadigan yosh jamoa. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining o‘zagini tashkil qilyapti. Agar “Andijon” oxirgi o‘yindagi kayfiyat bilan boradigan bo‘lsa, qiynalib qoladi. Futbolchilar o‘zlariga kelib, haqiqiy o‘yinini ko‘rsatadigan bo‘lsa, teng kurashlar ostidagi uchrashuvni ko‘rishimiz mumkin.
 
Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superligamizning 4-turi mutaxassis nigohida