14:28 / 08.04.2023
332

2026 yilgi JCH saralashi qanday tartibda o‘tadi?

2026 yilgi JCH saralashi qanday tartibda o‘tadi?
FIFA tomonidan terma jamoalar reytingi e’lon qilinganidan xabaringiz bor. Unda termamiz Osiyo qit’asining 10-raqamli jamoasi sifatida e’tirof etildi. Xo‘sh, bu vaziyatni 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati saralash o‘yinlariga qanday dahli bor? Bugun navbatdagi mundial sari ilk harakatlarimiz qanday ko‘rinishda bo‘lishini tasavvur qilishga urinib ko‘ramiz.
 
FIFA tomonidan terma jamoalarning yangilangan reytingi shu yilning 20 iyul sanasida e’lon qilinadi. E’tiborlisi, aynan o‘sha reyting JCH saralashining 1-2 bosqichlari uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Keling, batafsil tushuntiramiz.
Saralashning birinchi bosqichi 2023 yilning oyetyabr oylariga mo‘ljallangan. Ikkinchisi esa noyabr oyida bo‘lib o‘tadi. Birinchi raundda FIFA reytingidagi eng yomon ko‘rsatkichga ega OFKning 22 jamoasi o‘zaro to‘qnash keladi. Ular o‘zaro 11 juftlikka ajraladi. Hozir bu ro‘yxatda quyidagi terma jamoalar o‘rin egallagan:
 
"A" savatchasi: Quvayt, Gonkong, Indoneziya, Maldiv, Afg‘oniston, Taypey, Yaman, Singapur, M’yanma, Nepal, Kambodja.
 
"B" savatcha: Makao, Mo‘g‘uliston, Butan, Laos, Bruney, Bangladesh, Pokiston, Sharqiy Timor, Guam, Shri-Lanka, Shimoliy Mariana orollari.
 
Bu birinchi bosqichda to‘p tepadigan jamoalar. Ular bir-biri bilan kuch sinashgan holda, 2-raundga yo‘l oladigan 11 terma jamoa nomini aniqlab beradi. Shu o‘rinda, ayrim muhim faktlarni keltirib o‘tish lozim. Shri-Lanka FIFA tomonidan taqiqqa uchragan. Mamlakatning futbolga aralashgani bois sanksiyalar hali olib tashlangani yo‘q. Agar FIFA o‘z qarorini bekor qilmasa, Shri-Lankani biz birinchi bosqichda ham ko‘rmasligimiz mumkin. Shuningdek, ro‘yxatning eng oxirgi pog‘onasidagi Shimoliy Mariana orollari to‘laqonli FIFA a’zosi emas. Bu jamoa mazkur saralash bosqichida o‘z-o‘zidan Osiyo chempionati uchun o‘tkazilayotgan saralashning bir bo‘lagi bo‘lgani uchun ham ishtirok etmoqda.
 
Endi biz uchun qiziq bo‘lgan qismi boshlanmoqda. Yuqoridagi jamoalar orasida 11 terma saralab olingach, 2026 yilgi mundial saralashining ikkinchi bosqichi start oladi. Unda savatchalar quyidagicha joylashuvga ega bo‘ladi:
 
 1-Savatcha: Yaponiya, Eron, Janubiy Koreya, Avstraliya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Iroq, BAA, Ummon.
 
 2-Savatcha: O‘zbekiston, Xitoy, Iordaniya, Bahrayn, Suriya, Falastin, Vetnam, Qirg‘iziston, Livan.
 
 3-Savatcha: Hindiston, Tojikiston, Tailand, Shimoliy Koreya, Filippin, Turkmaniston, Malayziya…
 
3-savatchani to‘ldiradigan 2 jamoa va 4-savatchadagi 9 ta terma nomi birinchi bosqichdagi o‘yinlar natijalaridan so‘ng ma’lum bo‘ladi. Ya’ni, 2-bosqichda umumiy hisobda 36 jamoa ishtirok etadi.
 
Ayni damda, O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionati saralashining 2-bosqichida ikkinchi savatchadan o‘rin egallamoqda. Shunga qaramay, bizda keyingi FIFA reytingi e’lon qilinguniga qadar vaziyatni o‘nglash uchun imkoniyat bor. Buning uchun yurtimiz mezbonlik qilishi kutilayotgan Markaziy Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etishimiz shart.
Markaziy Osiyo chempionatida kamida 3 bor maydonga tushamiz. Ularning birinchisi FIFA kunlariga to‘g‘ri kelmagani bois odatiy ballarning yarmi beriladi. Agar musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, 4-o‘yinga qadar yetib borsak (final yoki uchinchi o‘rin uchun bahs) u ham o‘z qiymatining yarmi bilan baholanadi.
 
Sababi, FIFA iyun oyidagi o‘z kunlarida faqat ikkitadan o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazish uchun ruhsat bergan. Agar biz bu minimum vazifani maksimal darajada uddalasak, FIFA reytingida balandlab, Osiyo reytingida bizdan oldinda turgan Ummon yoki BAAni quvib o‘tishimiz mumkin. Ulardan biridan o‘tib ketsak ham, yakunda 2026 yilgi mundialning 2-bosqichini birinchi savatchada boshlashimiz mumkin. Bu o‘z-o‘zidan qit’amizning grandlari bilan keyingi bosqichga qadar uchrashmay turishimizni ta’minlaydi.
 
Shunga qaramay, Rossiya terma jamoasining JCH sarlashida OFKda ishtirok etishi ehtimoli bor. Agar bu ish sodir bo‘lsa, biz o‘zimizdan yuqoridagi bir emas, ikki jamoani quvib o‘tishimizga to‘g‘ri keladi. Aks holda, JCHning ikkinchi bosqichi uchun qur’a tashlash marosimida ikkinchi savatchada qolib ketishimiz mumkin.
 
Xo‘sh, ikkinchi raund qay tariqa o‘tkaziladi? 36 jamoa 9 guruhga 4 tadan bo‘lingan holda kurashga kiradi. Bizni xursand qilgan tomoni - agar ikkinchi savatchadan birinchisiga o‘ta olmasak ham, 2-bosqichdagi saralash o‘yinlarida guruhdagi 1-2-o‘rinni egallagan terma jamoalar 3-bosqich masalasini avtomatik ravishda hal etilishi. Ya’ni, biz birinchi savatchadagi grand bilan bir guruhda to‘qnash kelsak ham o‘zimizdan keyingi savatchadagi nisbatan kuchsizroq ikki jamoadan ko‘proq ochko jamg‘argan holda, mundial ishtirokchilarini aniqlab beruvchi navbatdagi bosqichga yo‘l olish huquqini qo‘lga kiritamiz.
 
Hozircha, shunday gaplar. Imkon qadar soddaroq qilib tushuntirishga harakat qildik. 2-bosqichda O‘zbekiston terma jamoasiga JCH saralashi yo‘lida kimlar raqiblik qilishini istagan bo‘lar edingiz? O‘zingiz ko‘rishni istagan guruhni tuzib bering. Kommentlarni kutamiz!
 
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev tayyorladi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » 2026 yilgi JCH saralashi qanday tartibda o‘tadi?