05:13 / 16.04.2023
299

Maksim Shatskix "So‘g‘diyona" ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin nimalar dedi?

Maksim Shatskix "So‘g‘diyona" ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin nimalar dedi?
Coca Cola Superligasi 6-turi doirasida "So‘g‘diyona" ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin "Paxtakor" bosh murabbiyi Maksim Shatskix o‘z fikrlarini bildirdi.
 
- Ilk navbatda yigitlarni g‘alaba bilan tabriklayman, ular deyarli 95 daqiqa mobaynida raqibidan bir kishi kam bo‘lib o‘ynadi. Bunday holat istalgan jamoa uchun katta yuklama beradi. Ularga rahmat aytaman. Futbolchilar o‘zlarini nazorat qila olishdi va sifatli futbol ko‘rsatishdi. Yanada ko‘proq gol urishlari ham mumkin edi. Shunday holatda uch ochkoni qo‘lga kiritdik. Asta-sekinlik bilan harakat qilib, navbatdagi o‘yinga tayyorlanamiz.
 
- Futbolchilaringizning individual xatolariga qanday baho berasiz. Chunki jamoangiz ketma-ket ikkinchi o‘yindirki so‘nggi daqiqada gol o‘tkazib yubormoqda. Bu esa AGMK yoki boshqa kuchli jamoalarga qarshi o‘yinlarda zararga ishlashi mumkin.
 
- Bu borada har kun ishlaymiz. Barchasi mashg‘ulot jarayoniga kiritilgan. Balki yigitlar so‘nggi daqiqalarda e’tiborni yo‘qotayotgandir. Buning sababi bor. Jamoa 95 daqiqa mobaynida raqibdan bir kishi kam bo‘lib o‘ynadi. Qayerdadir charchashdi, anchagina kuch yo‘qotishdi. Ular ham robot emas, biz kabi odamlar. Qayerdadir esa konsentratsiya yetishmadi, futbolchilar darvoza daxlsizligini saqlab qolish uchun oxirigacha kurashmadi. Shunda ham ular katta mehnat qilishdi. Bunday holatda ham uch ochko kerak edi. Ishlaymiz, davom etamiz. Doimo nolga o‘ynashni istaymiz. Tarkibdagi shunday saviyali himoyachilar bilan doimo gol o‘tkazib yubormaslik uchun harakat qilish kerak. Buni har kuni gapiramiz. Hozir chempionat o‘yinlari bo‘lmoqda. Sentyabrda boshqa turnir o‘yinlari boshlanadi. Ushbu o‘yinlar orqali xalqaro turnirga tayyorlanyapmiz.
 
- Qizil kartochka ko‘rsatilgandan keyin jamoaning rejasi o‘zgardimi?
 
- Albatta, bu ta’sir o‘tkazdi. Anglashilmovchilik bilan 3-4-daqiqaning o‘zidayoq bir kishi kam bo‘lib qoldik. Bir kishi kam bo‘lib o‘ynash istalgan jamoani qiynab qo‘yadi. Hatto raqib Sizdan ham jismonan, ham saviya borasida bir bosh pastda bo‘lsa ham qiyin bo‘ladi. Chunki bir kishining o‘rnini yopish anchagina qiyin. Yigitlar o‘zini nazorat qila oldi va o‘yindan oldin qilingan rejaga yana tushib olishdi. Raqibga vaziyat yaratish uchun deyarli imkon berishmadi. So‘nggi soniyadagi golgacha ularda deyarli vaziyat bo‘lgani yo‘q. Faqatgina standartlardan keyin ular hujumlarga ega bo‘lishdi. Yigitlardan minnatdorman, ular talab qilingan ishlarni bajara olishdi.
 
- Doston Tursunov jamoaning asosiy himoyachisi hisoblanadi. Qizil kartochkadan keyin futbolchi bilan suhbat olib boriladimi?
 
- U o‘z xatosini tushunib turibdi, yosh bola emas. O‘tgan mavsumga e’tibor qaratsangiz, biz ko‘p bora raqibdan bir kishi kam bo‘lib o‘ynaganmiz va shunday holatda tengma-tenglikdan ko‘ra yanada yaxshiroq harakat qilganmiz. Bizda kollektiv, oila bor. Futbolchilar o‘z jamoadoshi uchun yugurdi, harakat qildi va kerakli natijani qo‘lga kiritdi. Adolatli uch ochko. To‘g‘risi, o‘sha vaziyat takrorini ko‘rganim yo‘q. Ko‘rganlar o‘sha yerda qandaydir zarba bo‘lganini aytishdi. O‘zim ko‘rmaganim uchun nimadir deya olmayman. Suhbatdan esa ma’no yo‘q, uning o‘zi barchasini tushunib turibdi va afsuslandi.
 
- Jamoangizda darvozabonlar muammosi bor deb hisoblaysizmi?
 
- Yo‘q, unday hisoblamayman. Bizda tajribali darvozabonlar bor. Yosh darvozabonimizni ham hisobdan chiqarmaganmiz. Yaqin vaqtlar ichida u yana uchib ketadi. Uni birinchi davra mobaynida boshqa ko‘rmasak ham kerak. Shunday bo‘lsa ham, darvozabonlar muammosi bizda yo‘q.
 
- Aslida men darvozabonlarning tez-tez natijaga ta’sir ko‘rsatadigan xatolar qilib turishini nazarda tutgandim.
 
- Hali darvozabonni koyiydigan darajadagi xatoni ko‘rmadim. Bilasizmi, barcha himoyalanadi, barcha hujum qiladi. Bu yerda darvozabonni nimadadir ayblash juda qiyin. Masalan, hali barcha himoyachilarimiz va darvozabon xato qilgan o‘yinni o‘tkazganimiz yo‘q. Bunda har bir epizodni tahlil qilib chiqish kerak bo‘ladi. Xato qayerdan ketdi, vaziyatni qutqarib qolishning ilojisi bormidi yoki yo‘q. Istalgan holatda boshqacha o‘ynash mumkin. Bu borada ishlayapmiz va hatto darvozabonlar bilan ham. Hozircha darvozabonlarimiz bilan muammolar yo‘q.
 
- Jamoangizning hujumi biroz kuchsizlangandek. Chunki barchasi Abbos Fayzullayev hamda Dragan Cheranga bog‘lanib qolgan. Chunki so‘nggi o‘yinlar davomida faqatgina ular gol urmoqda.
 
- Fikringizga qo‘shilmayman. Chunki kim gol urishining ahamiyati yo‘q. To‘pni darvoza yonigacha olib borish va darvozaga kiritish uchun butun bir jamoa ishlaydi. To‘p olib kelindi, ammo kim gol urishi qiziq emas. Shuningdek, jamoada barchasi kimgadir bog‘lanib qolgan joy yo‘q. Yoshlar termasidagi futbolchilar orqali rotatsiya qilish mumkin bo‘lar. Lekin unday bo‘lmaydi. Buni to‘g‘ri tushunib turibmiz. Bizda yetarlicha futbolchilar bor va zaxirada o‘yinni kuchaytiradigan futbolchilar o‘tiribdi. Bu ham jamoaning asosiy figurasi bo‘ladi. Cheran jamoaning uzoq yillik sardori, uning maydondagi harakatlarini boshqa futbolchi takrorlashi juda qiyin. Birinchi navbatda u o‘z ishini qilishi kerak: gol ur, pas ber, aldab o‘t, raqibni yop va to‘pni olib qo‘y. Ushbu gaplar Abbos borasidagi savolga ham tegishli.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Maksim Shatskix "So‘g‘diyona" ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin nimalar dedi?