21:30 / 30.04.2023
115

Din Lijen rossiyalik raqibini mag‘lub etib, shaxmat bo‘yicha Jahon chempioniga aylandi

Din Lijen rossiyalik raqibini mag‘lub etib, shaxmat bo‘yicha Jahon chempioniga aylandi
Din Lijen Qozog‘istonning Ostona shahri mezbonlik qilgan shaxmat toji uchun kechgan o‘yinlarda Yan Nepomnyashiyni yengib, jahon chempioniga aylandi.
 
Xitoylik va rossiyalik grossmeyster o‘rtasidagi 14 partiyadan iborat qarama-qarshilikda 7:7 hisobi qayd etildi. Tay-breykda Lijen 2,5:1,5 hisobida g‘alaba qozondi.
 
Shaxmat bo‘yicha jahon chempioni maqomi 1886 yildan beri taqdim etiladi. Lijen ushbu maqomga ega chiqqan tarixdagi 17-shaxmatchi va ilk xitoylik bo‘ldi.
 
Bunga qadar chempionlikni qo‘lga kiritgan shaxmatchilar: Aleksandr Alyoxin, Mixail Botvinnik, Vasiliy Smislov, Mixail Tal, Tigran Petrosyan, Boris Spasskiy, Anatoliy Karpov, Garri Kasparov, Vladimir Kramnik (barchasi SSSR, Rossiya), Vilgelm Steynis (Avstriya), Emanuil Lasker (Germaniya), Xose Raul Kapablanka (Kosta-Rika), Maks Eyve (Niderlandiya), Robert Fisher (AQSH), Vishvanatan Anand (Hindiston), Magnus Karlsen (Norvegiya).
 
Qayd etish kerak, 1993—2006 yillar mobaynida jahon chempioni maqomi ikkita versiya bo‘yicha aniqlangan: FIDE va PCA. 2004 yilda o‘zbekistonlik shaxmatchi Rustam Qosimjonov FIDE talqini bo‘yicha shaxmat tojiga ega chiqqandi.
 
Aslida shaxmat toji uchun bellashuvlar amaldagi chempion va da’vogarlar musobaqasi g‘olibi o‘rtasida kechadi. Biroq 2013—2023 yillar mobaynida jahon chempioni maqomini saqlab turgan Magnus Karlsen navbatdagi himoya o‘yinida qatnashmasligini ma’lum qilgandi. Shu bois da’vogarlar musobaqasida 1 va 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan Nepomnyashiy va Lijen shaxmat toji uchun kurash olib bordi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Din Lijen rossiyalik raqibini mag‘lub etib, shaxmat bo‘yicha Jahon chempioniga aylandi