13:42 / 09.05.2023
334

Bahodir Jalolov Kunkabayevga qarshi jang oldidan nimalar dedi?

Bahodir Jalolov Kunkabayevga qarshi jang oldidan nimalar dedi?
Toshkent shahrida dunyoning yuzdan ziyod mamlakatidan eng sara boks ustalari jamlangan jahon chempionati qizg‘in davom etmoqda. Musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rgan kuchli bokschilar 13 vazn toifasida medallar uchun kurashni davom ettirmoqda.
 
Toshkent ringlarida kutilmagan g‘alabalar, alamli mag‘lubiyatlar ko‘p qayd etilayotgani ham musobaqaga bo‘lgan qiziqishni oshirmoqda.
 
Jahon chempionatini sinchkovlik bilan kuzatib borayotgan o‘zbekistonlik ishqibozlarni Bahodir Jalolovning natijalari alohida qiziqtirayotgani sir emas. Jahonda havaskor va professional yo‘nalishlarda yuksak natijalarni qayd etib kelayotgan Bahodir haqli ravishda yurtimizning eng mashhur sportchisi sifatida e’tirof etilgan.
 
Butun dunyodagi boks ishqibozlari Toshkentdagi jahon chempionatida eng og‘ir vazn toifasida Bahodir Jalolov va uning ashaddiy raqibi Qamshibek Kunkabayev o‘rtasidagi “el-klasiko”ni kutib turibdi.
 
Ko‘plab mutaxassislar, murabbiylar, bokschilar va hatto muxlislar ham bu ikki charm qo‘lqop ustasining bo‘lajak jangdagi imkoniyatlarini tahlil qilib, kim g‘olib chiqishini taxmin qilayotgani bor gap.
 
Aslida ko‘pchilik Bahodir va Qamshibek jahon chempionati finalida to‘qnash kelishini kutgandi. Lekin qur’a ularni chorak finalda bir biriga ro‘baro‘ qildi. Hamma kutayotgan jang 10 may kuni bo‘ladi.
 
Bahodir Jalolov bu jangning ahamiyatini yaxshi anglagan holda unga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mashhur bokschimiz Rossiyaning matchtv.ru  saytiga bergan intervyusida maqsadi jahon chempionati oltin medali ekani, arenaga to‘planayotgan muxlislarning ko‘pligi unga hech qanday bosim o‘tkazmasligini ochiq aytdi.
 
- Men anshlag bo‘lgan arenalarda boks tushishga ko‘nikib qolganman. Toshkentda o‘tkazilgan jahon boks seriyalarida ham atmosfera xuddi shunday edi. Hamma mendan oltin medal kutayotganini tushunib turibman.
 
Lekin bu talab menga hech qanday bosim o‘tkazmaydi. Shu oltin medalni olganmiz. Barcha muxlislarga qo‘llab-quvvatlab turishgani uchun katta rahmat, - dedi Bahodir Jalolov.
 
Bahodir Jalolov va Qamshibek Kunkabayev o‘rtasidagi raqobat 2015 yildan beri davom etib kelmoqda. O‘zaro to‘qnashuvlardagi seriya qozog‘istonlik charm qo‘lqop ustasi g‘alabalari bilan boshlangan. Bahodir Qamshibekka ilk bor 2015 yili Bolgariyadagi turnirda yutqazgan. Ikki yildan keyin Kunkabayev o‘z yurtida ketma-ket ikkinchi g‘alabasini nishonladi.
 
Toshkentdagi uchinchi to‘qnashuv 2017 yilga to‘g‘ri keldi va unda ilk bor Bahodirning qo‘li baland keldi. Oradan bir necha oy o‘tib, Kunkabayev Germaniyadagi musobaqada yana zafar quchdi va umumiy hisobni 3:1 ko‘rinishiga olib keldi.
 
Shundan keyingi to‘rtta jangda g‘oliblik faqat Bahodir Jalolovga nasib qildi. O‘ta og‘ir vaznli bokschimiz 2019 yili dastlab Tailandda, keyin Rossiyadagi jahon chempionatida raqibidan ustun keldi. 2021 yili Dubaydagi turnirda ham hamyurtimizning qo‘li baland keldi.
 
Bahodir Jalolov va Qamshibek Kunkabayev o‘rtasidagi sakkizinchi jang 2023 yilning 23 fevral kuni Bolgariyadagi “Stranja” turnirida o‘tkazilishi kutilgandi. Lekin qozog‘istonlik bokschi ringga chiqishdan bosh tortdi.
 
Shu tariqa, ikki gigant bokschi o‘rtasidagi janglar hisobi 5:3 ko‘rinishida Bahodirning foydasiga hal bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bahodir Jalolov Kunkabayevga qarshi jang oldidan nimalar dedi?