23:05 / 10.05.2023
478

Otabek Boymurodov: "Muhabbatdan nafratgacha bir qadam!"

Otabek Boymurodov: "Muhabbatdan nafratgacha bir qadam!"
U20 terma jamoamiz darvozasini qit’a birinchiligida munosib himoya qilgan posbon Otabek Boymurodov O‘FA media bo‘limi uchun intervyu berganidan xabaringiz bor. Iqtidorli darvozabon ishqibozlarni qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob berdi. Zamin.uz ushbu suhbatning e’tiborga molik jihatlarini matn ko‘rinishida Sizning e’tiboringizga taqdim etadi.
 
- Keling, Jahon chempionatini ochib beruvchi Argentina – O‘zbekiston bahsiga to‘xtalamiz. Avval ham bu jamoa bilan to‘qnash kelgansizlar. Bu o‘yin borasida qanday fikrdasiz?
"Birinchi navbatda kuchli bosimga duch kelishimiz aniq, ammo bunga tayyormiz. Hatto, Argentinaga qarshi maydonga tushishimizdan xursand ham bo‘ldim. Ochilish o‘yinida liq to‘la stadion atmosferasini yaxshi ko‘raman. Bilmadim, kimga qanday, ammo men uchun bu eng yoqimli lahzalardir".
 
- Futbolga necha yoshda kirib kelgansiz? Biografiyangiz haqida so‘zlab bersangiz?
"8 yoshdan boshlab futbol bilan shug‘ullanaman. Barchasi Chilonzor mahalliy jamoasidagi o‘yinlarimdan boshlandi. Keyin “Lokomotiv”ga o‘tdim. U yerda bir yil davomida darvozani qo‘riqladim. So‘ngra, “Paxtakor”dan taklif oldim. To‘g‘risi, kareram davomidagi birorta qarorimdan afsuslanmayman. Agar “Paxtakor”ga o‘tmaganimda, balki futbolni yig‘ishtirib yuborgan bo‘larmidim…"
 
- Chilonzordagi futbol jamoasiga borgan ilk kuningizdan boshlab darvozabon bo‘lishni istaganmisiz?
"Albatta. Ilk kundanoq!"
 
- Oilangiz futbolga qanday munosabatda?
"Onam meni birinchi kundan qo‘llab-quvvatlagan, ular mening tayanchim, chinakam motivatsiyam! Onam men uchun yer yuzidagi eng yaxshi inson. Oilam u qadar katta emas. Buvim va buvam ham meni qo‘llab-quvvatlashgan".
 
- Hozir “Paxtakor”ning o‘rinbosarlar jamoasida harakat qilyapsiz. Qanday qilib U20 terma jamoasiga chaqiruv oldingiz?
"Hamma qanday olgan bo‘lsa, men ham shunday. 60 nafar futbolchi yig‘inga chaqiriladi. Ular orasidan eng yaxshi 23 tasi tanlab, olib qolinadi. Osiyo chempionatida ishtirok etishimni bilgach, yoqimli hislarni tuydim. Men shunchaki o‘z ishimni qilyapman".
 
- Qit’a birinchiligi uchun hozirlik qay darajada o‘tgandi? 2-3 yil avval boshlangan harakat qanday davom etdi?
"Tayyorgarlik 2 yil avval boshlangan edi. Misrda bo‘lgan “Arab Cup” turnirida debyut qilganman. Biz tarkibimiz nimalarga qodir ekanligini bilardik. Shunchaki, kuchli jamoa bo‘lib shakllanishimiz lozim edi. Yurtimizda bo‘ladigan chempionatda xalqimizni yuzini yorug‘ qilish uchun bor kuchimiz bilan harakat qildik. 2 yil davomida Vatan, oila sha’nini himoya qilishimiz kerakligi hayolimizdan ko‘tarilmadi. Barchasi sekin-asta sodir bo‘ldi. Oldimizga qo‘yilgan vazifa chempionlik edi".
- Futbolchilarning ruhiy holati haqida gapirsangiz. 2 yil davomida chempion bo‘lish kerakligini his qilib shug‘ullanish qanday bo‘ldi?
"Aynan shu masalada bizga yordam berishi kerak bo‘lgan psixologlar bor. Shuningdek, oilamiz ham qo‘llab-quvvatlab turadi. Agar bu haqida ko‘p o‘ylamasangiz, o‘z ishingizni davom ettirsangiz, o‘z kuchingizga bo‘lgan ishonch ortib boradi".
 
- Keling, endi Janubiy Koreya bilan o‘yinga to‘xtalamiz. Bahsdan avval murabbiylar penaltilar seriyasiga alohida vazifa qo‘yganmidi?
"Avstraliyaga qarshi bellashuvda "futbol lotereyasi"ga tayyorgarlik ko‘rgan edik. Janubiy Koreya bilan shunchaki improvizatsiya qildim. Aniqrog‘i, ko‘proq o‘yinning o‘ziga tayyorgarlik ko‘rdik. Ular safida ikkita ikki xil sof hujumchi harakat qilardi. Ulardan aynan qay biri maydonga tushishidan kelib chiqib, o‘yin rejamizni tuzishni kelishib oldik. Penaltilar seriyasiga keladigan bo‘lsak, men unga qadar deyarli hech narsa qilganim yo‘q".
 
- Hozir Osiyo chempionisiz! Siz va jamoadoshlaringizni butun O‘zbekiston biladi. Ko‘chalarda tanib qolishayotgani aniq. Bunga munosabatingiz qanday?
"Muhabbatdan nafratgacha bir qadam! Shu sababli, o‘z darajamizni ushlab turishimiz, o‘sishimiz kerak. Bu shunchaki yo‘lning yarmi, xolos. Vazifamiz - nafaqat kichik mundial, balki milliy terma jamoa bilan Jahon chempionatiga yo‘l olish. Argentinaga shunchaki 3 ta o‘yinda ishtirok etish uchun bormayapmiz. Munosib jang qilish uchun yo‘lga otlanamiz. Bu uchun o‘z ustimizda to‘xtovsiz ishlashimiz kerak. Aks holda, boshqa jamoalardan farqimiz qolmaydi".
- Keyingi maqsadingiz qanday?
"Men o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yadigan insonman. Shunchaki, Osiyo chempionatida g‘alaba qozonib, chetga chiqib ketmoqchi emasman, xarakterim shunday. Nafaqat men, balki butun jamoamiz shunday yigitlardan iborat. Hozir psixologlar bilan ishlayapmiz. Murabbiylarimiz bilan doimiy aloqadamiz. Bizni motivatsiyamiz - oilamiz! Yaxshi hayot uchun tinmay mehnat qilish kerak".
 
- Penaltilar seriyasidagi qiziq bir holat. Siz raqib zarbasini bartaraf etgach, muxlislarga qarab jilmaydingiz. Bu surat internetda virus singari tarqaldi. Buni ham o‘yindan avval o‘ylab qo‘yganmidingiz?
"To‘g‘risi, yo‘q. Lekin shu haqida o‘ylaganman, barcha darvozabon singari. Men o‘z jamoamni keyingi bosqichga olib chiqishni juda istagan edim. Shunchaki, muxlislar tomonga yugurib ketishim ham mumkin edi, ammo o‘sha payt mana shu emotsiyani ko‘rsatishni ma’qul ko‘rdim".
 
- Jahon chempionatiga tayyorgarlik qanday ketmoqda? Murabbiylarimizda-chi?
"Ustozlarimiz qattiq mehnat qilmoqda. Oldimizga ulkan maqsadlar qo‘yilgan. Boya aytganimdek, oilamiz, millatimiz sha’nini himoya qilamiz. Biz ularni xafa qildirib qo‘ymasligimiz kerak, bunga haqqimiz yo‘q. Osiyo chempionatida bir narsa e’tiborimni tortdi. Butun musobaqa davomida nafaqat biz, balki tashkilotchilar, federatsiya, xizmat ko‘rsatgan xodimlar bor kuchi bilan bir maqsad sari intildi. Ularni ham uyaltirib qo‘ymaslik uchun mundialda bor kuchimizni ko‘rsatamiz".
 
- Jahon chempionatida terma jamoamiz qaysi bosqichga qadar yetib boradi deb o‘ylaysiz?
"Oldindan biror narsa deyish qiyin, biroq imkoniyatlarimizdan maksimum naf chiqarishga intilamiz. Hech kimdan qo‘rqmaymiz. O‘z mamlakatimiz, o‘z xalqimiz uchun to‘p tepamiz".

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Otabek Boymurodov: "Muhabbatdan nafratgacha bir qadam!"