O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri ilk marotaba mezbonlik qilayotgan boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida oltin medal uchun jang qiladigan charm qo‘lqop ustalari saralanib bo‘ldi.
Boks olamining eng nufuzli musobaqasida dunyoning 107 mamlakatidan 538 nafar bokschi g‘oliblik uchun kurashga kirishgandi. Endi final ostonasida 13 vazn toifasida eng kuchli ikkitadan boks ustasi – jami 26 nafar ishtirokchi chempionlik uchun ringga chiqadi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan to‘qqiz kishi yarim finallarda qatnashganidan xabaringiz bor. Ulardan Lazizbek Mullajonov va A’loxon Abdullaev ishtirokini yarim finalda to‘xtadi va o‘z faoliyatida ilk bor jahon chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Etti nafar bokschimiz esa, endi finalda jahon chempioni nomi uchun ringga chiqadigan bo‘ldi. Sports.uz portali finalda bokschilarimiz qaysi raqiblarga qarshi jang olib borishi haqida ma’lumot beradi.
Musobaqa kundaligiga ko‘ra, jahon chempionatining finallari ikki kun davomida o‘tkaziladi. 13 may kuni quyidagi bokschilarimiz chempionlik uchun ringga chiqadi.
Og‘irligi 67 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida yuqori texnikasi bilan ajralib turgan Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jaev qozog‘istonlik Dulat Bekbauov bilan kuch sinashadi.
Olimpiya o‘yinlari chempioni Hasanboy Do‘smatov 51 kilogrammgacha vazn toifasida frantsiyalik Bilol Bennamaga qarshi jang o‘tkazadi.
Olimpiya o‘yinlari va jahon chempioni Bahodir Jalolov o‘ta og‘ir vazn toifasidagi so‘nggi jangda Kuba terma jamoasi a’zosi Arzola Lopes bilan to‘qnash keladi.
Birinchi kunga finallar 13 may kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da boshlanadi.
Finallarning ikkinchi qismida to‘rt nafar bokschimiz bahslarga kirishadi.
54 kilogramm vazn toifasida final bahsiga qiyinchlik bilan bo‘lsada etib kelgan Oybek Jo‘raev qozog‘istonlik tajribali bokschi Mahmud Sobirxon sinovidan o‘tadi.
Og‘irligi 57 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari finalida Abdumalik Halakov jiddiy raqib – kubalik Orta Rodriges Del-Rey bilan bellashadi.
Jahon chempionati kashfiyotlaridan bo‘lgan Ruslan Abdullaev 63,5 kilogramm vazn toifasida mo‘g‘ulistonlik Baatarsux Chinzorig bilan to‘qnash keladi.
71 kilogrammli bokschilar o‘rtasidagi final jangida Saidjamshid Ja’farov Qozog‘iston terma jamoasi etakchisi Aslanbek Shimbergenov bilan oltin medal masalasini hal qilishiga to‘g‘ri keladi.
Ikkinchi kungi final uchrashuvlari 14 may kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da boshlanadi.
Final uchrashuvlarida o‘zbek bokschilariga muvaffaqiyat yor bo‘lishini tilab qolamiz!
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring