
Qozog‘istonning Kentau shahrida aralash jang san’atlari bo‘yicha tashkil etilgan Alash Pride 85 turniridagi voqea ushbu sport turi muxlislari orasida hamon keng muhokama qilinmoqda.
Sports.kz sayti bergan xabarga qaraganda, qozog‘istonlik Nurbakit Aytjanov 77 kilogramm vazn toifasida o‘zbekistonlik Zokir Malik bilan to‘qnash keldi. Hamyurtimiz zarba bilan raqibning qoshini yorib qo‘ydi.
Jang davomida sportchilar parter holatida kurashdi. Biroq, Nurbakit musobaqa qoidasini qo‘pol tarzda buzib, parter holatida raqibining boshiga tizzasi bilan zarba berdi. Ta’qiqlangan usulni qo‘llagani uchun uchrashuv hakami mezbon jangchini diskvalifikatsiya qildi.
Shunga qaramay, Nurbakit jang to‘xtatilganidan keyin hali o‘rnidan turmagan Zokir Malikning yuziga kutilmaganda yana musht tushirdi. Buni mag‘lubiyat alamiga chidolmaslik, deb izohlash mumkin. G‘alaba Zokir Malikka berildi.
Nurbakit Aytjanovning bu qilig‘i aralash jang san’atlari muxlislariga yoqmadi. Qozog‘istonlik fanatlar ijtimoiy tarmoqlarda bu voqeani muhokama qilmoqda va Nurbakit Aytjanovga e’tirozlarini quyidagi shaklda bildirmoqda.
“Nurbakit sportchi emas!”.
“Intizom yo‘q”.
“Adolatli diskvalifikatsiya, hammasi to‘g‘ri bo‘ldi”.
“Pastkashlik, u professional jangchi emas, mazharaboz ekan”.
“Sharmanda, madaniyat umuman yo‘q”.
“Parterda tizzasi bilan boshga tepib, jang to‘xtatilganidan keyin musht ham tushirdi”.
Alash Pride turnirining ijtimoiy tarmoqlarida muxlislar Nurbakit Aytjanovning xatti-harakatlarini keskin qoralamoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, mag‘lubiyatni qabul qilish ham mardlik.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar