19:03 / 15.06.2023
206

O‘zbekiston Turkmaniston ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi — taktika va tarkibdagi o‘zgarishlar haqida

O‘zbekiston Turkmaniston ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi — taktika va tarkibdagi o‘zgarishlar haqida
O‘zbekiston terma jamoasi kecha "CAFA Nations Cup" musobaqasining 2-tur bahsida Turkmaniston terma jamoasi bilan to‘qnash keldi va yakunda 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.
 
Shomurodov tarixiy natija qayd etgan uchrashuvda Turkmaniston terma jamoasi futbolchilarimizni ancha qiynab qo‘ydi.
 
Tarkibdagi o‘zgarishlar
 
Turkmaniston terma jamoasiga qarshi uchrashuvda murabbiylar shtabi tarkibni ancha o‘zgartirishdi va yangi futbolchilarga imkon berishdi. O‘mon terma jamoasiga qarshi asosiy tarkibda o‘ynagan bor-yo‘g‘i 4 nafar futbolchimiz Eshmurodov, Nasrullayev, Masharipov va Shukurov Turkmaniston terma jamoasiga qarshi ham asosiy tarkibdan joy olishdi. Qolgan pozitsiyalarda esa o‘zgarishlarga qo‘l urildi. Ne’matov, Husanov, Saitov, Mozgovoy, Sobirxo‘jayev, Turg‘unboyev va Shomurodov kechagi uchrashuvni asosiy tarkibda boshlashdi.
 
Sog‘lig‘idagi muammolar sabab Sloveniyaga jo‘nab ketgan terma jamoamiz bosh murabbiyi o‘z va’dasida turdi va "eskperiment"larni ikkinchi turdan boshlab yubordi. Yangi tarkibni maydonda ko‘rish juda qiziq edi va tarkib yangilangani bois birinchi taymda bir oz o‘yinimiz chiqmadi. Birinchi taymni juda yomon o‘tkazdik va shu sababdan ikkinchi taymda bosh murabbiy yordamchisi Vlado Radmanovich asosiy tarkib futbolchilarini maydonga tashlashga majbur bo‘ldi.
 
Taktika va uslub
 
Turkmaniston terma jamoasiga qarshi kechgan uchrashuvda terma jamoamiz 4-2-3-1 sxemasini tanladi. Birinchi o‘yinda 3 ta markaziy himoyachi bilan harakat qilgan terma jamoamiz kechagi uchrashuvda 4 ta himoyachi bilan o‘ynashni afzal ko‘rdi. Qanot himoyachilarimiz hujumga o‘tishda ancha "aktiv" bo‘lishdi va qanotdan uyushtirilgan barcha hujumlarda ishtirok etishdi. Odil Xamrobekov o‘rniga asosiy tarkibdan joy olgan Akmal Mozgovoy o‘tgan uchrashuvdagi Odilning "funksiyasi"ni to‘liq bajarib berdi.
 
Ikkinchi taymda esa Xamrobekov uning o‘rniga yana maydonga qaytdi. Shukurov va Mozgovoy (Hamrobekov) "tandemi" yana maydon o‘rtasida to‘pni olib qo‘yish bilan band bo‘ldi, hujumga o‘tayotgan chog‘imizda esa ular to‘pni nazorat qilishga yordamlashishdi. Sardor Sobirxo‘jayev esa kechagi uchrashuvda Jamshid Iskanderov pozitsiyasida harakatlandi va ikkinchi taym avvalida zaxiraga olindi, bunga sabab terma jamoamizning birinchi taymdagi omadsiz o‘yini bo‘ldi, shekilli. Azizbek Turg‘unboyev esa Oston O‘runov o‘rnini egallab, o‘ng qanot vingeri sifatida harakat qildi.
 
Terma jamoamiz ixtiyoriga kelib qo‘shilgan Shomurodov o‘zining pozitsiyasidan joy oldi va o‘tgan uchrashuvda ko‘p savollar tug‘dirgan markaziy hujumchi pozitsiyasini to‘ldirdi. Ikkinchi taym boshlanishidan avval tarkibimizda uchta o‘zgarish ro‘y berdi: Sobirxo‘jayev o‘rniga O‘runov, To‘rg‘unboyev o‘rniga Hamrobekov, Mozgovoy o‘rniga Erkinov maydonga tushdi. Ostonning maydonga tushishi terma jamoamiz hujumlarini havfliroq bo‘lishini ta’minladi. O‘runov uzoqdan bergan zarbasi bilan darvoza to‘sinini poylashga ham ulgurdi. Erkinov esa o‘z qanot tezligini ishga soldi va birinchi golga assistentlik qildi.
Ikkinchi taymning 60-daqiqalariga kelib O‘runov Masharipov bilan pozitsiyalarini almashishdi va Jaloliddin Masharipov maydon markazida o‘tib, o‘ynay boshladi. 73-daqiqada esa Masharipov o‘rniga Iskanderov maydonga tushdi va maydon markazi Jamshid Iskanderovga topshirildi. Gol o‘tkazib yuborganidan so‘ng Turkmaniston terma jamoasi ko‘p hujumlar uyushtirdi va bir nechta xavfli vaziyatlar yaratdi. Darvozamiz tomon berilgan vaziyatda Nasrullayev yelkasi bilan to‘pni qaytargan bo‘lsa, keyingi hujumlarida raqiblarimiz ikki marotaba darvoza to‘sinini nishonga olishdi.
Ko‘proq hujumga o‘tishga majbur bo‘lgan raqiblarimiz maydon markazida to‘pni yo‘qotishdi, Iskanderov esa ajoyib pasi bilan O‘runovni darvozabon bilan birga-bir chiqardi, darvozabon to‘pga birinchi bo‘lib yetib bordi va to‘pni tepib yubordi. Qaytgan to‘pga ega chiqqan Jamshid bu safar to‘pni Eldorga uzatdi va Eldor bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etdi. Eldor kechagi gollari bilan O‘zbekiston terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylandi.
 
Umumiy fikrlar
 
O‘zbekiston terma jamoasi kecha ikki xil taym o‘tkazdi. Birinchi taymda yangi tarkib bo‘lgani uchunmi yoki raqibni mensimaslik sababmi terma jamoamiz o‘ziga o‘xshamadi. Ikkinchi taymda esa asosiy tarkib futbolchilarimiz maydonga qaytdi va masala hal etildi. Ta’kidlab o‘tish kerakki, Turkmaniston terma jamoasi kechagi uchrashuvda ancha yaxshi harakat qildi va kamida bitta gol urishga loyiq edi.
 
Abdulvosit Bektemirov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston Turkmaniston ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi — taktika va tarkibdagi o‘zgarishlar haqida