09:45 / 26.06.2023
147

Rubin Xebay: "Umid qilamanki, shu tempda davom etaman"

Rubin Xebay: "Umid qilamanki, shu tempda davom etaman"
“Andijon” hujumchisi albaniyalik Rubin Xebay bu yil Superliganing yorqin yulduzlaridan biriga aylanib borayotgani endi ko‘pchilikka ma’lum.
 
Futbolchi o‘ziga nisbatan juda talabchan bo‘lib, har uchrashuvda jamoaga manfaat keltirish uchun astoydil mehnat qilyapti va buni u o‘z gollari bilan amalda isbotlab kelmoqda. “Andijon” safida Xebay hozirga qadar hammasi bo‘lib 10 ta gol urdi va shuning 8 tasi Superligada kiritildi.
 
Safarda “Buxoro”ga qarshi bo‘lib o‘tgan bahsda ham Rubin yana katta sahnaga chiqdi. Uning urgan yagona goli “Andijon”ga muhim bo‘lgan g‘alabani keltirdi. Albaniyalik legioner o‘yin bilan bog‘liq ayrim savollarga javob berdi.
 
- Rubin, “Buxoro” klubiga qarshi o‘tkazilgan uchrashuv borasida fikringizni bilmoqchimiz...
- O‘ylashimcha, bu juda qiyin o‘yin bo‘ldi. Lekin biz ko‘p energiya sarflamaslikka muvaffaq bo‘ldik. Buxoro Andijondan ancha olisda. To‘g‘risi, uzoq safardan so‘ng biroz charchagandik. Nima bo‘lgan taqdirda ham jamoamiz bilan uch ochkoni qo‘lga kiritish uchun maydonda har bir soniyada jang olib bordik.
 
- “Andijon” birinchi bo‘limga qaraganda ikkinchi bo‘limda yanada yaxshiroq o‘ynadi va siz gol urishga muvaffaq bo‘ldingiz. Bu taktik uslubdimi yoki tanaffus paytida murabbiy jamoaga qo‘shimcha ko‘rsatmalar berganmidi?
- Menimcha, buning sababi birinchi taym juda issiq bo‘ldi. Ikkinchi taymda esa g‘alaba qozonishimizga ko‘proq ishondik.
 
- “Buxoro” siz kutgandek o‘yin ko‘rsatdimi?
- Ha, raqib jamoa biz kutgandek o‘yin ko‘rsatdi. Xuddiki, murabbiymiz biz futbolchilarga uqtirgandek harakatlanishdi.
 
- Ketma-ket gollar urishda davom etyapsiz. Bu safargisini faoliyatingizdagi eng omadlisi desa bo‘ladimi?
- O‘tgan mavsumda ham ko‘plab gollarga mualliflik qilgandim. Bu mavsumda ham gol urishda davom etayotganimdan juda mamnunman. Umid qilamanki, xuddi shu tempda davom etaman.
 
- Navbatdagi o‘yin amaldagi chempion – “Paxtakor”ga qarshi bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv oldidan nima degan bo‘lardingiz? Masalan, “Paxtakor” haqida nimalarni bilasiz?
- Nazarimda, har doim chempion jamoaga qarshi maydonga tushish bu sharaf. Lekin biz o‘zimiz uchun baribir kurashamiz. Tabiiyki, ochkolar ishlashga harakat qilamiz. Bemalol aytamanki, bu juda yaxshi o‘yin bo‘ladi.
 
- Darvoqe, Buxorodagi g‘alabani kimga bag‘ishladingiz?
- Oilamga, jamoadoshlarimga va barcha andijonlik muxlislarga. Ular hurmatga loyiq.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rubin Xebay: "Umid qilamanki, shu tempda davom etaman"