“Buxoro” klubi Superliganing qoldirilgan 8-turida Namanganda “Navbahor”ga qarshi maydonga tushdi.
O‘tgan safar o‘z uyida vodiyning boshqa bir klubi – “Andijon”ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, bu gal xuddi shu hisob bilan “Navbahor”ga mag‘lubiyatga uchradi.
O‘yindan so‘ng “Buxoro” ustozi Ulug‘bek Baqoyev mag‘lubiyat sabablari haqida fikr bildirdi.
- Bugun ko‘rdik, O‘zbekistonning ikkita jamoasi, ya’ni, ikki xil maqsadi bo‘lgan klublar maydonda to‘p surishdi. Barchamizga ma’lumki, “Navbahor”ning asosiy maqsadi chempionlikni qo‘lga kiritish. Bizning maqsadimiz esa Superligada jon saqlab qolishdan iborat. O‘ylaymanki, o‘yin yaxshi va qiziqarli tarzda o‘tdi. “Navbahor” to‘pni o‘z nazoratida ushladi. Jamoada ko‘plab standartlar hamda vaziyatlar bo‘ldi. Ha, bizda ham bunday holatlar yuz berdi. Bu vaziyatlardan foydalanishimiz mumkin edi. Lekin bundan unumli foydalana olmadik, “Navbahor” esa aksincha, gol urdi. Ularni g‘alaba bilan tabriklayman. Keyingi o‘yinlarda omad tilayman. Superliga va Osiyo Chempionlar ligasidagi uchrashuvlarda “Navbahor”ga muvaffaqiyat tilayman. OCHLda O‘zbekiston sharafini himoya qiladi. Shuning uchun xalqaro maydonlarda bu klubga muxlislik qilamiz.
- Jamoangiz uchrashuv boshlaridanoq vaqt cho‘zishni boshladilar. Bu sizning ko‘rsatmangizmidi?
- Ko‘rdinglar, markaziy himoyachimizni almashtirishga majbur bo‘ldik. Keyin hujumchimiz Kasyanni ham o‘zgartirishimizga to‘g‘ri keldi. Bu yerda issiq havoni ham hisobga olish kerak. Shu sababli to‘xtalishlar bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin o‘yinni cho‘zish, ataylab yiqilib olish kabi vazifalarni bermaganmiz. Ikkita majburiy o‘zgarishga qo‘l urdik va havo issiqligi uchun o‘yin cho‘zilganga o‘xshab ko‘ringan bo‘lishi mumkin. Ammo biz atayin vaqt cho‘zishga harakat qilmadik va bunday topshiriq ham bo‘lmagan.
- Shoxruz Norxonov ilgari qo‘l ostingizda o‘ynagan. Bu yil “Navbahor”da uning o‘yini “ochilib” ketmayapti. Sizningcha, unga nima yetishmadi, deb o‘ylaysiz?
- Bu borada aniq fikr bildira olmayman. Bu savolingizga javob berishim uchun klubning ichida bo‘lishim kerak. Ko‘rishim va vaziyatni bilishim lozim. U mahoratli hujumchi va hamma jamoaga kirishib keta oladi. Har xil sabablar bo‘lishi mumkin. Yuqorida ta’kidlaganimdek, jamoa ichidagi holat bo‘yicha biror nima deya olmayman. Balki moslashish jarayoni qandaydir qiyin kechayotgandir yoki bosim bordir. Shuni bilamanki, Norxonov yuqori darajadagi hujumchi.
- Uchrashuvdan avval “Navbahor”ni o‘rgangansiz. Bu klubdan qanday o‘yin kutgandingiz?
- Kelinglar, tan olaylik, “Navbahor”ning har bir chizig‘ida top o‘yinchilar jamlangan. Hammasi tajribali futbolchilar. Jamoani o‘ziga yarasha talablari bor. Qolaversa, ular o‘z uyida o‘ynadi. To‘g‘risi, namanganliklar bugungi uchrashuvda ruhiy tarafdan xam ustun edilar. Ammo jismoniy jihatdan teng kurashlar ostida o‘tdi, deb o‘ylayman. Nima bo‘lganda ham biz mag‘lubiyatga uchradik.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring