11:36 / 03.07.2023
824

Bokschimiz sensatsiya ko‘targan qozog‘istonlik raqibini finalda “do‘pposladi”!

Bokschimiz sensatsiya ko‘targan qozog‘istonlik raqibini finalda “do‘pposladi”!

Qozog‘istonning Astana shahrida boks bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida tashkil etilgan “Elorda Cup” xalqaro turniri yakunlandi.

Nufuzli musobaqada dunyoning o‘ndan ziyod mamlakatidan 200 nafardan ortiq charm qo‘lqop ustasi g‘oliblik uchun ringga chiqdi.

Turnirda yurtimiz sharafini o‘n to‘rt nafar bokschi himoya qildi.

Bu musobaqa yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik bosqichi vazifasini o‘tagani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

13 vazn toifasida o‘tkazilgan final uchrashuvlari orasida 71 kilogrammli bokschilar jangi ko‘pchilikning qiziqishini o‘ziga tortdi.

O‘zbek va qozoq boks maktablari tarbiyalanuvchilari Havasbek Asadullayev va Yermaxan Jakpekov o‘rtasidagi bellashuvda oltin medal taqdiri hal etildi.

Yermaxan finalgacha bo‘lgan janglarning birida yaponiyalik jahon chempioni Sevon Okadzavani mag‘lubiyatga uchratib, sensatsiya ko‘targan edi. Qozog‘istonlik boks muxlislari o‘z hamyurtlaridan finalda ham g‘alaba kutardi.

Biroq, Havasbek Asadullayev so‘nggi jangda ham yuqori saviyali bokschi ekanini isbotladi. Hamyurtimiz raqibini o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.

Og‘irligi 60 kilogramm vazn toifasidagi bokschilar finalida ham hamyurtimiz Dilshod Abdumurodov mezbonlar vakili Beknur Ojanovga qarshi ringga chiqdi. Uch raund davom etgan to‘qnashuvda o‘zbek bokschisi katta ustunlik bilan zafar quchdi.

Hakamlar hisob-kitobiga ko‘ra, Abdumurodov raqibi Okjanovni 5:0 hisobida yengib, nufuzli turnir g‘olibiga aylandi.

Turnirning eng keskin va murosasiz janglaridan biri o‘ta og‘ir vazn toifasi finalida kuzatildi. Unda Jahongir Zokirov Toshkentdagi jahon chempionati ishtirokchilaridan biri xitoylik Donobek Bayg‘ozi bilan to‘qnash keldi.

Final uchrashuvida o‘zbek bokschisini to‘xtatib bo‘lmadi. Oltin medalni qo‘lga kiritgan Zokirov bu vaznda dunyoning eng kuchli bokschilaridan hisoblangan Bahodir Jalolovga munosib izdosh yetishib chiqayotganini ko‘rsatdi.

“Elorda Cup” turnirining 80 kilogramm vazn toifasidagi bellashuvlari finalida Jasurbek Yo‘ldoshev xitoylik Toxtarbek Tanatxan bilan kuch sinashishi lozim edi. Biroq, noma’lum sababga ko‘ra, hamyurtimiz hal qiluvchi jangga chiqmadi.

Tanatxan Xitoy jamoasi hisobiga yagona oltin medalni taqdim etgan bo‘lsa, musobaqa tashkilotchilari tomonidan Jasurbek Yo‘ldoshevga kumush medal topshirildi.

Shuningdek, xalqaro turnirda yarim finalgacha mag‘lubiyatsiz yetib kelgan, lekin finalga chiqolmagan ikki bokschimiz – Asilbek Jalilov (51 kg) va To‘rabek Habibullayev (80 kg) bronza medal bilan taqdirlandi.

“Elorda Cup” xalqaro turnirida uchta oltin, bitta kumush va ikkita bronza medal jamg‘argan O‘zbekiston bokschilari umumjamoa hisobiga ikkinchi o‘rinni egalladi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bokschimiz sensatsiya ko‘targan qozog‘istonlik raqibini finalda “do‘pposladi”!
ePN