Bir necha kun avval Sports.uz Superliga birinchi davra sarhisoblarini boshlagani haqida xabar bergan edik. Avvaliga, eng yaxshi futbolchini aniqlagan bo‘lsak, endi navbat murabbiylarga. Statistik ma’lumotlarni ikkinchi planda (u siz ham bo‘lmaydi) qoldirgan holda, o‘lchovni jamoaning holatidan kelib chiqib namoyish etgan o‘yiniga qaratamiz.
5-o‘rin. Ro‘ziqul Berdiyev
“Ajdarlar” ustozi joriy mavsumni yo‘qotishlar bilan boshladi. Avvaliga asosiy forvard jamoani tark etgan bo‘lsa, pleymeyker jarrohlik stoliga yotdi. Ularning o‘rnini munosib to‘ldirish uchun rahbariyat tomonidan keraklicha mablag‘ ajratilgani yo‘q. Natijada, juda zaif seleksiya ishlari olib borildi. Yakunda, kutilganidek “ajdarlar” hujum va markaziy yarim himoya chizig‘i oqsay boshladi. E’tiborli tomoni, kadrlar bilan muammolarga qaramay “Nasaf” o‘ziga keldi.
Juda og‘ir o‘yinlarda kerakli g‘alabalarni qo‘lga kiritdi. Janjal va to‘polonlar ichida qolgan bo‘lsada klassni tushirib yuborgani yo‘q. Jamoa progressida Berdiyevning o‘rni ulkan ekanligini futbolga umuman tushunmaydigan inson ham darrov anglashi aniq. Aslida, mutaxassis kuchli beshlikda yuqoriroq o‘rinda bo‘lishi lozim edi, ammo chetlatilish sababli mavsumni bir qismini o‘tkazib yuborgani sababli 5-o‘rin bilan chegaralanishimiz adolatdan bo‘ladi.
4-o‘rin. Maksim Shatskix
“Super Maks” ham Berdiyev singari ancha murakkab vaziyatda qolgan edi. Mavsum boshidagi moliyaviy qiyinchiliklar, yetakchilarning ambitsiyani yo‘qotgani, zaxira o‘rindig‘ining yo‘qligi va turli yoshdagi o‘rinbosarlarni terma jamoa ixtiyoriga o‘tib ketishi “sherlar”ni qiynab qo‘ygani rost. Boz ustiga, ketma-ket ikki tur alamli mag‘lubiyatni qabul qilgan “Paxtakor”da ko‘pchilik regress boshlangani haqida yozishga tushib ham ketdi, ammo Maksim Shatskix vaziyatni o‘zi tomonga burib yuborishni uddaladi. Ayni damda, “sherlar” (bitta zaxira o‘yini bor) turnir jadvalida ikkinchi pog‘onada bormoqda. Vaholanki, Shatskix mavsumni birinchi qismini deyarli 14 futbolchi bilan o‘tkazdi. “Maks” murabbiy sifatida o‘smoqda. Yangi sxema va yangi strategiyalar uni izlanayotganidan dalolat.
3-o‘rin. Vitaliy Levchenko
Farg‘onaliklar ustozi o‘tgan mavsumdagi “razvedka”dan so‘ng 2023 yilgi mavsumda chempionlik uchun “hujum”ni boshlab yubordi. Ajoyib startdan so‘ng ketma-ket duranglar “Neftchi”ni turnir jadvalida "oyog‘idan ushlab qoldi". Shunga qaramay, “yo‘lbarslar” so‘nggi turlardagi muhim g‘alabalar sababli kuchli uchlikdan tushib ketgani yo‘q. Levchenko o‘zi shogirdlariga singdirayotgan agressiv qarshi hujumga tayangan futbolni yanada yaxshiroq effekt berishi uchun sifatliroq ijrochilarga muhtoj ekanligini tushungani aniq. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, ayni damda mutaxassis Turkiyada bo‘lib turibdi. Bir nechta legionerlarni o‘zi ko‘rib tanlab olmoqchi ekan. “Neftchi” proyekti har tomondan o‘zini oqlamoqda. Bu so‘zsiz murabbiyning mehnatlari samarasi.
2-o‘rin. Sergey Arslonov / Sergey Tokov
“Surxon” avvaliga top yulduzlar kelishi taxmin qilingan ulkan proyekt sifatida shakllanishi taxmin qilingan, buning uchun ilk qadamlar tashlangan edi. Ko‘p o‘tmay, jamoa homiysiz qolgani va endi bor e’tiborini yoshlarga qaratishini e’lon qilganida ko‘pchilikning Superligada yana bir autsayder jamoa paydo bo‘lishi haqida o‘ylagani aniq. Shaxsan o‘zim ham “Surxon”ning OKMK bilan o‘yindan keyingi matbuot anjumanida Arslonov bilan keskin suhbatlashganim yodimda. O‘sha payt yosh mutaxassis shogirdlariga vaqt kerakligini va ular qurayotgan futbol o‘z samarasini berishini ta’kidlagan edi. Oradan yarim yil ham vaqt o‘tgani yo‘q. “Surxon” ustozlari “Olimpik”ning yangilangan va yaxshilangan versiyasini taqdim etishdi.
“Uchar tulporlar” jangovor, hujumkor va raqibdan cho‘chimay oldinga tashlanadigan jamoa sifatida futbol muxlislari e’tirofini qozondi. Deyarli moliyaviy imkoniyatga ega bo‘lmay turib, uy stadionisiz, yoshlardan iborat jamoa bilan Superliganing birinchi davrasini 19 ochko bilan kuchli oltilikda yakunlagan jamoa murabbiylari kuchli beshlikning ikkinchi o‘rniga loyiq, deb topildi. Qo‘ldagi resursdan kelib chiqib, ko‘rsatilayotgan natijaga razm solinsa, “Surxon” so‘zsiz bugun ichki birinchilikdagi eng namunali jamoa!
1-o‘rin. Samvel Babayan
Kuchli xeyt, mahalliy muxlislar bosimi, tanqidlar yomg‘iri va ko‘plab boshqa aspektlardagi muammolarga qaramay Samvel Babayan “Navbahor” proyektini muvaffaqiyatli boshqarib kelmoqda. Murabbiy endigina ikkinchi mavsumini o‘tkazayotganiga qaramay, “Navbahor” allaqachon chempionlik uchun birinchi raqamli da’vogarga aylanib ulgurdi. To‘g‘ri, o‘yin uslubi, temp va zerikarli futbol borasida Samvel Vyacheslavlovichga savollar bisyor, ammo natija borasida mutaxassis bergan va’dasini ustidan chiqib kelmoqda.
Qisqa fursat ichida Namanganda top darajadagi ijrochilarni yig‘ib, ularni jamoa sifatida shakllantirishga ulgurgan murabbiy ayni damda eng ko‘p muhokama qilinadigan personajlardan biriga aylanib bo‘ldi. To‘g‘ri, “Paxtakor” va OKMK bilan o‘yindagi mag‘lubiyat biroz “lochinlar”ning imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi, ammo yakunda boshqa o‘yinlardagi ishonchli g‘alabalar sababli “Navbahor” birinchi davrani peshqadam sifatida yakunladi. Har tomondan kuchli bosim bo‘lishiga qaramay, xotirjamlikni yo‘qotmay, sovuqqonlik bilan qaror chiqarayotgan mutaxassis kuchli beshlikdagi birinchi pog‘onaga loyiq.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring