Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) Saudiya Arabistonining «An-Nasr» jamoasiga yangi futbolchilarni sotib olishni taqiqladi.
FIFA Saudiya klubini hujumchi Ahmad Musa bilan kelishuvga erishgani uchun Angliyaning «Lester» klubiga bonuslar bermagani uchun jazoladi. Besh yil avval nigeriyalik futbolchini «An-Nasr» taxminan 16 million yevro evaziga sotib olgan edi va u Saudiya Arabistoni chempionligini qo‘lga kiritib, jamoa tarkibida 60 o‘yin o‘tkazgandi. Ahmad 2020 yilda klubni erkin agent sifatida tark etgan.
FIFA ikki yil avval «An-Nasr»ni ingliz klubi oldidagi qarzi haqida ogohlantirgan, keyin esa jazolanishi haqida bildirgandi. Shart bajarilmadi va endi qaror yaqin kunlarda kuchga kiradi. FIFAning taqiqi uzoq vaqtga cho‘zilishi mumkin.
«An-Nasr» jamoasining izohiga ko‘ra, bu voqea klub Saudiya Arabistoni davlat investitsiya jamg‘armasi tarkibiga kirishidan oldingi vaqtda sodir bo‘lgan. Endi jamg‘arma jazodan qochish uchun ushbu qarzlarni yopishni rejalashtirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!