14:58 / 15.07.2023
553

Shomurodovni "top-5"dan yana ikki jiddiy klub o‘z safiga chorlamoqda!

Shomurodovni "top-5"dan yana ikki jiddiy klub o‘z safiga chorlamoqda!

“Roma” bosh murabbiyi Joze Mourinoga kerak bo‘lmay qolgan Eldor Shomurodov katta ehtimol bilan yangi mavsumni boshqa klub safida boshlaydi.

Rim klubi sport direktori Tyagu Pinto o‘zbek hujumchisini Rimdan ketkazish bo‘yicha reja tuzib, ishlarni boshlab yuborgan.

28 yoshli legionerimiz ishsiz qolmaydi. Unga da’vogarlik qilayotgan jamoalar soni ortib bormoqda. Demak, Shomurodovda tanlov imkoniyati bo‘ladi.

Transfer bozori ochilishi bilan o‘zbek forvadiga Turkiya chempioni “Galatasaroy” va Gretsiya grandlaridan PAOK qiziqa boshladi. Keyin Moskvaning “Spartak” klubi Eldorga Rossiya Premer-ligasiga qaytishni taklif qildi.

Shomurodov bu chorlovlarni qabul qilmadi. Turklar “Roma” rahbariyati bilan muzokara boshlagan bo‘lsa-da, bora-bora hujumchimizni olishdan umidini uzdi. Bunga hujumchi uchun kurashga “Lechche” qo‘shilgani sabab bo‘ldi. Shomurodov o‘tgan ikkita transfer mavsumida A Seriyada qolishni ixtiyor qilib, istanbulliklarning avvalgi takliflarini ham qabul qilmagan edi.

Kuni kecha “Galatasaroy” mahalliy futbolchi maqomida o‘ynashi mumkin bo‘lgan turkiy mamlakatlardan boshqa forvard qidirishini ma’lum qildi.

Yevropa matbuotining yozishicha, Eldor Shomurodov uchun kurashga yana ikkita klub qo‘shildi. A Seriya vakillaridan “Torino” ketma-ket uchinchi transfer bozorida o‘zbek hujumchisini olish varianti bo‘yicha ishlamoqda. O‘tgan yili yozda Turin klubining asosiy to‘purari Andrea Belotti “Roma”ga o‘tib ketganidan beri, “Torino” uning o‘rnini bosa oladigan markaziy hujumchi topa olmayapti.

Shuningdek, Ispaniya chempionatining o‘rtamiyona jamoalaridan hisoblangan “Jirona” kelasi mavsum oldidan hujum chizig‘ini o‘zbek forvardi yordamida kuchaytirishni istayapti. Jironaliklar safida o‘tgan yili asosan ikki hujumchi – urugvaylik Kristian Stuani va argentinalik Valentin Kastelyanos to‘p tepdi. Stuani 9 marta to‘p kiritgan bo‘lsa, Valentin o‘z hisobiga 13 ta aniq zarba yozdirib qo‘ydi.

“Jirona” hujumkor o‘yin ko‘rsatishga intiladigan jamoa. Ularga yangi hujumchi kerak. Chunki jamoaga sardorlik qilayotgan Kristian Stuani yaqinda 37 yoshni qarshi oladi. Asosiy tarkibdagi uch hujumchidan biri – Xoel Roka endigina 18 yoshini qarshiladi va hali ancha tajribasiz. O‘tgan yili oltita uchrashuvda maydonga tushgan hujumchi o‘zini ko‘rsata olgani yo‘q.

Transfer mutaxassislarining ta’kidlashicha, barcha xaridorlar Eldor Shomurodovni keyinchalik to‘liq transfer qilish huquqi bilan bir mavsumga ijaraga olmoqchi. Ayrim jamoalarga o‘zbek hujumchisining maoshini ko‘tarish og‘irlik qilishi mumkinligi aytilmoqda.

“Roma” sport direktori Tyagu Pinto hujumchimizni qo‘yib yuborishga tayyor. U xaridorlarga keyinchalik sotib olish majburiyatini yuklashga harakat qiladi.

Eldor Shomurodovning transfer narxi keyingi ikki mavsumda arzonlashib borayotgani jamoalarga qulaylik tug‘diradi. Legionerimiz Rimdagi faoliyatini boshlaganida www.transfermarkt.world  portali ekspertlari uni 14 million yevroga baholagan edi. Ayni paytda Shomurodovning transfer summasi 6 million yevroni tashkil qilyapti.

Eslatib o‘tamiz, “Jenoa” Eldor Shomurodovni qo‘lga kiritish uchun jami 9 million yevro, “Roma” bir mavsumdan keyin uni o‘z safiga qo‘shib olishga 18 million yevro sarflagan edi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovni "top-5"dan yana ikki jiddiy klub o‘z safiga chorlamoqda!