13:50 / 25.07.2023
376

Yengilmay kelayotgan yulduzni ringda “raqs tushish”ga majbur qilgan afsona haqida (foto, video)

Yengilmay kelayotgan yulduzni ringda “raqs tushish”ga majbur qilgan afsona haqida (foto, video)

Bundan 22 yil avval, 2001-yil 3-noyabr sanasida boks tarixidagi eng mashhur janglardan biri bo‘lib o‘tgandi.

O‘sha vaqtda Rossiya va Avstraliya sharafini himoya qilgan Konstantin Szyu yarim o‘rta vazn toifasida mutlaq jahon chempionligi uchun kechgan jangda amerikalik Zab Judani mag‘lub etgandi.

Konstantin o‘sha paytda shon-shuhrat cho‘qqisida edi va o‘z toifasining uchta ehtimoliy kamarining ikkitasini qo‘lga kiritgandi. Szyu Mutlaq jahon chempioni unvoniga ega bo‘lishni unchalik orzu qilmagan: turli sabablarga o‘sha paytda kamarlarni birlashtirish imkonsiz edi. Deyarli 30 yil davomida super o‘rta vazn toifasida mutlaq chempionlar bo‘lmagan. Biroq WBC, WBA va IBF imkoni yo‘q ishni uddaladi hamda kamarlarni birlashtiruvchi jang tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Biroq bu Kostyaning hurmati uchun qilingan ish emasdi.

Foto: “Chempionat”

Gap shundaki, IBF kamari yangi superyulduz hisoblangan amerikalik Zab Judaga tegishli edi. Xarizmatik sportchi Szyudan nafaqat 8 yosh kichik edi, ko‘plab mutaxassislar Zab rossiyalik bokschidan barcha xususiyatlar bo‘yicha oldinda ekanini ta’kidlardi. Judaning yoshligi, tezligi va nokaut qiluvchi ajoyib zarbasi haqida gapirilardi.

Judaning o‘zi ham g‘alabasiga to‘liq ishongandi. Super laqabini olgan yigit har bir matbuot anjumanida Szyuni haqorat qilardi. Albatta, Zab Konor Makgregor darajasidan yiroq edi, biroq ba’zi haqoratlari o‘ziga xos bo‘lgan, masalan, amerikalik Kostyaning himoyasini Shveysariya pishlog‘iga tenglashtirgan. Biroq Szyu nafaqat maksimal darajada sovuqqonlikni saqlagan, balki, ingliz tilini mukammal bilishini namoyish qilib, yorqin javoblar bergan.

Foto: “Chempionat”

Sifatli targ‘ibot ish bergan: Las-Vegasda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan jangga qiziqish aqlbovar qilmas darajada oshib ketgan. Bokschilar muxlislarning hafsalasini pir qilmaslikka harakat qildi va jangning ilk soniyalaridanoq hujumga o‘tdi. Ajoyib tezlik va aniqlik tufayli Juda rossiyalik raqibiga bosim o‘tkazardi va muntazam ravishda uning himoyasini yorib o‘tardi. Zarbalardan biri Konstantinni butunlay dovdiratib qo‘ydi, biroq u nokdaungacha yetib bormadi. Szyu xotirjamlikni saqladi va ikkinchi raund oldidan tanaffusda murabbiyning ko‘rsatmalarini diqqat bilan tingladi.

Foto: “Chempionat”

Va vaziyat keskin o‘zgardi. Ikkinchi raundda Szyu ustunlikka erishdi. Amerikalikning jag‘ini nishonga oldi, lekin o‘zining “tashrif qog‘ozi”ga aylangan o‘ng qo‘l zarbasini ijro etmadi. Zab juda juda passiv harakat qilardi va Kostyaning hujumlarini to‘xtata olmadi. Bong urilishi oldidan Rossiya vakili baribir maqsadiga erishdi: o‘ng qo‘li bilan dahshatli zarba berdi. Szyuning mushti Zabning jag‘iga tegdi va u yerga yiqildi.

Qo‘shimchasiga boshidan qattiq zarba yedi. Garchi bunday zarbalardan keyin, odatda, bokschilar o‘rnidan turmasa ham Juda o‘rnidan turdi. Ammo Zabning oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmadi, sharhlovchi bu holatni qaynatilgan spagettiga qiyosladi. Amerikalik bokschining oyoq-qo‘llari dastlab g‘alati raqsga tushayotganga o‘xshash holatga tushdi, keyin esa Zab yana yiqilib tushdi. Yana o‘rnidan turishga harakat qildi, biroq allaqachon kech bo‘lgandi — hakam Jey Nedi darhol jangni to‘xtatgandi. Zabning nochor holatga tushib qolgani hisobga olinsa, qaror mutlaqo to‘g‘ri edi. Szyu ikkinchi raundda g‘alaba qozonib, mutlaq chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Foto: “Chempionat”

Biroq Juda hayotidagi eng muhim jang natijasidan rozi bo‘lmadi. U o‘zini yo‘qotib qo‘ydi va hakamning yuziga qo‘lqopi bilan urib yubordi. Keyin u tomonga stulni ham irg‘itib yubordi. Zab bunday xatti-harakatlari uchun bir necha haftadan so‘ng diskvalifikatsiya qilindi va katta miqdorda jarimaga tortildi. Keyinchalik Zab tartib-intizom komissiyasi yig‘ilishida o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘ldi. Bir necha yildan so‘ng Szyu bilan uchrashuvda uning o‘zidan ham kechirim so‘radi. Rossiyalik bokschi haqli g‘alaba erishgandi va buni juda chiroyli amalga oshirgan edi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yengilmay kelayotgan yulduzni ringda “raqs tushish”ga majbur qilgan afsona haqida (foto, video)