23:05 / 30.07.2023
735

Shomurodov “Milan” hujumchilari bilan o‘ynaydigan bo‘lyapti

Shomurodov “Milan” hujumchilari bilan o‘ynaydigan bo‘lyapti

Taniqli murabbiy Klaudio Raneri  qo‘l ostida A Seriyaga chiqqan “Kalyari” yangi mavsumda bor e’tiborini yuqori diviziondagi joyini saqlab qolishga qaratadi.

Sardiniyaliklar A Seriyada munosib qatnashish uchun ishni  jamoa tarkibini kuchaytirishdan boshladi. Murabbiylar shtabi, xususan, Klaudio Raneri hujum chizig‘iga alohida e’tibor qaratmoqda.

Italiyalik murabbiy forvardlarga tayanib o‘ynashni yaxshi ko‘radi. Misol tariqasida, 2016 yilgi mavsumni keltirish mumkin. O‘sha yili o‘z tarixida yagona chempionligini qo‘lga kiritgan “Lester Siti”ni Klaudio Raneri boshqargan.

Bu mutaxassis qo‘l ostida “Lester Siti” chempionlik mavsumida eng ko‘p gol urgan jamoalardan biri bo‘ldi. Asosiy forvard Jeymi Vardi 36 ta uchrashuvda 24 ta to‘p kiritgan bo‘lsa, u bilan yonma-yon o‘ynagan Riyad Mahrez 37 ta bellashuvda raqiblar darvozasini 17 marotaba ishg‘ol qildi.

Ta’kidlash joizki, bu ikki futbolchi ungacha ham, o‘sha mavsumdan keyin ham Raneri jamoasidagidan ko‘p to‘p kirita olmadi. Bu ko‘p jihatdan italiyalik mutaxassisning hujumchilarni o‘ynata olish qobiliyatiga bog‘liq masala edi.

Klaudio Raneri A Seriyada 4-4-2 sxemasini qo‘llashini yashirmayapti. Hujum chizig‘ida asosiy variant tajribali Janluka Lapadulaning joyi kafolatlangan edi. Perulik to‘purar Italiya chempionatida o‘ndan ziyod jamoalar sharafini himoya qilgan.

Lapadula o‘tgan yili yozda “Benevento” klubidan “Kalyari”ga transfer qilindi. B Seriyada 36 ta uchrashuvda 21 ta gol va beshta assist qayd etib, jamoaning yuqori divizionga chiqishiga katta hissa qo‘shdi.

Klaudio Raneri A Seriyada Lapadula yoniga yana bir tajribali hujumchini qo‘yish maqsadida Eldor Shomurodovni “Roma”dan ijaraga oldi. Italiyalik mutaxassisga “Real” tarbiyalanuvchisi Borxa Mayoral va Gretsiya futboli vakili Anastasios Douvikas nomzodlarini ham taklif qilishdi. Raneri bu borada Shomurodov nomzodini ma’qul ko‘rdi.

Italiya matbuoti Raneri yangi mavsumda Shomurodov va Lapadula tandemidan foydalanishini yoza boshlagan pallada “Kalyari” muxlislariga xunuk xabar etib bordi. Jamoa etakchilari – Janluka Lapadula va Marko Rog og‘ir jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqdi.

Xorvatiyalik yarim himoyachi Rog yarim yil maydonga qaytolmaydi. Lapadula esa, jarrohlik stoliga yotqizildi va hali tibbiyot vakillari perulik forvardning tiklanish muddatini aniqlashga ulgurgani yo‘q.

Endi “Kalyari” mutasaddilari Eldor Shomurodov bilan elkama-elka o‘ynaydigan hujumchilarni qidirishga zo‘r bermoqda. Italiya matbuotining yozishicha, sardiniyaliklar “Milan” maktabini ko‘rgan ikki forvard transferi bo‘yicha ish boshladi.

Ma’lumotlarga qaraganda, “Kalyari” vakillari “Montsa”dan Andrea Petanyani, “Milan”dan Lorentso Kolomboni olmoqchi.

Petanya “Milan” tarbiyalanuvchisi, lekin 2020 yilda “Napoli”ga ko‘chib o‘tgandi. Neapol jamoasida asosiy tarkibga kira olmagani uchun so‘nggi yillarni “Montsa”da o‘tkazdi. “Montsa” bir oy oldin tajribali hujumchini “Napoli”dan 10 million evroga sotib oldi. Mutaxassislar bu transferni amalga oshirish qiyinligini ta’kidlamoqda.

Lorentso Kolombo ham bir necha yildan beri “Milan” asosiy tarkibiga kira olmayapti. U avvalgi mavsumlarda “Kremoneze”, SPAL va “Lechche”da ijarada o‘ynadi. Milanliklar bosh murabbiyi Stefano Pioli mavsumoldi yig‘inlarida Kolomboni sinab ko‘rishi, ma’qul kelmasa, javobini berishini aytgan.

Kolomboning milanliklar bilan shartnomasi kelasi yoz tugaydi. Shu bois, “Milan” bu hujumchi bo‘yicha “Kalyari”ning taklifini qabul qilish ehtimoli katta ekani aytilmoqda.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov “Milan” hujumchilari bilan o‘ynaydigan bo‘lyapti