date
views 371

SSKA rahbarlari Fayzullayevga qanday baho berdi?

SSKA rahbarlari Fayzullayevga qanday baho berdi?

Paxtakor” va O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullayevning Rossiya Premer-ligasida ishtirok etib kelayotgan SSKAga transferi rasman e’lon qilinganidan keyin mutaxassislar o‘z fikr-mulohazalarini bildira boshladi.

Moskvaning SSKA klubi 4 avgust  kuni “Paxtakor”dn 19 yoshli Abbosbek Fayzullayevni transfer qilingani haqida rasmiy ma’lumot tarqatdi.

SSKA bosh direktori Roman Babayev nega klub rahbariyati aynan o‘zbekistonlik futbolchi Abbosbek Fayzullayevni transfer qilganini quyidagicha izohladi.

- Juda iste’dodli futbolchini shartnomada ko‘rsatilgan qulay narxda sotib olish opsiya orqali transfer qilish imkoniyati paydo bo‘lgan edi. Biz bu imkoniyatdan foydalanib qolishga qaror qildik. Bizning nazarimizda Fayzullayevning kelajagi porloq va yanada o‘sish uchun katta salohiyatga ega, - dedi Roman Babayev.

Moskvaning SSKA klubi sport direktori Andrey Movsesyan ham “Paxtakor” hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumkor futbolchisining transferi bo‘yicha o‘z fikrlari va qarashlarini ma’lum qildi.

- Bu SSKAning Abbosbek Fayzullayevni rivojlantirish bo‘yicha alohida loyihasi bo‘ladi. Biz bu urinishlarimiz vaqti kelib, samara berishiga aminmiz. Abbosbek yuqori saviyali o‘yinchiga aylana oladi va kelajakda jamoamiz muxlislarini xursand qiladi, - dedi Andrey Movsesyan.

Ma’lumotlarga qaraganda, “Paxtakor” rahbariyati mavsumning qizg‘in pallasida yetakchsi o‘yinchisi hisoblangan Abbosbek Fayzullayevni SSKAga qo‘yib yuborishni istamagan. Biroq, futbolchi, uning agenti va SSKA mutasaddilari shartnomada o‘yinchini 500 ming yevroga sotib olish mumkinligi belgilangan banddan foydalangan.

Oqibatda, Toshkent shahri klubi o‘z tarbiyalanuvchisini Rossiya Premer-ligasi jamoasiga jo‘natishiga to‘g‘ri keldi.

Rossiya matbuoti “Paxtakor” bosh direktori Dmitriy Adismanning Fayzullayev transferi bo‘yicha munosabatini keltirmoqda. 

- SSKAda Abbosni rasman tanishtirishdi. Biz esa hozir transferni rasmiylashtirishga harakat qilyapmiz. Transfer uchun pulni transfer huquqini faollashtirish orqali futbolchining o‘zi o‘tkazsa kerak. Shartnomada bu borada 500 ming yevro miqdoridagi summa ko‘rsatilgan. Klubdan pul kelib tushgani yo‘q. SSKA jiddiy klub. Shuning uchun ham pul ko‘chirish bo‘yicha hech qanday tushunmovchilik bo‘lmasa kerak, - dedi Dmitriy Adisman.

Eslatib o‘tamiz, SSKA rahbariyati 19 yoshli Abbosbek Fayzullayev bilan 2026 yilning yarmigacha shartnoma imzoladi. Tomonlar o‘zaro kelishuvga ko‘ra, hamkorlikni yana bir yilga uzaytirish imkoniga ega ekani belgilangan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi yangi klubida 21-raqam ostida to‘p tepadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » SSKA rahbarlari Fayzullayevga qanday baho berdi?