20:33 / 20.08.2023
454

Tezkor va noqulay “Al Vakra”ga "Navbahor"ning “tishi” o‘tadimi?(Tahlil)

Tezkor va noqulay “Al Vakra”ga "Navbahor"ning “tishi” o‘tadimi?(Tahlil)

Xabaringiz bor, 22 avgust sanasida Namanganning “Navbahor” jamoasi OChL saralash o‘yini doirasida Qatarning “Al-Vakra”si bilan kuch sinashadi. Final bosqichga yo‘llanma o‘rtaga tikilgan bahs oldidan raqib jamoaning imkoniyatlari, o‘yin uslubi va taktik imkoniyatlarini tahlil qilishni ayni payti! Odatga sodiq qolgan xolda, imkon qadar kichik matnda “Navbahor”ning OChLdagi raqibini kuchli va kuchsiz tomonlari borasida so‘z yuritamiz.

O‘yin uslubi

Tintin Markes boshchiligidagi “Al-Vakra” yaxshi shakllangan jamoa. Murabbiy “Espanol” klubi ishqibozlari uchun yaxshi tanish bo‘lsa, ajab emas. Faoliyatini katta qismini “Barselona”ning ashaddiy dushmani sanalgan klubda o‘tkazgan qahramonimiz murabbiylikni ham aynan “ko‘k-oq”lar safida boshlagan. Keyinchalik Belgiya orqali Qatar klublarida paydo bo‘lgan.

U qurgan jamoa o‘yin uslubi jihatidan Evropa klublarini eslatib yuboradi. 4-3-3 sxemasining agressiv varianti. To‘p nazoratini yaxshi ko‘radi, biroq paslar sonidan ko‘ra tezlikka ko‘proq e’tibor qaratgan. Maydondagi ijrochilar jismoniy tayyorgarligi a’lo darajada bo‘lgani bois, o‘ta yuqori tempdagi futbolga dosh bera oladi. “Al-Vakra” ustozi qarshi hujumda va pozitsion hujumda birdek harakatlana oladigan jamoani yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan. Haqiqiy Evropa standartlari asosida shakllantirilgan, yuqori tempga moslashgan yig‘iq kollektivga ega raqib bilan to‘qnash kelyapmiz. Tintin Markesning o‘yin falsafasi to‘psiz harakat ustiga qurilgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Jamoa hujum qilayotganida deyarli butun maydon bo‘ylab keng joylashadi.

Qanot himoyachilari ancha oldinga chiqqani bois, oldindagi 3 hujumchi raqib himoyachilari bilan bir chiziqda harakat qiladi. Start tezligi zo‘r bo‘lgani bois, ular bitta pasda qochib ketishi yoki katta tezlikda jarima maydonchasiga uzatilgan to‘plar uchun kurashda yorib kirishi mumkin.

4-3-3 sxemasining eng ustun tomonlaridan biri ham aynan oldingi chiziqda hujum chog‘idagi ijrochilar soni va maydon bo‘ylab joylashuvi hisoblanadi, aslida.

Qo‘shimchasiga, markaziy 3 yarim himoyachining ikkitasi doim 14-hudud atrofida harakat qiladi. Oldinga o‘tilgan chog‘ ular zarba zonasiga chiqib, qo‘shimcha xavf tug‘dirishga qodir. Qolaversa, “Al-Vakra”ning markaziy hujumchisi Muhammad Benyettou ikkinchi qavatda ham yaxshi o‘yin ko‘rsatishga qodir. Zamonaviy ispancha futboldan farqli o‘laroq, Markes shogirdlariga ikkinchi qavatdan uzatmalar uchun erkinlik bergan. Muhammaddan tashqari, jamoaning marokashlik legioneri Assal va angolalik Gelson ham bosh bilan o‘ynashga qodir.

Hujum chizig‘i va markaziy himoyada “svyazka” mavjudligi bois, “Al-Vakra” raqiblari bilan o‘yinlarda kichik ustunlikka ega bo‘ladi. Jamoa juda katta kuch sarflanadigan intensiv futbol o‘ynagani bois, mahalliy futbolchilarni katta qismidan foydalana olmaydi. Bu masalani “Al-Vakra” badavlat arab klublariga xos bo‘lgan uslubda echgan. Ya’ni jamoa tarkibida naq 8 ta mahalliylashtirilgan futbolchi harakat qiladi. Asli misrlik bo‘lgan 4 futbolchi Qatar fuqaroligini olgan bo‘lsa, Jazoir, Sudan, Bangladesh, Gana mamlakatlaridan kelgan futbolchilarga ham bunday huquq taqdim etilgan.

Yuqorida aytganimdek, katta jismoniy kuch talab etadigan futbol uchun jismoniy tayyorgarligi a’lo darajada bo‘ladigan qora qit’a vakillari mahalliylashtirilgan. Tarkibdagi eng qimmat futbolchi Angola terma jamoasi a’zosi Jelson Dala (2,5 million evro) hisoblanadi. Undan keyingi o‘rinda Misr terma jamoasi a’zosi Hamdi Fathi (2 million evro).

Asosiy ijrochilari

Birinchi navbatda markaziy himoyachilar tandemiga e’tibor qaratamiz. Lukas Mendes – Trent Sainsburi! Jismonan baquvvat bo‘lgan yigitlar bir-birini o‘yin davomida to‘ldirib turadi. Trent ko‘pincha oldinroqqa chiqib raqibni kutib olsa, Lukas “straxovka”da qoladi. Uni kurashlarda to‘g‘ri joy tanlay olishi sababli har safar ham ko‘ravermaysiz. Yaxshi saviyadagi himoya tandemi. Oldingi chiziqda esa o‘ziga xos uchlik. Jelson-Assal-Benyettou! Qora qit’adan kelgan forvardlar triosi “Navbahor”ning asosiy muammosiga aylanishi aniq.

Jelson Dala tezkor va mehnatkash. U 90 daqiqa davomida oldinda va orqada birdek katta hajmdagi ishni amalga oshiradi. Texnikasi chakki emas, biroq asosiy kuchi jismoniy tayyorgarlikda.

Marokashlik Ayub Assal esa texnik tomonidan triodagi eng yaxshi “qurollangan” futbolchi. Birga-bir vaziyatlarda himoyachilarni ko‘pincha bezovta qiladi. Shuningdek, uning uzoq masofadan zarbasi ham yaxshi.

Muhammad Benyettou borasida yuqorida fikr bildirganim bois, ortiqcha to‘xtalib o‘tirmayman. Jamoa sardori va haqiqiy etakchi. Jazoirlik forvard uchlikda nayzaning asosiy uchi sifatida baholanadi!

Shuningdek, mahalliylashtirilgan futbolchilar orasidagi yana bir yigitni alohida e’tirof etish darkor. 23-raqamdagi Ahmad El-Sayid bugungi “Al-Vakra”ning dirijyori sanaladi. U maydon markazida, tayanch zonasida joylashgancha Qatar klubining o‘yinini boshqaradi. Texnikasi zo‘r, birinchi pasga ega bo‘lgani bois deyarli barcha hujumlar aynan shu futbolchi ijrosida start oladi. Shuningdek, erta pressingni engib o‘tish, to‘pni yo‘qotmasdan raqib yarim maydoniga olib o‘tishda ham uning xizmati ulkan. E’tiborli tomoni shundaki, “Al-Vakra” bir jamoa safida bir nechta yulduzlarni yig‘ishdan ko‘ra, jamoaviy pressing va kombinatsion futbolda ko‘proq naf beradigan atlet legionerlarni afzalroq ko‘radi. Qo‘shimchasiga, bu yigitlar yaxlit mexanizm sifatida shakllantirilgan va bu ularni yanada xavfliroq kuchga aylantiradi.

“Navbahor”ga nimalar qo‘l kelishi mumkin?

Bahs oldidan optimistik ruhdagi fikrlarni etarlicha bildirish mumkin. Masalan, vatan uchun, sha’n uchun, muxlislar uchun olg‘a! Shu va shunga o‘xshash fikrlar bilan aravani quruq olib qochgandan foyda yo‘q. Vaziyatga real ko‘z bilan boqsak, “Navbahor”ga oson bo‘lmasligi aniq. Tezkor, yaxshi birikkan va jismonan 90 daqiqa yuqori tempda to‘p tepishga qodir “Al-Vakra” biz uchun noqulay iqlimda, o‘z uyida maydonga chiqib keladi. So‘nggi o‘yinlarda “lochinlar”da kuzatilgan biroz pasayish, ruhiy holat va murabbiylar shtabiga bo‘lgan e’tirozning ortib ketishi ishni yanada chigallashib ketganiga ishora qilmoqda.

Xo‘sh, Dohada “Navbahor” uchun nima qo‘l kelishi mumkin? Birinchi navbatda, ikkinchi raqamda harakat qilgan holda, himoyada bexato harakat qilish. Huddi “lochinlar”da bo‘lgani kabi “Al-Vakra”da ham eng zaif nuqta qanot himoyasi bo‘lib turibdi. Bu Jasur Yaxshiboev, Doniyor Abdumannopov, Asad Sobirjonovlarni ikki hissa kuch bilan oldinga intilishini ta’minlashi lozim. Shu bilan birgalikda, xuddi shunday xavf raqib tomonidan ham bo‘lishini unutmaslik lozim. Shuningdek, har bir standart vaziyatda tish-tirnoq bilan jang qilish, maksimal darajada naf chiqarish lozim. O‘yin davomida to‘p nazorati katta ehtimol raqib tomonida bo‘ladi. Bu bo‘sh zonalar qoldirmaslik va raqibni zarbagacha “yopib” tashlashni talab etadi. Afsuski, 4-3-3 sxemasi 4-2-3-1 taktikasida o‘ynaydigan jamoa uchun futboldagi eng noqulay raqib sanaladi. Boz ustiga, 4-3-3 realizatsiyasida tezkor futbolchilarning bor ekanligi o‘z-o‘zidan narigi jamoa markazini o‘yindan tushib qolish xavfini oshiradi.

Ya’ni, raqib asosan qanotlar orqali oldinga o‘tgani bois, tayanch zonasi va hujumchi ortidagi markaziy yarim himoyachilarni ishsiz qoldiradi. Shu bois, “Navbahor” 22 avgust sanasida butun jamoa bo‘lib himoyalanishi va kerakli pallada katta kuch bilan oldinga o‘ta olishi lozim. Bu "manyovr"ni maydonda taktik xatosiz amalga oshirish oson bo‘lmaydi, biroq imkonsiz ishning o‘zi yo‘q. Superligada 7-8 kishi bo‘lib “Navbahor” bilan chuqur himoyada o‘ynayotgan jamoalardan so‘ng, ochiq futbolga ixtisoslashgan “Al-Vakra” oldingi chiziq vakillarini chigal tortib qolgan qanotlarini kengroq yoyishi uchun imkon beradi. Agar tezkor gol urib olsak, uni xotirjamlik bilan o‘yindagi g‘alaba kalitiga aylantirish imkoni bor.

Shuningdek, futbolda maydondagi o‘yinga aloqasi bo‘lmasada, tablodagi hisobga ta’sir ko‘rsatishga qodir boshqa omillar ham etarlicha topiladi. Ruhiy xolat, o‘yinga tanlangan to‘g‘ri strategiya va eng muhimi – omad! Bu namanganliklar uchun oddiy futbol uchrashuvidan ko‘ra, hayot-mamot jangiga aylanib ketishi mumkin bo‘lgan to‘qnashuv maqomida o‘tadigan bahs. Umid qilamanki, 90 daqiqa uchun Samvel Babayan “Game Plan” tayyorlab qo‘ygan. Aks xolda, Doxadagi bahs “Navbahor” proektining burilish nuqtasi bo‘lishi ham hech gap emas.


Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Tezkor va noqulay “Al Vakra”ga "Navbahor"ning “tishi” o‘tadimi?(Tahlil)