date
views 267

Timur Kapadze: "PFL bunday maydonni qanday qabul qilyapti..."

Timur Kapadze: "PFL bunday maydonni qanday qabul qilyapti..."

"Andijon" hamda "Olimpik" o‘rtasidagi Superliganing 17-tur o‘yinidan (2:1) so‘ng mehmon jamoa ustozi Timur Kapadze matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Timur Kapadze: "Bahs qiyin bo‘ldi. Biz yaxshiroq o‘yin ko‘rsatishga harakat qildik, biroq maydon bunga imkon bermadi. Bu tomondan "Andijon"ga osonroq bo‘ldi, chunki bunday maydonda himoyalanish oson va ular xohlayotgan o‘yinni ko‘rsatish yengilroq bo‘lsa kerak. PFL bunday maydonni qanday qabul qilyapti... Arena maydonining holati yaxshi emas. Shunga qaramay yigitlarimiz imkoni boricha harakat qilishdi.

Bahs boshida himoyachimizning xatosi tufayli gol o‘tkazib yubordik. Lekin vaziyatni o‘ngladik. Raqibning ikkinchi golida fol bor edi. Takroriy lavhada ham ko‘rdim. Ochiqchasiga fol bo‘lgan, lekin hakam jim. Komissar va boshqalar bu narsaga jiddiy qarashi kerak, chunki u gol bilan yakun topdi.

Muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi tufayli bosim bo‘ldi, lekin bolalar bor kuchini berishdi. Kamchiliklar bor, biroq bunday maydonda o‘ynash qiyin".

- Zaxiradan bahsga qo‘shilgan futbolchilar o‘yinni kuchaytira oldimi?

- Kuchaytira olishdi. Bu maydonda o‘ynash qiyin, juda qumli. Tarkibda o‘zgartirishlar qilib, jamoa jismoniy holatini yaxshilashga urindik. Lekin qiyin bo‘ldi. Zaxiradan maydonga tushganlardan ko‘nglim to‘ldi.

- Jamoa yoshlardan tashkil topgan. Bugungi atmosfera yigitlarga ta’sir qildi deb o‘ylaysizmi?

- Balki bo‘lgandir, biroq maydon holati ko‘proq ta’sir o‘tkazdi deb o‘ylayman. Raqib haqida tasavvurga ega edik, ammo maydon... To‘p bilan harakatlanish, to‘pni o‘ziga to‘g‘irlashda qiynaldik. Hakamlar vaziyatlarni qaytadan ko‘rib chiqishi kerak deb o‘ylayman.

- "Olimpik" oxirgi marta Superliga doirasida may oyida g‘alaba qozongan. Bu yilgi "Olimpik" avvalgisiga nisbatan barqaror emas.

- Ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi. Yangi yigitlar kelgan. Qayerdadir kamchiliklar bo‘lyapti, bu yosh uchun normal holat deb o‘ylayman. Asosiysi xato takrorlanmasligi. Vazifam - bu yigitlarga imkoniyat berish. Ko‘p yigitlar o‘z jamoasida o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayapti, bu yerda esa ularga imkon berayapmiz. Ular yaxshi harakat qilishsa, terma jamoaga chaqiramiz.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Timur Kapadze: "PFL bunday maydonni qanday qabul qilyapti..."