date
views 925

Shomurodov o‘zining debyuti haqida nima dedi? Muxlislarchi?

Shomurodov o‘zining debyuti haqida nima dedi? Muxlislarchi?

Kuchli beshlik chempionatlari orasida o‘ziga xos murakkabligi bilan ajralib turadigan A Seriya ham start oldi.

Italiyaning eng kuchli yigirmata jamoasi mavsumni boshladi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Eldor Shomurodov bu gal “Kalyari” jamoasi sharafini himoya qiladi.

Birinchi turda Klaudio Raneri shogirdlari Turinda “Torino” mehmoni bo‘lib, hisob ochilmagan o‘yindan bir ochko bilan qaytdi.

Hali sport formasini to‘liq tiklab olmagan Eldor Shomurodov zaxiradan maydonga tushib, yarim soat o‘ynadi. 28 yoshli futbolchimiz ancha faol harakat qildi va jamoadoshlarini hujumga boshlashga urindi. Biroq, bu hisobni ochishga kamlik qildi.

Eldor Shomurodov instagramdagi sahifasida “Torino”ga qarshi o‘tkazilgan o‘yin haqida post qoldirdi.

- Bu hali boshlanishi. Biz o‘yinimizni yaxshilash borasida ishlashni davom ettiramiz va istalgan natijalarga erishamiz! Bizni qo‘llab-quvvatlab turish uchun kelgan muxlislarga  rahmat, - deb yozdi Eldor Shomurodov.

Shuningdek, “Kalyari” muxlislari ham birinchi tur uchrashuvidan keyin sardiniyaliklar sharafini himoya qilayotgan futbolchilar o‘yiniga o‘z munosabatini bildirdi.

Sports.uz portali o‘zbekistonlik muxlislar e’tiboriga “Kalyari” ishqibozlarining fikr-mulohazalarini havola etadi.

Mario di Karlo:

“Kalyari” tarkibida hali tanilmagan futbolchilar bor. Luvumbo va Oristanioni bunga misol qilish mumkin. Eldor Shomurodov A Seriyada to‘p tepishning qiyinligini biladi. Lapadula safga qaytsa, maydondagi joy uchun kurashishiga to‘g‘ri keladi. O‘zbek hujumchisi gol urishni boshlashi kerak. Pavolettining bir nechta gol urishi bizga kamlik qiladi. Olg‘a, “Kalyari”!

Alberto Antonini:

Pavoletti va Shomurodovga aniq pas oshirib, ularni qulay vaziyatga chiqaradigan o‘yinchi bo‘lganida biz yutardik. Jamoaga hujumchilarni to‘p bilan ta’minlaydigan pleymeyker yetishmayotgani ko‘rinib turibdi.

Massimiliano Rossi:

Di Prati pleymeykerlik vazifasini asta-sekin o‘z zimmasiga olishiga to‘g‘ri keladi shekilli. Himoyadan ko‘ngil to‘q. Jamoaga yana hujumchi keladi, deb o‘ylayman. Lekin Pavoletti va Shomurodov maydonga tushib, o‘yinni ancha kuchaytirdi.

Jampaolo:

Jamoa juda yaxshi o‘ynadi, lekin hujumni yakunlovchi futbolchi yo‘q. Eldor Shomurodov hali formasini tiklab olmaganini gapirishmoqda. Bu ketishda yarim yilda ham shuni bahona qilishadimi?

Monte Prama:

Men hali Eldor Shomurodovning tarkibdagi joyini aniqlay olmadim. “Roma”dagi do‘stlarim Eldor yuqori formasiga chiqishi uchun muntazam o‘ynashi kerakligini aytmoqda. Rimliklar o‘zbek hujumchisining salohiyati yuqori ekanini ta’kidladi. Biroq, biz hali buni ko‘rganimiz yo‘q.

Ta’kidlash joizki, ikkinchi turda “Kalyari”ni jiddiy sinov kutib turibdi. 28 avgustga belgilangan uchrashuvda Klaudio Raneri shogirdlari chempionlik uchun kurashayotgan “Inter”ni qabul qiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov o‘zining debyuti haqida nima dedi? Muxlislarchi?