23:17 / 29.08.2023
163

Ro‘ziqul Berdiyev: "Bizga qarshi raqiblar ba’zida 6, ba’zida undan ham ko‘p futbolchilar bilan himoyalanadi"

Ro‘ziqul Berdiyev: "Bizga qarshi raqiblar ba’zida 6, ba’zida undan ham ko‘p futbolchilar bilan himoyalanadi"

Superliga 18-turi doirasida "Surxon"ga qarshi o‘yindan keyin "Nasaf" bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev o‘z fikrlarini bildirdi.

- O‘yin og‘ir o‘tdi, g‘alabaga osonlikcha erishmadik. "Surxon"ning o‘yin tashkil qilishi, himoyalanishi, futbol o‘ynashi nafaqat bizga emas, balki barcha jamoalarga qiyinchilik tug‘diradi. Tarkibda ham, o‘yin sxemasida ham o‘zgarishlar qildik. Bu qaysidir ma’noda o‘zini oqladi. Lekin hisob 2:0 ko‘rinishiga kelganidan keyin futbolchilarim hisobni ushlash uchun o‘ynab, raqibga vaziyat yaratishga imkoniyat berishdi, bundan ular unumli foydalanishdi. Asosiysi - to‘pni g‘alabani ushlab qolishga harakat qildik va buni uddaladik.

- Bugun jamoaning sxemasi o‘zgargani uchun oldingi "Nasaf"ni ko‘rgandek bo‘ldik. "Paxtakor" bilan ham jamoa zo‘r o‘ynadi. Xuddi 3 himoyachi bilan o‘yin chiqmayotgandek bo‘ldi. Biroq ikkinchi goldan keyin jamoa yana sust o‘yin ko‘rsatishni boshladi.

  • Fikringizga qo‘shilmayman. Biz ikkala sxemada ham ko‘p o‘ynaganmiz. Oldingi o‘yinlarda 3 markaziy himoyachi bilan o‘ynaganimizning sababi bor. Birinchidan - tarkibimizda O‘zbekistonning to‘rt nafar eng yaxshi himoyachilari bor edi. Ularning barchasidan unumli foydalanish uchun shu sxemaga o‘tgandik. Shuningdek, qanot yarim himoyachilarimiz kam bo‘lgani uchun ham bu sxemani tanlagandik. 5 himoyachili taktikamiz "Paxtakor" bilan o‘yinda ham naf berdi. Bugun nafaqat sxemamiz o‘zgargani, balki, ayrim futbolchilarga ham imkoniyat berganimiz o‘yinimizning yaxshi chiqishiga sabab bo‘ldi. Bugun to‘pni nazorati ham yaxshi bo‘ldi, kombinatsion va qarshi hujumlarimiz ham yaxshi ko‘rinish oldi.
  • Shu sababli biz ikkala sxemadan ham foydalanamiz. Biz qo‘l ostimizdagi bor futbolchilarning holatidan kelib chiqamiz. Agarda Sizning ham jamoangizda Aliqulov, Davronov, G‘aybullayev, Eshmurodov kabi himoyachilar bo‘lsa, qaysi birini zaxiraga o‘tkazishni o‘ylab qolasiz. Ikki markaziy himoyachi uslubida o‘ynasak, ikki himoyachini zaxiraga o‘tkazishim kerak bo‘lib qoladi. Endi futbolchilarni almashtirib, shu sxemada o‘ynayveramiz.

- Ushbu sxema ostida ko‘plab jamoalar o‘ynay boshladi. Bu o‘zbek futbolida odatga aylandimi yoki jamoalar natijani asosiy planga olib chiqdimi?

- Ikkinchi fikringiz juda to‘g‘ri. O‘tgan safar ham shu gapni gapirgan edim. Jamoalar hozirda natijani birinchi o‘ringa qo‘ydi. Hatto 4 himoyachili taktikada ba’zida ikki qanot yarim himoyachilari himoyaga yordamga keladi va jamoa 6 kishi bo‘lib himoyalanadi. Ayrim o‘yinlarda raqiblar bundan ham ko‘proq bo‘lib himoyalanishyapti. Shu sababli bu o‘zbek futbolida tendensiyaga aylanib qolyapti. Natija berayotgani uchun jamoalar himoyaviy uslubga o‘tishyapti. Buni biz jahon chempionatida ham ko‘rdik. Masalan Argentina termasi ham pozitsion himoyalanib, hujumga o‘tish yo‘lini tanladi. Fransiya termasida ham bu kuzatildi.

- Abduvohid Ne’matov maydonga tushmayapti.

- Umidjon Ergashev yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgani uchun u maydonga tushmayapti.

- Chaves jamoaga kelganidan keyin juda jangovarlikni namoyish qilmoqda. Bu jamoadagi raqobat sabablimi yoki uning o‘zi shunday o‘ynayaptimi?

- Raqobat borligi yaxshi. Jamoada ko‘p futbolchi bo‘lsa, rotatsiyada yaxshi bo‘larkan. Qachonki jamoa ko‘plab o‘yinlarda ishtirok etsa, bu narsa juda asqotadi. So‘nggi o‘yindan keyin tarkib tanlashda qiynalmadik. Bu ham bir yengillik tug‘diradi. Chavesni katta umidlar bilan olib kelgandik. U orqali hujumdagi samara oshishini, raqobat yaxshilanishini o‘ylagandik. Biroq uning jamoaga moslashishi kechikyapti. Shuningdek, uning kichik jarohati bor. Shu bois uni o‘yinlarga jalb qilmayapmiz. Raqobatning bo‘lgani yaxshi. Hujumchilardan doimo samaradorlikni talab qilamiz. Limadan ham shuni istaymiz. O‘tgan safar aytganimdek, Lima to‘pni ushlab turishda juda yaxshi. Biroq bizga vaziyatlarni yaxshi yakunlay oladigan hujumchilar kerak.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Bizga qarshi raqiblar ba’zida 6, ba’zida undan ham ko‘p futbolchilar bilan himoyalanadi"