Rossiya yoshlar terma jamoasi navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini Buxoroda o‘tkazmoqda. Rossiyalik futbolchilar o‘zbekistonlik tengqurlari bilan ikkita o‘rtoqlik o‘yinida ham kuch sinashadi.
Voqealarni yoritib borayotgan “Match TV” kanali O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi katta murabbiyi Farhod Nishonov bilan suhbat uyushtirdi. Suhbat davomida gap Rossiya Premer-ligasiga yo‘l olgan o‘zbek futbol maktabi tarbiyalanuvchisi Abbosbek Fayzullayev masalasiga taqaldi.
Ma’lumki, avgust oyida “Paxtakor” yetakchilaridan hisoblangan Abbosbek Moskvaning SSKA klubiga qo‘shildi. Poytaxtliklar iste’dodli o‘yinchi bilan 3+1 ko‘rinishida shartnoma imzoladi. Ayni paytda 19 yoshli legionerimiz “armiyachilar”ning asosiy tarkibiga kirish uchun kurashni davom ettirmoqda.
Fayzullayev Rossiya Premer-ligasida ikki marta zaxiradan maydonga tushdi. Shuningdek, Rosiya kubogi doirasidagi uchrashuvni boshlag‘ich tarkibda boshladi.
— Abbos Fayzullayev haqida nima deya olasiz?
— Abbos juda iqtidorli o‘yinchi. SSKAning asosiy futbolchilaridan biri bo‘lishiga aminman. Bu jamoada raqobat jiddiy, moslashib olishi uchun biroz vaqt kerak. Doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi uchun unda hamma imkoniyat yetarli.
— U Eldor Shomurodovning yo‘lini takrorlab, Rossiyadan Yevropa chempionatlaridan biriga o‘ta oladimi?
— Albatta. Abbosbek iste’dodli va tarbiyali futbolchi. Yaxshi inson. U har doim o‘z ustida ishlaydi, mahoratini oshirib boradi.
— O‘zbekiston milliy terma jamoasining bo‘lajak yulduzi, desak bo‘ladimi?
— Bunga aminman.
Darhaqiqat, Rossiya Premer-ligasi, Belarus oliy ligasi kabi chempionatlar o‘zbek futbolchilari uchun Yevropaga yo‘l ochadigan musobaqa sifatida e’tirof etiladi. Bugungi kunda Italiyada to‘p tepayotgan Eldor Shomurodov kuchli beshlik chempionatlariga Rossiya orqali yo‘l olgan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori “Rostov”dagi samarali o‘yinlari ortidan A Seriyaga yo‘l oldi.
Bu yil esa, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasida Abbosbek Fayzullayev bilan birga o‘ynagan Abduqodir Husanov Belarus oliy ligasidan Fransiyaning “Lans” klubiga ko‘chib o‘tdi. Hozircha, kuchli beshlik ligalaridagi vakillarimiz soni ikki nafarni tashkil qilmoqda.
Abbosbek Fayzullayev esa, Rossiya Premer-ligasida mahorati va tajriba oshirib, yaqin kelajakda Yevropaning yetakchi ligalariga yo‘l olishi mumkin.
Shu o‘rinda, joriy mavsumda Rossiya Premer-ligasida Abbosbek Fayzullayevdan tashqari Ibrohimxalil Yo‘ldoshev va Ruslan Jiyanov “Nijniy Novgorod”, Rustam Ashurmatov va Umarali Rahmonaliyev “Rubin” jamoalari sharafini himoya qilayotganini ta’kidlash lozim.