22:37 / 09.09.2023
167

Timur Kapadze: "Terma jamoada asosiy o‘yinchi degan narsa yo‘q"

Timur Kapadze: "Terma jamoada asosiy o‘yinchi degan narsa yo‘q"

U-23 Osiyo Kubogi saralashi 2-turi doirasidagi Gonkong – O‘zbekiston uchrashuvidan (0:10) so‘ng Timur Kapadze va Husayn Norchayev matbuot anjumanida ishtirok etishdi.

Timur Kapadze: "Chiroyli g‘alaba bilan hammani tabriklayman. Muxlislarimiz har bir o‘yinda bizni oxirigacha qo‘llab turishibdi. Ularga rahmat. Navbat Eronga qarshi bahsga, ushbu uchrashuvga tayyorgarlikni boshlaymiz".

Husayn Norchayev: "Bugun yaxshi o‘yin namoyish etdik deb o‘ylayman. Kelasi bahsda ham g‘alaba qozonib, muxlislarimizga bayram taqdim etishga harakat qilamiz".

- Uchrashuv ajoyib bo‘ldi. So‘nggi bahs Eronga qarshi. Eronliklar avvalgi o‘yinlarda bor kuchini namoyish etmadi deb o‘ylayman. Navbatdagi raqibni qay darajada o‘rgandingiz, bu bahsda birinchi raqam sifatida to‘p tepasizmi?

- Ushbu guruhdagi eng kuchlisi Eron ekanligini bilardik. Bu jamoaga qarshi kichik final bo‘lishi aniq edi. Har bir turda eronliklar va boshqa jamoalar o‘yinlarini kuzatdik. Ularda yaxshi jamoa shakllangan. Bizning jamoa ham kuchsiz emas. Ikki kun ichida yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz.

- Qaysi raqib ko‘proq qarshilik ko‘rsatdi, Gonkong yoki Afg‘oniston?

- Ikkala jamoa ham himoyadan o‘ynadi. Afg‘onistonliklar jismonan baquvattroqligi tufayli, muammolar ko‘p bo‘ldi, biroq Gonkong ham yaxshi tashkillashgan o‘yini orqali bizga qiyinchiliklar tug‘dirishdi. Afg‘oniston Gonkongga nisbatan kuchliroq qarshilik ko‘rsatishdi. Avvalgi bahsdagi kabi zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar o‘yinni kuchaytirishdi.

- Birinchi va ikkinchi bahsda tarkiblar umuman boshqacha bo‘ldi va ikkala bahs ham yirik g‘alaba bilan yakun topdi. Eronga qarshi bahsda tarkib tanlash sizga qiyinchilik tug‘dirmaydimi? Ikkinchi savolim Husayn Norchayevga, 2ta turda 6ta gol urdingiz. "Alaniya"da siz zaxirada qolib ketyapsiz. Klubdagilar siz bilan bog‘lanib, o‘yiningiz haqida fikr bildirishdimi. Turkiya yoki boshqa mamlakatlar ligasida hali transfer oynasi yopilmagan, jamoani tark etish niyati bormi?

Timur Kapadze: "Ushbu bahslardagi asosiy maqsadimiz g‘alaba edi, keyingi masala klublarda o‘yin amaliyotisiz qolayotgan yigitlarni formaga qaytarish bo‘ldi. Ikkala tarkib ham teng, jamoada raqobat juda yaxshi. Terma jamoada asosiy o‘yinchi degan narsa yo‘q. Eron bilan bahsda kimdir asosiy tarkibda o‘ynaydi, kimlardir zaxiradan maydonga tushadi, asosiysi ular jamoaga foyda keltirishi. Hammamizning asosiy maqsadimiz g‘alaba".

Husayn Norchayev: "Alaniya"dagilar kuzatib borishyapti, chunki har bir bahsdan so‘ng meni tabriklashyapti. Klubim safida o‘ynamayotganim murabbiyning qarori. Tarkibga kirishga harakat qilyapman. Klub bilan shartnomam bor va hozir "Alaniya"ni tark etish noto‘g‘ri bo‘ladi deb o‘ylayman".

- Birinchi bo‘limda chap qanot oqsadi va asosan, hujumlar o‘ng qanotdan amalga oshirildi. Lekin ikkinchi bo‘limda Hojimat Erkinov va Jasur Jaloliddinovlar hujumni kuchaytirishdi. Eronga qarshi bahs oldidan chap qanot hujumidan ko‘nglingiz to‘qmi?

- Fikringizga qo‘shilmayman, ikkala qanot yaxshi ishladi. Ha, birinchi bo‘limda hujumlar kam bo‘lgandir. Kamchiliklar bo‘lishi mumkin. Bu bahslardan oldin o‘rtoqlik o‘yinlari bo‘lmadi, yigitlar turli jamoalardan kelishgan. Menimcha, ikkala qanot vakillari o‘yindan-o‘yinga kuchayib borishmoqda.

- Savolim Xoldorxonov haqida. Kecha u "Paxtakor" - "Olimpik" o‘yinida ajoyib gol urib, "sherlar"ga g‘aaba keltirdi. Nega u terma jamoaga jalb etilmayapti?

- Po‘latxo‘ja Xoldorxonovni nimalarga qodirligini yaxshi bilamiz. U yig‘inda ishtirok etdi. Mashg‘ulotlar paytida uni boshqalar bilan solishtirdik, hammani o‘ynatishning iloji yo‘q. Hozirgi holatdan kelib chiqib, shu qarorni qabul qildik. Po‘latxo‘ja yaxshi futbolchi, kelajakda vaziyat o‘zgarishi mumkin. Hamma yerda raqobat bor, shunchaki futbolchilarning hozirgi holati bo‘yicha qaror qabul qildik.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Timur Kapadze: "Terma jamoada asosiy o‘yinchi degan narsa yo‘q"