Rossiya Premer-ligasining sakizinchi turida Moskvaning SSKA klubi o‘z maydonida Samaraning “Krilya Sovetov” jamoasini qabul qilib, to‘rtta gol bo‘lgan o‘yinda mag‘lubiyatdan bazo‘r qutilib qoldi.
Ikkinchi bo‘lim boshidan maydonga tushgan Abbosbek Fayzullayev faol o‘yini bilan SSKAning ochko olishiga katta hissa qo‘shdi.
Uchrashuvdan keyin SSKA bosh murabbiyi Vladimir Fedotov bellashuv haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
- Bahsning birinchi bo‘limida go‘yo biz maydondan yo‘q edik. Bizga sportdagi vajohat yetishmadi, bu xususiyatni kiyim almashtirish xonasida unutib qoldirgan ekanmiz.
Bu muammo bizning zimmamizda. Bizga o‘yindagi ishtiyoq yetishgani yo‘q.
Tanaffusda kerakli o‘zgartirishlarni qildik, jamoa maydonga chiqib, hali kurashishga qodirligini ko‘rsatdi, - dedi Vladimir Fedotov.
Shuningdek, bosh murabbiy uchrashuvda faol o‘ynagan va jamoani mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan golli pasga mualliflik qilgan Abbosbek Fayzullayev haqida ham gapirdi.
- Abbosbek Fayzullayev bizga qo‘shilganiga ma’lum vaqt bo‘ldi. Futbolchi mashg‘ulotlarimizda faol qatnashdi.
Yaqinda terma jamoaga borib keldi. U yerda o‘z o‘yini bilan maydonda asosiy figuralardan bo‘ldi. Biz uning imkoniyatlarini tahlil qildik, xulosalarimizni chiqardik.
Biz Fayzullayevni bugungi o‘yinda maydonga tushirishni rejalashtirib qo‘ygandik.
Transfer kampaniyasi yakunlandi. Endi afsuslanish befoyda va bunga vaqtimiz ham yo‘q. Men muzokaralarda qatnashmayman. Men nishonimizdagi futbolchilar bilan gaplashaman, lekin transferlarda bevosita ishtirok etmayman.
Har doim turli nyuanslar va mayda-chuyda narsalar kelib chiqadi va aynan shular transferlarning amalga oshishiga to‘sqinlik qiladi. Shuning uchun ham biz o‘zimiz rejalashtirgan hamma o‘yinchilarni transfer qila olmadik, - dedi SSKA bosh murabbiyi Vladimir Fedotov.
Eslatib o‘tamiz, SSKA ketma-ket ikki mavsumdan beri transfer kampaniyasini o‘zi istagan darajada yakunlay olmayapti. Bu gal moskvaliklar atigi uch nafar yangi o‘yinchi oldi.
Xususan, poytaxt klubi Braziliyaning “Atletiko Paranaense” jamoasidan o‘ng qanot himoyachisi Kellven, “Paxtakor” hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullayev hamda Meksikaning “Leon” klubi hujumchisi Viktor Davila "armiyachilar" sharafini himoya qiladigan bo‘ldi.
Shuningdek, moskvaliklar Braziliyaning “Internatsional” jamoasidan ijaraga olingan Moyzesning transferini to‘liq sotib oldi. Shunga qaramay, klub chap qanot himoyasi uchun mo‘ljallangan transferlarni amalga oshirib ulgurmagani tanqid qilinmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!