date
views 510

Rossiya futbolining eng yorqin yulduzlari endi Fayzullayevga muxlislik qiladigan bo‘ldi

Rossiya futbolining eng yorqin yulduzlari endi Fayzullayevga muxlislik qiladigan bo‘ldi

Rossiyadagi futbol mutaxassislari, muxlislari va jurnalistlar Premer-liganing sakkizinchi turidan o‘rin olgan SSKA va “Krilya Sovetov” o‘yinidagi vaziyatni tahlil qilmoqda.

Moskvalik armiyachilar birinchi bo‘limda raqibga hech qanday qarshilik ko‘rsata olmadi. O‘yinning ikkinchi bo‘limida mezbonlar o‘yinchisi Villian Rosha maydondan chetlatildi. Biroq kam bo‘lib qolganiga qaramay, SSKA o‘yinda ustunlikni o‘z tomoniga og‘irdi. Bu ishni tanaffusdan keyin maydonga tushgan yangi o‘yinchi – 19 yoshli Abbosbek Fayzullayev uddaladi.

Rossiya futbolining yaqin o‘tmishdagi yulduzlari – sakkiz karra chempioni Andrey Tixonov hamda UYEFA kubogi va Superkubogi sohibi Andrey Arshavin  o‘zbekistonlik legioner jamoasi o‘yinida keskin burilish yasay olganini e’tirof etdi.

Andrey Tixonov:

— Hisob adolatli bo‘ldi, deb o‘ylayman.  Men faqat bir narsani tushunmadim. Nega “Krilya Sovetov” ko‘p bo‘lib o‘ynayotgan SSKA ustunlik qila boshladi?

Tarkib teng bo‘lgan paytda SSKA 20-25 daqiqa davomida hech narsa qila olgani yo‘q.

SSKA o‘yinchi almashtirish orqali o‘yin tizginini o‘ziga og‘dirdi. Moskvaliklar o‘n kishi bo‘lib, raqibga pressing uyushtirdi.

Nega o‘n bir kishi bo‘lganida ular bunday o‘ynamadi?

Abbosbek Fayzullayev maydonga tushib, o‘yinga kuchli ta’sir o‘tkazdi. U barchamizni o‘ziga muxlis qilib qo‘ydi. Endi SSKA muxlislari bu transfer to‘g‘ri tanlov ekanini tan olishi mumkin.

Andrey Arshavin:

—O‘yinda “Krilya Sovetov”ga nima bo‘lganini tushuntirib berish juda qiyin.  Balki, bunga o‘yinchilarning tajribasizligi sabab bo‘lgandir. Biroq tarkibda hammasi ham yosh o‘yinchi emas edi. Ular himoyaga yotib ham olgani yo‘q.

Bunga SSKAning zaxiradan maydonga tushgan futbolchilari o‘yinni o‘zgartirib yuborganini sabab qilib ko‘rsatish mumkin. Bular Abbosbek Fayzullayev va Fyodor Chalov. Lekin SSKA o‘z o‘yinchisi chetlatilganidan keyin o‘yinda ustunlikni o‘ziga og‘dirganini tushuntirib berishning imkoni yo‘q.

O‘n kishi “Krilya” futbolchilarini maydonning ikkinchi yarmiga qamab qo‘ydi. Tarkiblar tengligida bunday emasdi. Samaraliklar to‘p yo‘qotmayotgan edi. SSKA o‘yinchisi maydondan chetlatilishi bilan raqib to‘p yo‘qota boshladi. SSKAning darajasi raqibdan yuqoriroq ekan.

Ta’kidlash joizki, Abbosbek Fayzullayev “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. SSKA klubi 19 yoshli futbolchini avgust oyida transfer qildi.

Abbosbek Fayzullayev 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati g‘olibi va turnirning eng yaxshi futbolchisi sovrini sohibi bo‘ldi. Shuningdek, Argentinada o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham o‘z mahoratini namoyish etdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rossiya futbolining eng yorqin yulduzlari endi Fayzullayevga muxlislik qiladigan bo‘ldi