Kuni kecha OCHL guruh bosqichi birinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. O‘zbek klublari startda turli natijalar qayd etishdi.
Saudiya Arabistoniga safar qilgan OKMK (0:3) yirik hisobda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, "Navbahor" (1:1) kuchli raqib maydonida bir ochkoni qo‘lga kiritdi. "Nasaf" esa Iordaniyadan ortga uch ochko bilan qaytdi (1:0). "Paxtakor" (0:3) uyda "Al Ayn"dan zarbani qabul qilib oldi. Mazkur uchrashuvlar haqida "sherlar"ning sobiq ustozi, ayni paytda O‘zbekiston U-15 terma jamoasida maslahatchi lavozimida faoliyat olib borayotgan Jasur Abduraimov fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Paxtakor"
— Albatta natija boz ustiga uyda, bunday tarkib bilan shunchaki dahshat. "Al Ayn"ga e’tibor bering, ular xotirjam o‘z futbolini o‘ynamoqda, pressing qilmoqda. "Paxtakor" ham bosim qildi. Lekin bu yetarli bo‘lmadi. Raqib jamoa o‘yinidagi chiziqlar orasida bog‘lamlarga qarang. O‘yinda kompaktlik bor. Eng muhimi bosimsiz, paslar bilan harakat qilishyapti. Bizning futbolchilarimiz ham yomon emas, lekin bosim qilinganda to‘pni yo‘qotib qo‘yishmoqda. Kompaktlik yo‘q, hammasi o‘qilgandek taassurot qoldirdi.
"Navbahor"
— Murabbiy o‘yinga to‘g‘ri taktika tanladi, deb o‘ylayman. Masalan himoyaga e’tibor qaratgan holda, hujumda imkoniyatni kutib o‘ynash menga yoqmaydi. Lekin boshqa tomondan olib qaralganda "Al Hilol" bilan qanday qilib ochiq futbol o‘ynash kerak? Ulardagi ijrochilar berilgan yarimta imkoniyatdan ham foydalanib ketadi. Yuqorida aytganimdek taktika ish berdi. "Navbahor" futbolchilari nimani istayotgani ma’lum bo‘ldi, muhim durangga erishishdi. Bu tomondan murabbiyni va jamoani olqishlash kerak.
OKMK
— O‘yin boshidagi ikkita gol jamoaga ruhiy tomonlama ta’sir ko‘rsatdi. "Al Ittihod" esa OKMK futbolchilarida o‘ziga ishonch yo‘qligini payqadi va bundan unumli foydalanib qoldi. OKMKning raqibi juda kuchli jamoa edi. "Al Ittihod" ko‘rsatgan o‘yin menga yoqdi. Aytganimdek, 2ta goldan so‘ng futbolchilarning ruhi tushib ketdi. Albatta jamoa o‘z o‘yinini ko‘rsatishga urinib ko‘rdi. Ammo ko‘p narsa tarkibdagi ijrochilarga ham bog‘liq. Murabbiy ham shuni tushungan holda himoyadan o‘yin qurishga harakat qildi. Bilasizmi, vaziyat ortda qolgandan so‘ng gapirish oson. Uni maydonda his qilib ko‘rish ikki karra qiyin.
"Nasaf"
—"Nasaf"ning raqibi "Al Ittihod" singari kuchli ijrochilarga ega emasdi. Shunga qaramay oson bo‘lmadi, deya olaman. "Nasaf" to‘g‘ri o‘ynadi. Qayerdadir hujumga chiqdi, qaysidir pallada o‘yindan kelib chiqib himoyada harakat qildi. Bu jamoa kollektiv yaxshi, murabbiyiga ortiqcha ta’rif shart emas. Ular kompaktni o‘yin ko‘rsatadi. Bir so‘z bilan aytganda Ro‘ziqul Berdiyev jamoani har xil vaziyatga tayyor holda maydonga tushiradi. Uning ishi jamoada ko‘rinib turibdi. Kollektiv ham ahil ekanligi ma’lum. Jamoani o‘yiniga qarab kollektiv qandayligini yaqqol sezib olish mumkin. Futbolchilar, murabbiylar bir oila va ahil bo‘lsa, istalgan uslubda natija qilish mumkin.
Muallif: Iskandarov Abdulaziz