“Paxtakor”dan Moskvaning SSKA klubiga transfer qilingan Abbosbek Fayzullayev nihoyat Rossiya Premer-ligasidagi gollari hisobini ochdi.
Hamyurtimiz o‘tgan turda Fyodor Chalovga golli pas uzatib, “Krilya Sovetov” bilan bo‘lgan bahsda “armiyachilar”ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Bu gal Fayzullayevning o‘zi gol urib, SSKAga “Rostov”dan bir ochko olib berdi.
Aytish joizki, rostovliklar ikki marta ikki to‘p farqi bilan hisobda oldinda borganiga qaramay, g‘alabani ushlab qola olmadi. Bunga 70-daqiqada Abbosbek Fayzullayev tomonidan kiritilgan supergol sabab bo‘ldi.
O‘yindan keyin SSKA bosh murabbiyi Vladimir Fedotov uchrashuv haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Shuningdek, yangi o‘yinchilarning tez moslashayotganiga baho berdi.
- Uchrashuv g‘alati boshlandi. “Rostov” o‘yinchilari uzoqdan aniq zarba bera olishi haqida shogirdlarim ogohlantirilgandi. Lekin ular raqibni kerakli nuqtada kutib olmadi. Oqibatda to‘p darvoza to‘ridan joy oldi.
Biz gollarni o‘tkazib yubordik. Shukrki, tezda o‘zimizni o‘nglab oldik. Darvozamiz oldida yana xavfli vaziyatlar bo‘ldi. Raqibdan ijodiy ma’noda turtki yedik, shundan keyin ishga kirishdik. Birinchi bo‘limda yetarlicha vaziyatlarni yarata oldik va bitta javob to‘pini kiritdik.
Bosh qotiradigan masalalarimiz bor. Hujum chizig‘i va himoya o‘rtasida balans yo‘q. Yangi yechim izlashimizga to‘g‘ri keladi. Uchta gol o‘tkazib yuborish va uchrashuvni bunday boshlash mumkin emas, - dedi Vladimir Fedotov o‘yin haqida.
Shuningdek, Vladimir Fedotov jamoaga yangi kelgan va “Rostov” bilan o‘yinda o‘z gollari bilan jamoaga bir ochko keltirgan Kellven va Abbosbek Fayzullayev haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
- “Rostov”ga qarshi bellashuv Kellven uchun safimizdagi to‘rtinchi o‘yin bo‘ldi. Abbosbek Fayzullayev esa, SSKAdagi oltinchi o‘yinini o‘tkazdi. Albatta, urilgan gollar, ijobiy va samarali harakatlar ko‘p bo‘layotgani yangi futbolchilarning jamoaga moslashish jarayoni to‘g‘ri yo‘nalishda ketayotganidan dalolat beradi.
Futbolchilarning bir-birini tushunib o‘ynashining ahamiyati juda yuqori, o‘yindan o‘yinga bu holat tobora yaxshilanib bormoqda, - dedi Vladimir Fedotov.
Braziliyalik himoyachi Kellven uchun debyut golini urishga Premer-liga va Rossiya kubogidagi to‘rtinchi uchrashuv kifoya qildi. Abbosbek Fayzullayev bu ikki turnirdagi oltinchi o‘yinida gollari hisobini ochdi.
Legionerimizning golidan keyin SSKA to‘plagan ochkolar soni 13 taga yetdi. “Armiyachilar” to‘qqizinchi turdan keyin musobaqa jadvalida to‘qqizinchi o‘rinni egallab turibdi.
SSKA 10-tur bellashuvini 30 oktyabr kuni Moskvada o‘tkazadi. Poytaxtliklar shu kuni yuqori divizion debyutantlaridan “Baltika”ni qabul qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!