Joriy mavsumda "Nasaf" jamoasi muxlislarda o‘z o‘yini bilan yaxshi taassurot qoldirganiga qaramay, kerakli ochkolarni boy berishda davom etayotganidan xabaringiz bor. "Ajdarlar"ning hozirgi holati va o‘yindagi muammolari borasidagi kichik tahlilga e’tiboringizni tortmoqchiman. Har doimgidek, katta mavzuni kichik matnda tushuntirib beramiz.
Realizatsiya va keskinlik
Qarshi klubi ortda qolgan 18 o‘yin davomida 33 ochko ishladi. To‘plar nisbati +8. E’tiborli tomoni shundaki, agar xG taqdim etgan ma’lumotlarga e’tibor qaratsak, vaziyat aslida qanday ekanligi yaxshiroq namoyon bo‘ladi. Keling, "ajdarlar"ning Superligadagi 19 o‘yinida qayd etgan umumiy statistikasini ko‘rib chiqamiz.
"Nasaf" 19 o‘yinda 21 bor raqib darvozasini ishg‘ol etgan.
"Nasaf" 19 o‘yinda o‘z darvozasidan 13 ta to‘p o‘tkazgan
"Nasaf" o‘rtacha har 83 daqiqada bitta gol kiritadi
"Nasaf" o‘rtacha har 132 daqiqada to‘p o‘tkazib yuboradi
"Nasaf" har bir o‘yinda o‘rtacha 1,11 ta gol uradi
"Nasaf" har bir o‘yinda o‘rtacha 0,68 ta go‘l o‘tkazib yuboradi
E’tiborli tomoni, jamoa xG (Har bir o‘yinda o‘rtacha gol kiritish ehtimoli) bo‘yicha bir bahsda 1,36 ta gol imkoniyatga ega bo‘lmoqda. Ularning 1,11 tasi gol bilan yakunlanishini hisobga olsak, realizatsiya masalasida muammo deyarli yo‘q. "Ajdarlar" o‘yin davomida yaratgan imkoniyatlaridan foydalanish borasida emas, ularni yuzaga keltirishda muammolarga duch kelmoqda. Jamoada hujumlarni keskinlashtiruvchi paslar juda tanqis. Bu boradagi katta hajmdagi ishni himoyachilar amalga oshirishiga to‘g‘ri kelayotgani bejizga emas.
Bahrom Abdurahimov 0 assit, Oybek Bozorov 2 assist, Marko Stanoyevich 1 assit, Jambuli Jigauri 0 assist, Javohir Siddiqov 2 assistni qayd etgan. Birgina Sherzod Nasrullayev hisobidagi assistlar soni 4 tani tashkil etadi. Aynan yarim himoya chizig‘ining keskinlik ta’minlay olmagani sababli ham, "Nasaf" kiritgan gollarning kattagina qismi standart vaziyatlardan so‘ng yuzaga kelmoqda. Gollar masalasida esa, vaziyat "Nasaf" oldingi chizig‘i qanday darajada yomon natija qayd etayotganidan dalolat:
Aziz Amonov 2 ta gol, Matteus Lima 2 ta gol, Chaves 0 ta gol
Jo‘rabek Mannonov 1 ta gol, Alibek Davronov 3 ta gol, Husniddin Aliqulov 5 ta gol.
Yana bir muhim fakt. "Nasaf" umimiy hisobda 19 o‘yinda hech kimga to‘p nazorati borasida imkoniyat qoldirmagan. Ya’ni, 53,7 foiz nazorat "ajdarlar"ga tegishli. Bu superligadagi eng yaxshi natijalardan biri. Shuningdek, xGA borasida (gol o‘tkazib yuborish ehtimoli) "Nasaf" O‘zbekistonning eng kuchli klubi bo‘lib turibdi. Superligada doirasida bir o‘yinda "ajdarlar" raqiblari 90 daqiqa davomida o‘rtacha 0,94 ta gol urish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ulardan o‘rtacha bir o‘yinda 0,68 tasi golga aylanadi xolos.
Muammo nimada?
Birinchi navbatda maydon markazidagi ijrochilarning hech biri pleymeykerlik vazifasini bajarib bera olmayapti. Natija hujumlarning katta qismi qanot himoyachilari tomonidan uyushtirilishiga guvoh bo‘lyapmiz. "Ajdarlar" o‘tgan mavsumlarda aynan markaz va qanotni birdek hujum quroli sifatida ishlatgani uchun ham raqiblar keskinlikni ikki frontda kutib olishga majbur bo‘lgan bo‘lsa, hozir deyarli barcha hujum qanotdan yorib kirish va uzatma bilan yakunlanmoqda. Oldinga o‘tishdagi kreativlikning yo‘qolgani va raqiblarning "Nasaf"ga qarshi katta kuch bilan himoyalanishi oqibatida "ajdarlar" besamar harakatlari soni ortib ketmoqda.
Keraksiz to‘p nazorati, keskinlik qo‘shmaydigan qanotdan uzatmalar, zaxirada o‘yinni strategik boshqa uslubga o‘tkazadigan ijrochining yo‘qligi "Nasaf"ni raqiblari uchun juda sodda uslubdagi harakat qiladigan jamoaga aylantirib qo‘ydi. Bunday stildagi o‘yin ikkinchi raqamda harakat qiladigan jamoalar uchun tayyor "go‘sht". E’tibor qilgan bo‘lsangiz, jamoa Superliga aynan shu stilda o‘ynaydigan jamoalarga ("Andijon", "Neftchi", "Bunyodkor") yengildi. Qo‘shimchasiga, mavsum boshida Dilshod Saitovning jamoani tark etishi ham "ajdarlar" uchun og‘ir zarbaga aylandi. Aynan bu yo‘qotish o‘rnini to‘ldirish uchun jamoaga jalb etilgan Shuhrat Muhammadiyev hali birorta foydali harakatni amalga oshirgani yo‘q. O‘tgan mavsumlarda Saitovning qanotdagi reydlari ham, "Nasaf"ning hujumlar rang-barangligini ta’minlagan bo‘lsa, hozir Sherzodning tezkor reydlariga Superliganing istalgan jamoasi tayyor.
Butun bahs davomida "Nasaf" yuqori tempni ushlab turishga harakat qiladi. Natijada, juda katta kuch sarflanadi. Raqib esa, juda sodda hujum qilayotgan "Nasaf"ni ikki chiziqli himoya qo‘ygancha kutib olib zararsizlantiradi. Qarabsiz-ki, so‘nggi 10 daqiqada va-bankka chiqqan "ajdarlar" qarshi hujumlar uchun ajoyib nishonga aylanmoqda. "Ajdarlar" joriy mavsumda o‘zidan xG borasida yaxshiroq natija qayd etgan birorta jamoga mag‘lub bo‘lmagan. Soddaroq qilib aytganda, ochiq futbol o‘ynab hech kim "Nasaf"ni yuta olmaydi.
Yechim izlanmayaptimi?
Ro‘ziqul Berdiyev yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammoni oldindan ko‘ra olgan. Tarkibga mavsum boshida jalb etilgan Javohir Siddiqov aynan hujum ortidagi kreativlikni ta’minlashi kerak edi. Afsuski, Siddiqov ko‘pchilik kutganidek, "Nasaf"ning "lokomotiv"iga aylana olmadi.
Qo‘shimchasiga, Marko Stanoyevich ham, mavsumning startini o‘tkazib yubordi. Hozir esa, avvalgi sport formasini tiklash bilan ovvora. Mavsum boshida jamoani tark etgan Husayn Norchayev o‘rnini to‘ldirishi taxmin qilingan Aziz Amonov transferi ham deyarli nishonga tekkani yo‘q. Amonov jarima maydonchasi ichida Husayn singari aktiv emas. Yakkakurashlar va ikkinchi qavatdagi faollik borasida ham Norchayevning o‘rnini to‘ldira olmaydi. U katta bo‘shliqqa ega bo‘lishga ixtisoslashgan forvardlar sirasiga kiradi. Asosiy kozer qartasi tezlik bo‘lgan yigit Superligada "Nasaf"ga deyarli yordam bera olmayapti. Sababi, hech kim qarshiliklar bilan ochiq futbol o‘ynamaydi. Zich himoyalanayotgan raqib jarima maydonchasi ichida Amonov shunchaki yo‘qolib qolmoqda.
Aynan shu faktorlarni hisobga olgan xolda, Ro‘ziqul Berdiyev qishki transfer oynasi chog‘ida maydon markazidagi aktivlikni oshirish, so‘nggi uzatmani amalga oshirishga qodir va hujumlarga rang-baranglik berishga qodir "fantazista" izladi. Jamoa gruziyalik Jaba Jigauri tanlovini qildi. Oldingi chiziqdagi Amonovning passivligini jismonan baquvvat va yakkakurashlarda faol bo‘lishi taxmin qilingan Chaves bilan kompensatsiya qilmoqchi bo‘ldi. Afsuski, bu transferlar haligacha kutilganidek naf bergani yo‘q. Chaves hozir jarohati bilan ovora bo‘lsa, Jaba 14 hududdagi "Nasaf"ning yangi hujumlarni boshqaruvchi richagiga aylana olmadi.
Berdiyev yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni oldindan to‘g‘ri his qilgan, ammo kerakli ijrochilar bilan buni o‘rnini to‘ldirishga qodir transfer kompaniyasini amalga oshirishni uddalay olmadi. Mavsum boshida jamoa budjeti qancha bo‘lishi noma’lum bo‘lgan bo‘lsa, qishki transfer oynasidagi transferlar "bingo" darajasida ijobiy effekt bergani yo‘q.
Xulosa o‘rinida
Katta exitmol, "Nasaf" OCHL guruh bosqichini muvaffaqiyatli o‘tkazadi. Jamoa darajasi hozirgi tarkibning potensiali ochiq futbol birinchi planga ko‘tarilgan musobaqada yaxshiroq namoyon bo‘ladi. Shuningdek, O‘zbekiston kubogidagi ishtirok ham juda muhim. Ichki birinchilikdagi oltin medal uchun nazariy jihatdan imkoniyat bo‘lishiga qaramay, amalda bu juda murakkab vazifa. Ro‘ziqul Berdiyev yuqorida sanab o‘tgan ikki frontimdagi kurashda munosib ishtirok etsa, bemalol mavsumni qutqarib qolishi mumkin. Boz ustiga, kelasi transfer kompaniyasi yuzaga kelgan muammolarni yechish uchun eng zo‘r imkoniyatni taqdim etadi.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!