12:36 / 01.10.2023
328

Superligada kimning oti chopadi, yoxud chempionlik poygasidalarning taqvimi qanday?

Superligada kimning oti chopadi, yoxud chempionlik poygasidalarning taqvimi qanday?

Superliga o‘zining eng qizg‘in pallasiga kirganidan xabaringiz bor. Ayni damda, chempionlik poygasida ishtirok etayotgan 4 jamoa uchun hayot-mamot davri boshlanmoqda. "Paxtakor", "Nasaf", "Navbahor" va "Neftchi" qolgan turlarda kimlar bilan kuch sinashadi? Qay birining taqvimi og‘irroq?

"Paxtakor" chempionlikni ushlab qoladimi?

"Sherlar" ketma-ket ikki turda ochko yo‘qotgach, chempionlik poygasidagi "ishonchli pozitsiyasini" yo‘qotib qo‘ygandek bo‘ldi. OKMK bilan bahsdagi durang ortdan sabr bilan quvib kelayotgan "Neftchi"da imkoniyat paydo bo‘lgani rost. Oldinda "sherlar"ni mehmonda "Andijon" bilan "bolta-chopqi" bahs kutib turibdi. Qo‘shimchasiga, 24-turda "Nasaf" bilan Toshkentdagi o‘yin ham chinakam "qonli to‘qnashuv"ga aylanib ketishi mumkin. Shunga qaramay, ortdan quvib kelayotgan jamoalar bilan solishtirganda "Paxtakor"ning taqvimi bir muncha yengilroq.

"Nasaf" 6 o‘yinda 18 ochko oladimi?

"Ajdarlar" "Bunyodkor"ga boy berilgan o‘yindan so‘ng, chempionlik imkoniyatini keskin tushirib yuborgan rost. Qarshiliklar kvartetdagi eng og‘ir taqvim egasi. Ya’ni, "Paxtakor", "Neftchi" va "Navbahor" bilan to‘qnash kelishiga to‘g‘ri keladi. Qo‘shimchasiga, so‘nggi turda OKMK bilan bahs ham oson o‘tmasligi aniq. Shunga qaramay, "Nasaf"da unikum imkoniyat bor. O‘zaro o‘yinlarda asosiy raqiblarni yengish orqali o‘rtadagi farqni keskin qisqartirish kerak bo‘ladi. Bu oson vazifa emas, ammo hozir Superligani boshqachasiga yutishning imkoni yo‘q.

"Navbahor" stabillik ko‘rsatadimi?

Namanganliklar uchun ham taqvim havas qiladigan darajada deb bo‘lmaydi. To‘g‘ridan-to‘gri raqobatchi sanalgan "Nasaf" va "Neftchi" bilan o‘yinlardan tashqari, o‘z praymidagi "Surxon" bilan bahs ham murakkab o‘tishi aniq. Samvel Babayan shogirdlari mavsumni nostabil o‘tkazmoqda. "Andijon"ga boy berilgan o‘yin esa, yakunda hal qiluvchi burilish nuqtasiga aylanishi ham hech gap emas.

"Neftchi" asosiy ta’qibchi?!

"Yo‘lbarslar" uzoq yillik tanaffusdan so‘ng, yana "katta o‘yinga" qo‘shilgani quvonarli. Hali-hamon mag‘lubiyat nima ekanligini bilmay kelayotgan "Neftchi" uchun taqvim oson emas. "Nasaf" va "Navbahor"ga qarshi o‘yindagi ijobiy natija jamoani chempionlik poygasidagi imkoniyatlarini oshib ketishiga sabab bo‘ladi. Qo‘shimchasiga, qoldirilgan o‘yindagi g‘alaba "Paxtakor" bilan o‘rtadagi farqni 3 ochkogacha qisqartiradi.

P.S.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkin-ki, chempionlik poygasidagi kvartet ancha zich joylashgan. O‘zaro o‘yinalardagi natijalar kutilmagan voqealarga sabab bo‘lishi hech gap emas. "Paxtakor"ning so‘nggi ikki turdagi omadsiz o‘yini ortdan kelayotgan jamoalarni tezlikni oshirishiga undagani aniq. Yakunda oltin medallar kimga nasib etishi esa, javobi qiyin topishmoqqa aylanib bormoqda.

Siznincha, yakunda kim chempionlikni o‘z foydasiga hal etadi?

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

Manba: Sports.uz


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superligada kimning oti chopadi, yoxud chempionlik poygasidalarning taqvimi qanday?