"Nasaf" Osiyoda hech kimga o‘xshamaydi, bu erga kelib-ketish uchun kelmadim" - Azizbek Amonov
Osiyo Chempionlar ligasi 2-turida ham “Nasaf” yana barcha muxlislarni quvontirdi. O‘z maydonida Qatarning “Al Sadd” klubiin qabul qildi va 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvda ikkita gol urgan Azizbek Amonov esa chin ma’noda bahs qahramoniga aylandi. Uning gollari va jamoasiga foyda keltirgani maqtovlarga sazovor bo‘lyapti.
- “Nasaf”ning “Al Sadd”ga qarshi o‘yini eng muhimlaridan biri edi va mana shunday bahsda ikkita gol urib uchrashuv qahramoniga aylandingiz. Bunday o‘yindan so‘ng kechinmalaringiz qanday?
- Tabrik uchun rahmat. Allohga shukr, g‘alabaga erishib, bizni qo‘llab-quvvatlagan muxlislarimizni, yaqin insonlarimizni xursand qildik. Juda muhim o‘yin edi va yana o‘z maydonimizda muxlislarga quvonch ulashib, ularga bayram qilib bermoqchi bo‘ldik. Xudoga shukrki, bunga erishdik. Bu o‘yinga dadam ham kelgandi. Ularning ko‘z o‘ngida gol urish bu boshqacha his tuyg‘ularni berdi.
- “Al Sadd” darvozasiga urgan ikkita golingiz ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilyapti. Uchrashuvdan avval dublga erishishingizga va o‘yin qahramoniga aylanishingizga ishonchingiz komilmidi?
- Har bir hujumchi singari men ham jamoamga yordam berish ishtiyoqida, gol urish uchun maydonga tushaman. Gollar urganim esa bu jamoadoshlarimning mehnati. Ular menga imkoniyat yaratib berishdi va gol urish menga nasib qildi.
- “Al Sadd”ni barcha yaxshi bilardi. O‘yindan avval ham “Nasaf” bosh murabbiyi raqib to‘g‘risida iliq gaplarni aytgandi. Ayting-chi, “Al Sadd” siz kutgan darajada o‘yin ko‘rsatdimi yoki “Nasaf” har jabhada ularni zararsizlantira oldimi?
- Chempionlar ligasida kuchsiz jamoa yo‘q. Biz ham yaxshi tayyorlangandik. Bu o‘yinda ko‘proq xohish muhim rol o‘ynadi, deb o‘ylayman. “Nasaf”da har doim hujumkor o‘yin taklif qilishga harakat qilamiz. Yutsak ham, yutqazsak ham. Natija esa Xudodan. Shu o‘rinda yana bir narsani aytib o‘tmoqchiman, uchrashuvdan oldingi intervyuni o‘qidim. “Al Sadd” bosh murabbiyiga “Nasaf”ni Qatardagi qaysi jamoaga o‘xshatasiz, degan ma’noda savol berilgan. To‘g‘risi, bu savoldan jaxlim chiqdi. “Nasaf” Osiyoda hech kimga o‘xshamaydi. Bejizga qarshilik muxlislar “Nasaf”ga o‘xshashi yo‘q deyishmaydi. Iltimos qilardimki, o‘zbek jamoalarini boshqa Osiyo klublariga o‘xshatishmasin.
- Nima deb o‘ylaysiz, o‘sha matbuot anjumanidagi gaplar ham balki sizga yanada motivatsiya bergandir...
- Bo‘lishi mumkin. Lekin o‘sha gaplar bo‘lmasa ham biz nafaqat Qarshi yoki “Nasaf” nomidan, balki O‘zbekiston nomidan maydonga chiqqanimizni barcha futbolchilar yaxshi his qilib turgandilar. “Al Sadd” tarkibida 12 nafar Qatar terma jamoasi a’zolari bor, adashmasam.
- O‘tgan turda Superligada 25-soniyada gol urdingiz, bu safar OChLda dublga erishdingiz. Amonov yana oldingi sermahsulligini ko‘rsata boshladi. Shu narsa birinchi davrada unchalik ko‘zga tashlanmagandek bo‘ldi, bunga nima sabab, umuman bu fikrga qo‘shilasizmi?
- Bu gapni o‘yindan keyin ham, hozir ham aytaman: har bir futbolchi kabi gol urish va jamoaga yordam berish niyatida maydonga tushaman. Qolgani Xudodan.
- Adashmasam, birinchi davradan keyin sizda yana boshqa variantlar bor edi, sir bo‘lmasa qaerdan edi va “Nasaf”da qolishingizga nima turtki berdi?
- Men “Nasaf”ga kelib-ketish uchun kelmadim. Bu erda ajoyib oila shakllangan.
- “Al Sadd” darvozasiga urgan ikkala golingizga qanday ta’rif berasiz? Uchinchi goldan so‘ng g‘alabaga mutlaqo shubhangiz qolmaganmidi?
- 3:0 dan keyin ham agar erkinlikka berilganimizda g‘alabani qo‘ldan boy berishimiz hech gap emasdi. Bu – futbol. Futbolda 10 daqiqada ham o‘yin taqdiri o‘zgarib ketishi mumkin. Gollarimning ta’rifini jamoadoshlarimning mehnatlari degan bo‘lardim.
- Erondagi faoliyatingiz hayotingizda eng qiyin lahzalar bo‘lib qoldimi yoki sizga manzur bo‘lgan tomonlari ham bo‘lganmi?
- Yaxshi savol. “Al Sadd”ga qarshi uchrashuvdan keyin Sports.uzda bitta rasm ko‘rdim va unda Erondagi omadsiz faoliyatdan keyin qaytish, deyilgandi, adashmasam. Xudoga shukr, Eronda chempion bo‘ldim, 2 ta Kubok oldim. Ba’zi-bir sabablarga ko‘ra ketganman. Buni ayta olmayman. U erdagi faoliyatimni omadsiz demagan bo‘lardim.
- “Nasaf” chempionatda g‘olib chiqishga qanchalik qodir va bu borada real imkoniyati qanday?
- Oxirigacha kurashamiz, qolgani Xudodan.
Shuhratbek Jo‘raev.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring