A Seriya debyutanti “Kalyari” oldiga yuqori diviziondagi joyini saqlab qolish vazifasi qo‘yilgan. Bosh murabbiy Klaudio Raneri jamoani musobaqaga puxta tayyorlaganini ta’kidlagandi.
Klub rahbariyati murabbiylar so‘ragan deyarli barcha futbolchilarni olib berdi. Lekin chempionat starti kutilgandek chiqmadi.
“Kalyari” ettita o‘yindan ikkitasida raqibdan ochko oldi, qolgan beshta uchrashuvda imkoniyatni bor berdi. Mag‘lubiyatlarning aksariyatiga maydondagi o‘yinchilar va darvozabon Boris Radunovichning oddiy vaziyatlardagi xatolari sabab bo‘lmoqda. Hujum chizig‘i vakillari esa, jamoaga foyda keltira olmayapti. Ikkita to‘p kiritgan Zito Luvumbodan boshqa hech gol urolgani yo‘q.
“Kalyari” faoliyatini yoritib kelayotgan ommaviy axborot vositalari bosh murabbiy Klaudio Raneri tarkib tanlashda xato yo‘l qo‘yganini tan olib, hammadan uzr so‘ragani va endi jamoada keskin o‘zgarishlar qilishini yozmoqda.
Manbalarga ko‘ra, mashhur murabbiy ishonchni oqlay olmayotgan tajribali o‘yinchilar o‘rniga ishtiyoqi bilan yoshlar xizmatidan foydalanadigan bo‘lyapti. Murabbiylar shtabining bu qarori Eldor Shomurodovni ham chetlab o‘tmaydi.
Italiyaning mashhur La Gazzetta dello Sport gazetasi “Raneridan inqilob: Darvozaga Skaffet va maydon yoshlarga” sarlavhali maqolasida “Kalyari”da kutilayotgan o‘zgarishlar haqida so‘z boradi.
- Klaudio Raneri ayrim qarorlari uchun uzr so‘rashiga to‘g‘ri keldi va endi Matteo Prati hamda Gaetano Oristanio kabi chaqqon o‘yinchilarga ko‘proq o‘rin berishga tayyorligini bildiradi. Yana ikki nafar yosh iste’dod egalariga Alessandro Deyola va Eldor Shomurodov o‘z joyini bo‘shatib beradi, - deb yozdi La Gazzetta dello Sport gazetasi eksperti Roberto Pinna.
“Men ko‘proq yosh o‘yinchilarga e’tibor qaratishim kerak. Ularda boshqalarga qaraganda talvasa va qo‘rquv kam, shijoat kuchli, - dedi murabbiy”, degan ma’lumotni keltirish orqali muallif Klaudio Raneri qarorini o‘z fikriga dalil sifatida keltirmoqda.
Shuningdek, kelasi turda “Roma” bilan o‘yinda darvoza Simone Skaffetga topshirilishi kutilyapti. Raneri ishonchni oqlayotgan Mateush Veteska va Pantelis Xatsidiakos kabi yangi o‘yinchilarning jamoaga yanada ko‘proq moslashishi uchun yana imkon berishini ta’kidlagan.
Yana bir nufuzli nashr – La Nuova Sardegna gazetasi ham “Kalyari” tarkibida bo‘ladigan o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar chop etildi.
“Kalyari”, xatolar va chalkash g‘oyalar” sarlavhali maqolada gazeta eksperti Enriko Gaviano Klaudio Ranerini tarkib tanlashdagi kamchiliklarini ochib bergan.
Mutaxassis fikricha, Raneri “Fiorentina”ga qarshi bahsda Gaetano Oristanioni boshlang‘ich tarkibga kiritmagani va Zita Luvumboning xizmatidan foydalanmagani, shuningdek ketma-ket xato qilayotgan Boris Radunovichga yana darvozani topshirgani xato bo‘lgan.
- Jamoada bundan buyon boshlang‘ich tarkibga kirishi qiyinlashib qoladigan o‘yinchilar bor. Bular Alessandro Deyola, Gabriele Dzappa, Andrea Petanya va Eldor Shomurodov, - deb yozadi La Nuova Sardegna gazetasi jurnalisti Enriko Gaviano.
“Kalyari” A Seriyadagi navbatdagi uchrashuvini 8 oktyabr kuni o‘tkazadi. Shu kuni Klaudio Raneri shogirdlari o‘z maydonida Joze Mourino boshqaruvidagi “Roma” futbolchilarini qabul qiladi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring