09:14 / 07.10.2023
222

Yubiley o‘yinda Berdiyev Levchenkoni to‘xtata oladimi?

Yubiley o‘yinda Berdiyev Levchenkoni to‘xtata oladimi?

Superligada 21-tur bahslari davom etar ekan, ularning ichida yana bir zo‘r o‘yin bor. Gap Qarshida bo‘lib o‘tadigan “Nasaf” va “Neftchi” jamoalari ishtirokidagi bo‘lajak bellashuv haqida ketmoqda. Maqsadi bir bo‘lgan klublar bu yo‘lda bir-biriga asosiy raqobatchilar sanalishadi.

Hozirda “Neftchi” bitta kam o‘yin o‘tkazgan holda “Nasaf”dan bir ochkoga oldinda va kuchli uchlikda. Qolaversa, ushbu bahsda intrigani yanada oshirayotgan jihat shundaki, farg‘onaliklar chempionatda hali mag‘lubiyatga uchraganlari yo‘q. “Nasaf” “Neftchi”ning ushbu seriyasini to‘xtata oladimi, degan savol ko‘pchilikni qiziqtiryapti.

“Nasaf”ni kayfiyatini bilasiz-a? Yaqinda Qarshida Osiyo Chempionlar ligasi 2-turida Qatarning nomdor “Al Sadd” klubini 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Undan avval Iordaniyada ham g‘alaba qozonib keldi. Orada chempiont doirasida “Olimpik”ni yutdi. Sezgan bo‘lsangiz, Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi optimal o‘yinini yo‘lga qo‘yib oldi. “Neftchi” esa o‘tgan turda “Buxoro”ni 3:0 hisobida mag‘lub etgan holda bo‘lajak o‘yinga yetib keldi.

“Nasaf” va “Neftchi” bir-biri uchun azaliy raqiblar hisoblanadilar. Buni yaqin o‘tmishdagi o‘yinlar va undagi natijalar ham ko‘rsatib turibdi. Navbatdagi uchrashuv jamoalarning yubiley 50-o‘yiniga aylanadi. Kichik ustunlik mezbonlar tomonida. Chunki “Nasaf”da 20, “Neftchi”da 18 ta g‘alaba bor. 11 ta bahsda kuchlar teng kelgan. To‘plar nisbati 65\56 “Nasaf” foydasiga.

Bu yil birinchi davrada Farg‘onada bo‘lib o‘tgan o‘yinda maydon egalari 2:1 hisobida ustun kelgandi. Qizig‘i, o‘tgan yili Qarshida bo‘lib o‘tgan bahsda “Neftchi” yagona gol evaziga “Nasaf”ni mag‘lub etib qaytgan. Aytish kerakki, qarshiliklar so‘nggi marotaba farg‘onaliklarni 2018 yilgi mavsumda mag‘lub etgan. O‘shanda Qarshidagi uchrashuvda “Nasaf” 2:0 hisobi bilan ustunlikka erishgan.

Darvoqe, medallar uchun kurashda yana bir da’vogar – “Navbahor” safarda “Buxoro” bilan o‘ynaydi. “Neftchi” bilan bir xil ochkoga ega bo‘lgan namanganliklar Qarshidagi bahsda kimnidir g‘olib chiqishini xohlamaydi va durang ular uchun maqbul variant. Ammo o‘z navbatida “Nasaf” va “Neftchi”ga durang kerak emas, ayniqsa, farg‘onaliklarga. Axir chempionatdagi eng ko‘p durang “Neftchi”ga tegishli – 10 ta. Har ikki tomon g‘alabali yurishini davom ettirish ishtiyoqida bor kuchini sarflaydi.

Ikkala klub bosh murabbiylari – Ro‘ziqul Berdiyev ham, Vitaliy Levchenko ham bir-birlarini yaxshi biladilar. Ular hozirda Superligadagi eng oldi mutaxassislardan. Ularning jamoalari ishtirokida sifatli futbol ko‘ramiz, natija esa...Kuchligi yutsin!

Shuhratbek Jo‘rayev.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yubiley o‘yinda Berdiyev Levchenkoni to‘xtata oladimi?