Osiyo kubogi saralash bosqichidan o‘rin olgan O‘zbekiston - Kambodja (6:1) uchrashuvidan so‘ng terma jamoamiz bosh murabbiyi Bahodir Ahmedov jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
O‘yin haqida
- Birinchi navbatda Kambodja terma jamoasiga minnatdorchilik bildirgan bo‘lardim. Ular bugun bizga juda yaxshi qarshilik ko‘rsatishdi. Dastlabki bo‘limda juda ko‘plab imkoniyatlardan foydalana olmadik. Bu o‘rinda "Sen urmasang, senga urishadi" naqli ishladi, birinchi bo‘lib hisobni Kambodja vakillari ochib ketishdi. Biz o‘z xatolarimiz evaziga jazolandik.
Ikkinchi bo‘limda yigitlarga aniq maqsad va talab qo‘ydik. O‘yinimiz o‘zgardi, jamoamiz vakillari ishonchli o‘yin namoyish eta boshlashdi va yakunda yirik g‘alabaga erishdik.
- Jamoa murabbiylar shtabiga kelib qo‘shilgan xorijlik mutaxassisning foydasi qay darajada tegayapti?
- U kishi mening ustozimning ham ustozi hisoblanadi. Bizga o‘zining muhim va qimmatli ko‘rsatmalari bilan yordam berayapti.
- Bugungi o‘yinda ko‘plab rotatsiyalarga qo‘l urdingiz. Bu jarayon davom etadimi?
- Albatta, biz rotatsiyalar bo‘yicha muntazam ishlaymiz. Bu biz uchun foydadan xoli bo‘lmaydi.
- Jamoa tarkibida ayrim futbolchilar ko‘rinmadi. Masalan, Anasxon Rahmatovni qaydnomada ham ko‘rmadik...
- Anasxonda jarohat bor. U tibbiy muolajalarni olmoqda. Tez orada safimizga qaytishiga umid qilayapmiz.
- Jamoaning sobiq aʼzosi Rustam Umarov murabbiylar shtabida qanday vazifani bajarmoqda?
- Rustam Umarov jamoamizda darvozabonlar murabbiyi vazifasini bajarmoqda. Uning tajribasi bizga asqotishiga ishonaman.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring