“Andijon” hamda “Paxtakor” o‘rtasidagi Superliganing 21-tur o‘yinidan (1:0) so‘ng mehmon jamoa ustozi Maksim Shaskix ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
- Maksim Aleksandrovich, avvalo uchrashuv to‘g‘risida fikrlaringiz.
- Nima deyishim mumkin? Golsiz o‘yinda yutib bo‘lmaydi.
- Ikkita o‘yinda ham “Paxtakor” “Andijon”ni yutolmadi. Bunga nima sabab?
- Nima, “Andijon” jamoa emasmi? Raqib ham shakllangan jamoa. Muxlislarning daldasi kuchli bo‘ldi. Hech nima bo‘lmadi. Biz hamon 1-o‘rinda ketyapmiz. Bizda o‘yin borasida muammolar bor. Yana qaytaraman, biz 1-o‘rinda ketyapmiz.
- Nima sababdan darvozada Quvvatovni emas, Pavlyuchenkoni tushirdingiz?
- Sanjar ko‘p gol o‘tkazib yuboryapti, buni sababi shu. Bir-ikki marta xato qildi. Shu sababli uni almashtirishga qaror qildik.
- Siz murabbiy sifatida birinchi marta Andijondasiz. “Bobur Arena” va muxlislar haqida nima degan bo‘lardingiz?
- Bunday muxlislar qarshisida hatto safarda o‘ynash ham ancha yoqimli. Ishqibozlar ajoyib tarzda qo‘llab-quvvatlab turishdi. Afsuski, biz ko‘zlagan maqsadimizga erisha olmadik.
- “Paxtakor” OCHLda ketma-ket ikkita o‘yinda yutqazdi va Superligada ham. Bunga nima sabab bo‘lyapti?
- OCHLdagi o‘yinlar bu yerda ahamiyatsiz. Siz jadvalga eʼtibor qarating. Biz hamon peshqadammiz.
- Dastlab OCHLda, keyin bugun mag‘lubiyatga uchraldi...
- Nima bo‘ldi, OCHLda? Yana qaytaraman: jadvalga nazar soling, biz hamon 1-o‘rindamiz. Osiyo Chempionlar ligasida yana oldimizda 4 ta o‘yin bor.
- Biz “Paxtakor”ni hurmat qilamiz. Shu sababli o‘yinlariga muxlislik qilamiz...
- Barchasini dekabr oyida ko‘ramiz. Kim qayerda bo‘ladi?!
- Siz “Paxtakor” chempion bo‘lishiga ishonasizmi?
- Siz meni ishonmaydi deb o‘ylayapsizmi? Agar ishonmasam “Paxtakor”da ishlamayotgan bo‘lardim.
- Cheranning yo‘qligi “Paxtakor” uchun katta yo‘qotishga aylanyapti. Bunga fikringiz qanday?
- Usiz bizga har bir o‘yin yo‘qotish bo‘lmoqda. Jamoa sardori, to‘purar – bunday o‘yinchisiz jamoaga albatta qiyin bo‘lyapti. Unda jarohat bor. Yaqin kunlarda u safimizga qaytadi va tezroq tuzalishini biz ham xohlaymiz.
- “Andijon”dan qanaqa o‘yin kutgandingiz?
- Qanday o‘yin kutgan bo‘lsak, shunday o‘yin bo‘ldi. Bitta yaxshi vaziyat, to‘p tepildi va gol bo‘ldi. Biz esa to‘p tepyapmiz, boshqa tomonga ketyapti. Birinchi taymda ko‘p vaqt cho‘zilishi bo‘ldi. Tibbiyot xodimlari maydonga tushdi. Lekin shunga qaramay, hakam faqat 3 daqiqa vaqt qo‘shib berdi, xolos. Nimaga bunday yoki bizni sekundomerlarimiz boshqachamikin? Qanday qilib 3 daqiqa qo‘shib berish mumkin?
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring