Foto: Reuters
Turkiyaning futbol bo‘yicha Yevropa chempionatiga mezbonlik qilish haqidagi uzoq yillik orzusi amalga oshayotgan ko‘rinadi. 2032 yilgi Yevropa chempionatiga Turkiya va Italiya qo‘shmezbonlik qiladi. UYEFA o‘z qarorini ertaga, 10 oktyabr kuni Shveysariyaning Nion shahrida bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda rasman e’lon qilishi kutilmoqda, deb yozdi Anadolu.
Bungacha Turkiya Yevropa chempionatiga mezbonlik qilish uchun 7 marta nomzodini ilgari surgan, biroq qit’aning asosiy futbol turniriga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kirita olmagan. Turkiya Gretsiya bilan birga Yevro-2008 uchun nomzod edi. Shuningdek, 2012, 2016, 2024 yilgi musobaqalar uchun ariza topshirdi. 2020 va 2024 yillarda arizalar qaytarib olindi.
Avvalroq, Italiya futbol federatsiyasi (FIGC) va Turkiya futbol federatsiyasi (TFF) 2032 yilgi Yevropa chempionati uchun alohida arizani bitta qo‘shma arizaga aylantirishni so‘rab UYEFA tashkilotiga murojaat qilgan edi. Bugungi kunga qadar turnirni o‘tkazish uchun faqat ushbu ikki mamlakat ariza topshirdi.
Avvalroq, Turkiya 2028 yilgi Yevropa chempionatiga mezbonlik qilish niyatidan voz kechib, Yevro-2032 mezbonligi uchun Italiya bilan birlashishga qaror qilgan edi. Bu 2028 yilda Buyuk Britaniya-Irlandiya tandemini raqobatsiz qoldirdi.
Yevro-2032 turniriga Turkiya va Italiyaning jami 10 ta shahri mezbonlik qiladi - har bir mamlakatdan 5 tadan. Guruh bosqichi, 1/8 final, chorakfinal va yarimfinal o‘yinlari har ikki davlatda teng miqdorda o‘tkaziladi. Ochilish o‘yini va final ham ikki tashkilotchi o‘rtasida bo‘lib olinadi.
So‘nggi, 2020 yilgi Yevropa chempionati pandemiya tufayli 2021 yilda o‘tkazildi. Unda Italiya g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Angliyaga, uchinchi o‘rinlar Ispaniya va Daniyaga nasib qildi.
2024 yilgi Yevropa chempionatiga Germaniya mezbonlik qiladi. 2028 yilgi turnirga Buyuk Britaniya va Irlandiya.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring