Eldor Shomurodov Italiyadagi faoliyati davomida uch yilda to‘rtta jamoa almashtirdi. “Jenoa”dagi yorqin faoliyatidan keyin “Roma” va “Spetsiya”da o‘zini kutilgan darajada ko‘rsata olmadi.
Mana endi “Kalyari”dagi faoliyati ham juda qiyin kechmoqda. Shomurodov sakkizta uchrashuvda maydonga tushib, hali o‘zini ko‘rsata olgani yo‘q. Klaudio Raneri o‘zi tashabbus ko‘rsatib, “Roma”dan ijaraga olingan o‘yinchiga imkon beryapti.
Shomurodov “Kalyari” hujumchilari orasida eng ko‘p uchrashuvda maydonga tushgan o‘yinchi hisoblanadi. U hali birorta bahsni o‘tkazib yuborgan yo‘q.
“Kalyari” faoliyatini yoritib borayotgan https://www.cagliarinews24.com sayti Eldor Shomurodovning Sardiniya klubidagi taassurotlarini futbol jamoatchiligiga yetkazdi.
Dastlabki oylar...
Men o‘zimni juda qulay his qilyapman. Oilam ham Italiyadagi avvalgi davrimizga nisbatan boshqa hislarni tuyyapti. Bu sarguzashtimiz avvalgilaridan aniq sabablar bilan farq qiladi. Mening o‘zimni ko‘rsatish va jamoaga yordam berish istagim juda katta. Men ko‘proq va yaxshiroq narsalar qilishim kerakligini yaxshi bilaman. Jamoa bilan birgalikda o‘sishga va mavsum boshidagidan yaxshi natijalarga erishishga qodirmiz.
O‘sish bor
Eng avvalo, ahvolim haqida gapirsam, mavsumni boshida jismoniy taryyorgarlik bo‘yicha jamoadoshlarimga yetib olishim uchun biroz vaqt kerak bo‘ldi. O‘zimning debyutimdan qoniqqanim yo‘q. Lekin so‘nggi o‘yinlardan bir nechtasida o‘zimni juda yaxshi his qildim, lekin bu ham yetarli daraja emasligini anglab turibman. Murabbiyimiz ta’kidlaganidek, biz erkak bo‘lib, bir jamoa sifatida harakat qilishimiz lozim.
Vaziyatlar
Turli uchrashuvlarda biz nimadir talab darajasida bajarmadik, bizga nimadir yetishmadi. A seriyada o‘zingini tiklab olish uchun vaqt ham, imkoniyat ham yo‘q. Chunki raqiblar juda kuchli va ular xatolarni jazolashga tayyor turadi.
Hozir biz musobaqa jadvalida ortda qolib ketdik. Endi ko‘tarilishimiz talab etiladi. Maydonda mehnat qilib, ter to‘ksak natija o‘zidan o‘zi keladi.
Klaudio Raneri
Ustozimiz bizga juda katta energiya beradi. Bunday murabbiy bilan ishlash sharafiga ega bo‘layotganimdan faxrlanaman. Biz unga ergashishimiz lozim, Raneri bunday vaziyatlarda qanday yo‘l tutish va nima qilish kerakligini juda yaxshi biladi.
Klaudio Raneri Italiya va xorijdagi murabbiylik faoliyatida yuqori o‘rinlar uchun kurashish barobarida xavfli hududdagi jamoalarni ham boshqargan.
Murabbiyimiz aytganidek, hozir harakat qiladigan, ishlaydigan va kam gapirib, mana shu libos uchun borimizni beradigan payt.
Musobaqa jadvalida ikki ochko bilan so‘nggi pog‘onaga tushib qolgan "Kalyari" futbolchilari A Seriyadagi navbatdagi uchrashuvini 22 oktyabr kuni "Salernitana" jamoasiga qarshi safarda o‘tkazadi.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring