Superligada omon qolish missiyasi. "Qizilqum" uyg‘ondi, "Buxoro" va "Turon" ortga ketmoqda
O‘tgan safargi maqolalarimizda Superligada chempionlik uchun kurashayotgan jamoalarning imkoniyatlarini ko‘rib chiqqan edik. Bu yo‘lda ularning raqiblari va taqvimi ma’lum.
Endilikda Superligada jon saqlash yo‘lidagi jamoalarga razm solamiz. To‘g‘ri, dastlabki ikki jamoa aniqdek ko‘rinmoqda. Shunday bo‘lsada, ularda hali umid butkul yo‘qolmagan.
"Turon"
Ikkinchi davra boshidagi ishtiyoq va qo‘lga kiritilgan ikki g‘alabadan so‘ng "Turon" "tulporlari" yarim yo‘lda qolib ketdi. Raqamlar ham aytib turibdiki, yaypanliklar so‘nggi 5ta o‘yinda faqat bir ochko qo‘lga kirita olishdi va bu formatda ham jamoa oxirgi o‘rinda. Bundan "Qizilqum" foydalanib qolgan qolgan bo‘lsa, "Buxoro" bir ochkolik farqni saqlab turibdi. Umuman 14 yoki 13 qaysi o‘rin bilan mavsumni tugatish ahamiyatsiz, baribir quyi ligaga chipta beradi. 12-o‘ringina pley-off orqali elitada qolish imkonini hosil qiladi.
"Turon" - "Metallurg" 1:1
"Navbahor" - "Turon" 5:0
"Olimpik" - "Turon" 2:0
"Turon" - "Bunyodkor" 1:2
"Surxon" - "Turon" 1:0
Yorqin Nazarov shogirdlarining oldindagi taqvimiga havas qilish qiyin. Jamoa ketma-ket kuchli raqiblar imtixonidan o‘tadi. Faqatgina oxirgi tur "Qizilqum" bilan o‘ynaydi. Balki ungacha ko‘p narsa hal bo‘lib ulgursa bu uchrashuvning ahamiyati katta bo‘lmas.
Navbatdagi uchrashuvlar:
22-tur. "Paxtakor" - "Turon"
23-tur. "Turon" - "So‘g‘diyona"
24-tur. OKMK - "Turon"
19-tur. "Turon" - "Neftchi"
25-tur. "Turon" - "Andijon"
26-tur. "Qizilqum" - "Turon"
Vaziyatni ko‘rdingizki, "Turon" 11 o‘rindagi "Olimpik"dan 7 ochkoga orqada, pley-off o‘rnidagi "Qizilqum"dan 5 ochkoga ortda qolyapti. Oldinda Yaypanliklarda 5ta o‘yin bor, mo‘jiza ro‘y bermasa qiyin. Imkoniyat borgan sari tugab bormoqda.
"Buxoro"
Superligada qolish missiyasini "Buxoro" Bakayev bilan ham hal qila olayotgani yo‘q. Ikkinchi davrada 7ta o‘yinda 7 ochko to‘pladi. So‘nggi 5ta o‘yinda jamoa 4 ochko ishladi. O‘zaro o‘yinlarda "Qizilqum" bilan teng, "Turon"dan ortda. Turnir jadvalida xavfli zonadan uzoqlashish uchun 4 ochko oldindagi "Qizilqum"ni quvib o‘tish kerak bo‘ladi.
"Buxoro" - "Navbahor" 0:3
"Neftchi" - "Buxoro" 3:0
"Bunyodkor" - "Buxoro" 1:2
"Buxoro" - "Surxon" 1:1
"Nasaf" - "Buxoro" 1:0
Oldindagi taqvimdan "Paxtakor", "Metallurg", OKMK, "Andijon" kabi jiddiy jamoalar o‘rin olgan. Qolaversa, "Olimpik" bilan qoldirilgan o‘yin ham bor. FIFA kunlaridagi tanaffusda Ulug‘bek Bakayev jamoasini uyg‘ota olishi kerak. Aks holda salom Pro liga!
Keyingi o‘yinlar:
22-tur. "Metallurg" - "Buxoro"
23-tur. "Buxoro" - "Paxtakor"
24-tur. "So‘g‘diyona" - "Buxoro"
19-tur. "Buxoro" - "Olimpik"
25-tur. "Buxoro" - OKMK
26-tur. "Andijon" - "Buxoro"
"Qizilqum"
"Oltin izlovchilar"ning holati yuqoridagi ikki jamoanikidan biroz yaxshiroq. Jamoa oxirgi 5ta bellashuvning faqat bittasida mag‘lubiyatga uchradi ("Paxtakor"ga). Mazkur holatda "Qizilqum" Superliganing eng yaxshi 4 jamoasi bo‘lib turibdi.
"Nasaf" - "Qizilqum" 0:0
"Qizilqum" - "Paxtakor" 2:3
"Surxon" - "Qizilqum" 1:2
"Qizilqum" - "So‘g‘diyona" 4:2
"Bunyodkor" - "Qizilqum" 2:2
Jamoa ertaga o‘z maydonida OKMKni qabul qilsa, keyingi tur Toshkentda "Olimpik" mehmoni bo‘ladi. "Qizilqum" "konchilar" to‘sig‘idan yaxshi natija bilan o‘tib olgan taqdirda "Olimpik" ustidan g‘alaba qozonib xavfli xududni tark etadi. Bugungi holatda ochkolar farqi 2tani tashkil qilmoqda. Kapadze jamoasida 2ta qoldirilgan o‘yin borligini hisobga olsak, bu hali yakuniy xulosa emas. Bundan tashqari vodiyning 3ta jamoasi tish qayrab turganini aytish joiz. "Qizilqum" so‘nggi o‘yinlardagidek kayfiyat va ishtiyoqda harakat qilishda davom etsa, vazifani bajarishi mumkin.
Keyingi uchrashuvlar:
22-tur. "Qizilqum" - OKMK
23-tur. "Olimpik" - "Qizilqum"
24-tur. "Qizilqum" - "Andijon"
25-tur. "Neftchi" - "Qizilqum"
26-tur. "Qizilqum" - "Turon"
"Olimpik"
Timur Kapadze jamoasi ham Superligadagi o‘rnini hali mustahkam saqlab qoldi, deya olmaymiz. Toshkentliklar ikkinchi davrada faqat bitta o‘yinda g‘alaba qozondi ("Turon" 2:0). O‘tgan mavsumda chaqilmas "yong‘oq" bo‘lgan jamoaga qarshi bu yil qolganlar himoya vositasini ishlab chiqdi va qanday o‘ynashni bilib oldi. "Olimpik" endi ular uchun yangilik emas.
"Olimpik" - "Nasaf" 1:3
"Olimpik" - "Turon" 2:0
"Andijon" - "Olimpik" 2:1
OKMK - "Olimpik" 2:1
"Olimpik" - "So‘g‘diyona" 3:3
"Olimpik" 20 ochko bilan xavfli xududga yaqin kelib qolgan. To‘g‘ri ikkita qoldirilgan o‘yini bor va yanada yuqorilash ehtimoli yo‘q emas. Chunki pastdagi raqibi "Qizilqum" va "Buxoro" bilan o‘yinlari bor. Lekin ketma-ket terma jamoa yig‘inlari, yuklamalar futbolchilarni mavsum yakuniga kelib toliqtirib qo‘ymaydimi, degan savol tug‘iladi.
Navbatdagi o‘yinlar:
22-tur. "Olimpik" - "Bunyodkor"
23-tur. "Olimpik" - "Qizilqum"
24-tur. "Neftchi" - "Olimpik"
19-tur. "Buxoro" - "Olimpik"
21-tur. "Surxon" - "Olimpik"
25-tur. "Olimpik" - "Navbahor"
26-tur. "Metallurg" - "Olimpik"
Muallif: Iskandarov Abdulaziz