Abbosbek Fayzullayevning avgust oyida “Paxtakor”dan Moskvaning SSKA klubiga ko‘chib o‘tgani o‘zbek futbolchi uchun yozdagi eng e’tiborli transferlardan bo‘ldi.
Iste’dodli yosh futbolchimiz qisqa fursatdi “armiyachilar” safidagi asosiy figuralardan biriga aylandi. Hozir SSKA hujumi chizig‘ini 20 yoshli futbolchisiz tasavvur qilish qiyin. Rossiyalik ekspertlar Fayzullayev Premer—liganing eng omadli transferlaridan ekanini ta’kidlamoqda.
Abbosbek qisqa fursatda uchta individual sovrinni qo‘lga kiritdi. Fayzullayev SSKAning sentyabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etildi. “Armiyachilar”ning “Krilya Sovetov” va “Spartak” jamoalariga qarshi o‘tkazgan bahslarida uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi sovriniga sazovor bo‘ldi.
Endigina 20 yoshni qarshilagan futbolchi faoliyatida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarish va yorqin o‘yinlar, e’tibor va e’tirof uning “yulduzlik kasali”ga uchrashuviga olib kelmaydimi?
Abbosbek Fayzullayevning birinchi murabbiyi Dmitriy An jurnalistlar bilan suhbatda bu masalaga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
- Abbosbek xursand qilyapti, u jamoasiga kerak, hozir foyda keltiryapti. Uning hozirgi muvaffaqiyatli o‘yinlari hissiyotlar bilan bog‘liq, deb o‘ylamayman. U boshqacha xarakterdagi futbolchi.
Ilgari biz xalqaro turnirlarda ishtirok etganmiz. Musobaqalarda Chertanova akademiyasi va Tbilisidan jamoalar bo‘lardi. Fayzullayev turli musobaqalarda har doim eng yaxshi o‘yinchi sifatida tan olingan. Abbosbek bu musobaqalarda muntazam o‘zini ko‘rsatib kelardi. Shuning uchun ham yulduzlik kasaliga mubtalo bo‘lmaydi.
Bir marta o‘z ustida ishlashni va talabchanlikni kamaytirganida men uni zahira o‘rindig‘iga o‘tkazib qo‘ygandim. Bu Toshkent shahri birinchiligida bo‘lgandi. Abbos 10-11 yoshli bolakay edi. O‘shanda “yulduzlik kasali”ga chalinmagan, lekin o‘yinida pasayish boshlangan. Zahiraga o‘tkazib qo‘yganimdan keyin o‘zini o‘nglab olgandi. Keyingi faoliyatida o‘zini ishga to‘liq bag‘ishlamagan holat umuman kuzatilmadi, - dedi Dmitriy An.
Abbosbek Fayzullayev “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2021 yili “sherlar”ning asosiy tarkibiga qabul qilingan.
Bir necha pozitsiyada o‘ynay oladigan hujumkor futbolchimiz O‘zbekiston Superligasida umumiy hisobda 33 ta uchrashuvda yettita gol va uchta assist muallifi bo‘ldi. Mamlakat kubogi doirasida uchta bahsda bir juft to‘p kiritdi.
Osiyo Chempionar ligasida beshta bellashuvda qatnashib, raqib darvozasini bir bor ishg‘ol qildi.
Abbosbek Fayzullayev legioner sifatida gollar va assistlar hisobini ochishga ulgurdi. Rossiya Premer-ligasida oltita o‘yinda ishtirok etib, bittadan gol va assist qayd etishga muvaffaq bo‘ldi.
Legionerimizning so‘nggi bir oylik faoliyati uning transfer narxining uch baravar ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Transferlarga ixtisoslashgan www.transfermarkt.world portali ekspertlari Fayzullayevni 2 million yevroga baholadi.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring