Coca Cola Superligasi 22-turidan o‘rin olgan "Qizilqum" – OKMK uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Jamshid Saidov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
"Birinchi bo‘limda shogirdlarim yaxshi o‘yin namoyish etishib, ustunlik qilishdi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa o‘z zararimizga penalti ishlab oldik. Amaliy jihatdan juda oddiy vaziyatda xato qildik.
Vaziyatlar yuzaga keltirdik, ammo foydalana olmadik. O‘ylashimcha, yigitlar yaxshi taassurot qoldirdi, penalti ishladi.
Biz uchun har bir ochko oltinga teng. Afsuski, futbolda sen urmasang, senga urishadi, degan gap bor.
Shogirdlarim harakat qilishdi, ular g‘alaba qozonishni xohlagandi. Ammo kim ko‘p xato qilsa, o‘sha yutqazadi.
OKMKni g‘alaba bilan tabriklayman. Ularda malakali jamoa shakllangan, saralangan futbolchilar jamlangan. Raqibimiz bejizga 5-o‘rinda emas.
Iqtidorli futbolchilar o‘z mahoratini ko‘rsata olishdi. Bizda hali imkoniyat bor. Oldinda 4 ta o‘yin bo‘lsa, maksimal darajada kurashamiz.
Bizni shunday yomg‘irli sovuq havoda qo‘llab-quvvatlash uchun tashrif buyurgan muxlislarga minnatdorchilik bildiraman. Bugun ularning ishonchini oqlay olmadik. Xatolarni ko‘rib chiqamiz, tahlil qilamiz va keyingi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘ramiz", — dedi Jamshid Saidov.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring