10:32 / 14.10.2023
714

Shomurodov baribir “Kalyari”dan ketadi!

Shomurodov baribir “Kalyari”dan ketadi!

Jahon futbolida milliy chempionatlarga qisqa tanaffus berildi. Milliy terma jamoalar FIFA kunlari munosabati bilan xalqaro o‘yinlarda ishtirok etmoqda.

Bu gal O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va to‘purari Eldor Shomurodov jismoniy holatini yaxshilash uchun “Kalyari”da qoladigan bo‘ldi. Legionerimiz Srechko Katanes bilan Xitoy yig‘iniga bormadi.

Futbol ekspertlari ligalarda yuzaga kelgan tanaffusdan foydalanib, turli tahlillarni amalga oshirmoqda. Xususan, La Gazzetta dello Sport nashri tahlilchisi Franchesko Vellutssi “Kalyari”ning muammoli nuqtalarini ko‘rsatib berdi.

Klaudio Raneri birinchi navbatda himoyaga e’tibor qaratishi kerak. “Kalyari” eng ko‘p gol o‘tkazayotgan ikki jamoadan biri. Sardiniyaliklar o‘z darvozasidan 16 ta olib ochiqqan va bu ko‘rsatkich bo‘yicha faqat “Salernitana”dan oldinda xolos.

Eng katta muammo hujum chizig‘ida. “Kalyari” sakkizta o‘yinda atigi uchta to‘p kiritdi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha ham  jamoa oxiridan bitta yuqorida joylashgan. Uchta goldan ikkitasi Zito Luvumbo hisobiga yozilgan, uchinchisini Naytan Nandes penaltidan kiritdi.

Demak, murabbiylar shtabi jamoani oxirgi o‘rindan ko‘tarish uchun hali ko‘p ishlashlariga to‘g‘ri keladi.

Yana bir nufuzli manba – www.tuttomercatoweb.com sayti eksperti Paola Paskalis sport direktori oldida turgan vazifalarni qalamga oldi. U quyidagi ma’lumotlarni taqdim qildi.

“Kalyari” mavsum boshidagi ko‘plab muammolar qatorida o‘yinchilar bilan shartnoma masalasini hal qilishi kerak. Hozirgi tarkibdan yetti nafar futbolchining bitimi 2024 yilning 30 iyunida yakuniga yetadi.

Eng katta yo‘qotishlardan biri – Naytan Nandes bo‘ladi. 2019 yili “Boka Xuniors”dan kelgan o‘yinchining kelishuvi mavsum oxirida tugaydi va hali hamkorlikni uzaytirish bo‘yicha kelishuvga kelingani yo‘q. Muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugagan.

Himoyachilardan bir marta maydonga tushgan Edoardo Goldaniga, umuman o‘ynamagan Elio Kapradossi, asosiy tarkibga kirishga qiynalayotgan Nikolas Viola jamoa bilan xayrlashishga tayyorligi aytilmoqda.

Yoshi katta hujumchi Leonardo Pavoletti va uchinchi darvozabon Simone Aresti bo‘yicha yakuniy qaror yozda qabul qilinadi. Pavoletti yaqinda jamoada qolish uchun maoshining pasaytirilishiga ko‘nishiga to‘g‘ri kelgandi.

Tajribali yarim himoyachi Marko Mankozu ham hali birorta o‘yinda qatnashgani yo‘q. 35 yoshli futbolchining bitimi mavsum oxirida tugaydi va tomonlar hali yangi shartnoma bo‘yicha bitimga kirishmadi.

Eng katta masala – yozda jamoaga qo‘shilgan hujumchilar Andrea Petanya va Eldor Shomurodovning transferlari. Tengqur bu futbolchilar keyinchalik to‘liq transfer qilish huquqi bilan “Monsa” va “Roma”dan ijaraga olingan. “Kalyari” ular yordamida hujum chizig‘idagi muammolarni to‘liq hal qilmoqchi edi. Biroq ikki hujumchi hali o‘zini ko‘rsata olgani yo‘q. Eng katta muammo ularning narxida. Andrea va Eldorni kamida 10 million yevroga transfer qilish Sardiniya klubi budjetiga og‘irlik qilishi hozirdan ma’lum.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, “Kalyari” faqatgina 21 yoshli hujumkor futbolchi Gaetano Oristanioni to‘liq transfer qilish huquqidan foydalanmoqchi. “Inter”ga tegishli bo‘lgan Oristanioning yoshi, o‘yini va transfer narxi “Kalyari” rahbariyatiga ma’qul kelmoqda.

Ta’kidlash joizki, “Kalyari” rahbariyati jamoa mavsumni qay ahvolda yakunlashiga qarab bir qarorga keladi. Agar Klaudio Raneri shogirdlari yuqori diviziondagi joyini saqlab qolishni uddalay olmasa, klubning transfer siyosati va tarkib bo‘yicha rejalari ham tubdan o‘zgaradi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov baribir “Kalyari”dan ketadi!