12:47 / 01.11.2023
446

Superligamizda "dahshatli to‘qnashuv" va qolgan juftliklar

Superligamizda "dahshatli to‘qnashuv" va qolgan juftliklar

Bugun Superliganing 24-turiga start beriladi. Turning oxirgi o‘yini 11 noyabrda “Navbahor” - “Bunyodkor” bahsi orqali yakuniga yetadi. Ungacha esa1-4 noyabrga qadar qolgan uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Chempionat yakuniga sanoqli turlar qolganini hisobga olsak, bu safargi to‘qnashuvlarning ahamiyati yanada yuqori. Mazkur turda “Paxtakor” – “Nasaf” janggi ham bor.

1 noyabr

OKMK – “Turon”

O‘zbekiston Kubogi finaliga yo‘l olgan va asosiy e’tiborini 12 noyabr kuni “Nasaf”ga qarshi uchrashuvga qaratgan OKMK bungacha chempionat doirasidagi bahslarini ham unutgani yo‘q. 10 ga yaqin futbolchilari jarohatda bo‘lishiga qaramay, o‘tgan turda ular Andijonda qimmatli uch ochko bilan qaytdilar. Bu safar esa “Turon”ni qabul qiladi. Superligada sovrinli o‘rinlar uchun kurashish imkoniyatini keskin pasaytirgan Mirjalol Qosimov har qanday holatda ham Superligani munosib yakunlamoqchi. “Turon” bilan uchrashuvda albatta OKMK favorit. Mehmonlarga ligada qolish uchun g‘alaba suv va havodek zarur. Baribir Qosimov jamoasida imkoniyat ko‘proq. Agar OKMK futbolchilari raqib kuchiga yetarlicha baho bermasa, o‘ziga muammolar tug‘dirib oladi.

2 noyabr

“Qizilqum” – “Andijon”

“Qizilqum” bosh murabbiyi Jamshid Saidov va “Andijon” ustozi Aleksandr Xomyakov bir-biri bilan juda yaxshi munosabatda. Chunki ular ilgari birgalikda faoliyat olib borganlar. Ikkala do‘st murabbiylarning jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv qiziqarli o‘tsa kerak. “Qizilqum” Superligada qolish yo‘lida har bir o‘yinda bor kuchini ko‘rsatishga harakat qilmoqda. “Andijon” 6-o‘rinda va o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun ham Navoiyda g‘alaba maqsadida o‘ynaydi. Hozircha imkoniyatlar 50x50.

3 noyabr

“Paxtakor” – “Nasaf”

Har doim bu klublar o‘rtasidagi uchrashuv markaziy maqomga ega va hammaning e’tiborini tortib keladi. 30 oktyabr kuni Namanganda “Navbahor”ni yutgan “Nasaf” endi Toshkentda “Paxtakor”da ham shu ishini takrorlashga urinib ko‘radi. Chempionlik yo‘lidagi kurashda mazkur to‘qnashuvdagi natija katta ahamiyat kasb etadi. Maksim Shatskix jamoasi “Nasaf”dan 4 ochkoga oldinda. Bu katta to‘qnashuv. O‘yin tomonlama eng sifatli jamoa ekanini ko‘rsatib kelayotgan “Nasaf” mehmonda “Paxtakor”ga jiddiy muammolar tug‘dirishi kutilyapti. Bunga “Sherlar” qanday javob qaytararkin? Markaziy o‘yinni o‘tkazib yubormang!

“Neftchi” – “Olimpik”

Oxirgi paytlardagi muvaffaqiyatsiz o‘yinlardan so‘ng sovrinli o‘rinlar uchun imkoniyatini pasaytirib yuborgan “Neftchi” bu safar Farg‘onada “Olimpik”ni qabul qiladi. Bu yil Timur Kapadze jamoasi o‘tgan yildagidek emas. Chunki 2022 yilgi mavsumda “Olimpik” ancha tajovuzkor ko‘ringandi. Bu safar jamoa negadir u qadar qo‘rqinlik ko‘rinmayapti. Buni turnir jadvalidagi o‘rnidan ham bilsa bo‘ladi. “Neftchi” oxirigacha kurashishi aniq. Mag‘lubiyatlardan keyin o‘z uyida muxlislarini g‘alaba bilan xursand qilish harakatida. Agar Levchenko shogirdlarini ruhiy tomonlama tiklay olsa, u holda “Olimpik”ga juda og‘ir bo‘ladi.

4 noyabr

“Metallurg” – “Surxon”

Ikkala jamoa o‘tgan turda mag‘lubiyatga uchradi. “Metallurg”ning beshta o‘yindagi mag‘lubiyatsiz seriyasiga Qarshida chek qo‘yildi. Bu safar bekobodliklar Olmaliqda “Surxon”ni qabul qiladi. “Metallurg” uchun jiddiy raqib. “Navbahor”ga qarshi bahsda termizliklar oxirgi daqiqada durangga erishishi mumkin edi, biroq Nimeli penaltidan foydalana olmadi va “Surxon” yutqazdi. Navbatdagi to‘qnashuvda agar “Surxon” o‘z maqsadiga erishsa bundan hech kim hayron qolmaydi. Lekin “Metallurg” ham anoyi emas.

“So‘g‘diyona” – “Buxoro”

Bu o‘yin ayniqsa Ulug‘bek Baqoyev uchun alohida ahamiyatga ega. Yaxshi bilasiz, u murabbiy sifatida eng yaxshi damlarini hozircha “So‘g‘diyona”da o‘tkazgan. Sobiq jamoasiga qarshi kechadigan bellashuvda “Buxoro”ga orqaga yo‘l qolmagan. Aksiga olib, jizzaxliklar oxirgi turlarda mag‘lubiyatga uchrab, ketma-ket ochkolarni yo‘qotib kelyapti. “Buxoro” jamoasidagi vaziyat og‘irroq. Chunki ular ligada jon saqlab qolish uchun kurashishyapti. Uchta tur qolganini hisobga olsak, endi durang ham Baqoyev jamoasi uchun qoniqarli hisoblanmaydi. O‘tgan turda o‘z uyida “Paxtakor”ga qarshi munosib kurashdi, ammo oxirida penalti orqali alamli tarzda yutqazdi. Jizzaxda haqiqiy kurash kechadi.

11 noyabr

“Navbahor” – “Bunyodkor”

24-tur 11 noyabr kuni “Navbahor” – “Bunyodkor” o‘yini bilan yakuniga yetadi. Chunki orada namanganliklar Osiyo Chempionlar ligasi doirasida Eronda o‘z o‘yinini o‘tkazib qaytadi. “Bunyodkor” bilan uchrashuvda “Navbahor” muxlislari qarshisida yutishga majbur. Shundoq ham Namanganda “Nasaf”ga imkoniyatni boy bergach, ishqibozlarining keskin e’tirozlariga sabab bo‘lyapti. Natijada chempionlik uchun kurashdan chetga chiqib ketmoqda. Buning ustiga “Navbahor” futbolchilarida bosim ham katta. “Bunyodkor” Namanganda ortiqcha bosimlarsiz o‘ynaydi. Chunki bosh murabbiy Aleksandr Krestinin debyut mavsumida o‘z o‘yinini qurish yo‘lidan boryapti va bu borada unga vaqt kerak. Ushbu mavsumda Krestinin aynan o‘zining o‘yin uslubini shakllantirib boryapti. Balki uning kuchiga bahoni kelasi mavsumda berarmiz.

Shuhratbek Jo‘rayev.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superligamizda "dahshatli to‘qnashuv" va qolgan juftliklar