Janubiy Koreya K-ligasining 35-turidan o‘rin olgan "Chonbuk Motors" — "Poxan Stilers" uchrashuvida (1:1) bahsli holat yuzaga keldi.
Mazkur bahsning 21-daqiqasida "Poxan Stilers"ning o‘ng qanot himoyachisi Kim Yong Xvan raqib jamoa vakili Kim Jin Su bilan to‘qnashib ketishi oqibatida oyog‘idagi og‘riqdan shikoyat qilib, tibbiyot xodimlariga murojaat qildi. Shu bois, "Poxan Stilers" bosh murabbiyi Kim Ki Dong Shin Gvan Xunni zaxiradan maydonga tushirdi.
Biroq taxminan 6 daqiqadan so‘ng o‘yin to‘xtatildi. Bosh hakam va yordamchi hakam Shin Gvan Xunni maydonga tushirish vaqtida muammo yuzaga kelganini kech anglab yetdi.
Zaxira hakami tabloga o‘yindan olinishi kerak bo‘lgan 3-raqam o‘rniga adashib 7-raqamni kiritib yuborgan. Natijada o‘yinga qo‘shilgan 17-raqamli futbolchi Shin Gvan Xun jarohat olgan himoyachini emas, balki jamoa sardori Kim In Seongni almashtirishi kerak bo‘lgan. Biroq sherigi almashtirilishiga amin bo‘lgan Kim In Seong o‘yinni davom ettirdi.
Garchand 3-raqamli futbolchi maydon chetida tibbiy yordam olish bilan band bo‘lgan bo‘lsa-da, rasmiy ravishda zaxiraga olinmagandi.
Natijada "Poxan Stilers" 6 daqiqa davomida 12 nafar futbolchi bilan harakat qildi.
Uchrashuvdan keyin "Chonbuk Motors" jamoasi reglamentga muvofiq, raqibga texnik mag‘lubiyat yozilishini talab qilib, shikoyat bildirgan. Vaziyat ko‘rib chiqilmoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring