23:08 / 02.11.2023
340

Vadim Abramov Kubok finali va "Paxtakor" – "Nasaf" uchrashuvida haqida fikrini bayon qildi

Vadim Abramov Kubok finali va "Paxtakor" – "Nasaf" uchrashuvida haqida fikrini bayon qildi

Samarqandning "Dinamo" klubi 2023 yil Pro ligada ishtirok etib, Superligaga qaytganidan xabaringiz bor. "Dinamo" mamlakat kubogida ham ajoyib ishtirok etdi va yarim finalga qadar yetib kelgani e’tiborga molik. Biz mavsum yakunlari va keyingi rejalarni bilish maqsadida jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramovga qo‘ng‘iroq qildik.

- Vadim Karlenovich avvalo "Dinamo" klubini Superligaga qaytgani bilan tabriklamiz. Ayting-chi, "Dinamo" uchun mavsum qanday o‘tdi?
- Mavsum biz uchun bir tekis o‘tdi deya olaman. Yil boshida oldimizga Superligaga qaytish vazifasi qo‘yilgandi, biz uni bajardik. To‘g‘ri Pro ligada birinchi bo‘la olmadik, ammo nima bo‘lgan taqdirda ham Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kirita oldik. Bundan xursandmiz.

- Odatda Superliganing o‘rtamiyona klublari kubokdan darhol chiqib ketishadi va bor e’tiborni chempionatga qaratishardi. Ammo Pro liga ishtirokchisi bo‘lgan "Dinamo" kubokda yarim finalga qadar yetib keldi. Buning siri nimada?
- Kubok boshlanishidan oldin jamoaga mavsum oxirida shu kubokni yutishimiz kerakligini aytgandim. Ko‘pchilik o‘shanda gapimga kulgandi, jiddiy qabul qilmagandi. Ammo natijani hamma ko‘rdi, guruhimizda kuchli jamoalar bor edi. Keyin "Paxtakor" va "Olimpik" kabi kuchli jamoalarni mag‘lub eta oldik. Ikkala jamoada ham turli terma jamoa a’zolari harakat qilishadi. Afsuski yarim finalda "Nasaf"ga munosib qarshilik ko‘rsatib, yutqazib qo‘ydik. Balki bahs Samarqandda bo‘lganida "Nasaf"ga yanada qiyin bo‘larmidi, bilmadim.

- "Dinamo"dagi faxriylar Erkin Baydullayev, Bahodir Nasimov va Dilshod Rahmatullayev keyingi mavsumda ham futbol o‘ynashadimi?
- Nasimov va Rahmatullayev bu borada hali aniq bir to‘xtamga kelishmadi. Baydullayev esa menimcha faoliyatini yakunladi.

- Yangi mavsumga tayyorgarlik rejasi aniq bo‘lganmi?
- Hozircha homaki reja bor. Mavsum biz uchun oktyabr oyi oxirida yakunlandi, shu bois taxminan 1 dekabrdan yig‘inni boshlaymiz. Sababi futbolchilar uchun 40 kunlik ta’til yetarli deb o‘ylayman.

- Sobiq shogirdingiz Marat Bikmayev butsalarini "mixga ildi". Uning faoliyati haqida nimalar deya olasiz?
- Maratni ancha yillardan buyon bilaman, yaxshi darajada faoliyat olib bordi. Olimpiya terma jamoasida mening qo‘l ostimda o‘ynagandi, keyin milliy terma jamoada ham to‘p tepdi. Bekorga bir vaqtlar Rossiya premer-ligasi klubi uni o‘z safiga qo‘shib olmagandi. Bikmayevga keyingi faoliyatida ham omad tilayman.

- Oldinda mamlakat kubogi finali kutib turibdi. Kubokni qaysi jamoa qo‘lga kiritadi deb o‘ylaysiz: "Nasaf" yoki OKMK?
- Menimcha imkoniyatlar 50ga50. "Nasaf" o‘z maydonida o‘ynaydi, OKMK tarkibida esa ko‘plab tajribali futbolchilar bor. Uchrashuvdan avval imkoniyatlar mutlaqo teng, "Nasaf"ning kichik ustunligi o‘z maydonida o‘ynashida bo‘ladi, xolos.

- Superligada-chi kim chempion bo‘larkin?
- Menimcha aynan 3 noyabr kungi bahsda ko‘p narsa oydinlashadi. "Paxtakor" mavsum boshida ikkita mag‘lubiyatdan keyin qiyin ahvolga tushib qolgandi, ammo keyin peshqadam bo‘la oldi. Qandaydir kutilmagan mavsum bo‘ldi, istalgan jamoa "Paxtakor"ning yo‘qotishlaridan unumli foydalanib chempion bo‘lishi mumkin edi.

- Islomjon Qobilov va Sanjar Qodirqulov yangi mavsumni "Dinamo"da boshlashlari haqida xabar chiqdi. Bu rostmi?
- To‘g‘risi buni men ham saytlardan o‘qidim. Agar ularda "Dinamo"da o‘ynash xohishi bo‘lsa albatta bundan xursand bo‘lardim.

- Noyabr oyi o‘rtasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH-2026 saralash bahslarini boshlaydi. Turkmanistonga qarshi safar, Eronga qarshi Toshkentdagi o‘yinlardan 6 ochko kutishimiz mumkinmi?
- Ko‘pchilik Eronni kuchli demoqda, albatta Eron boshqa darajada ekanini bilamiz. Ammo Turkmanistonni osongina yutamiz deyishga shoshmaslik kerak, ularga qarshi o‘yin ham og‘ir bo‘ladi. Ayniqsa safarda, ular ham futbol o‘ynashni o‘rganib olishgan. Terma jamoamizga saralashda ham, Osiyo kubogida ham omad tilayman!

 Muallif: Narzulla Saydullayev


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov Kubok finali va "Paxtakor" – "Nasaf" uchrashuvida haqida fikrini bayon qildi