Adidas kompaniyasi reklama aksiyasi doirasida futbol olamining ikki afsonasi Lionel Messi va Zinedin Zidan uchrashuvini tashkil etdi.
“Barselona”ning sobiq futbolchisi va “Real”ning sobiq murabbiyi futbol qanday o‘zgarayotgani, eski xotiralar va shunchaki suhbat uchun yig‘ildi.
Suhbat davomida yulduzlar bir-biriga hurmat ko‘rsatdi:
Zidan: “Mana bugun “o‘nlik” bilan shu yerdamiz. Biz bilan esa ozroq mo‘jiza ham (Leoning oyog‘iga ishora qilib) bor.
Afsus, birga to‘p surish nasib etmagan, lekin hozir senga to‘p uzatish imkoniyatim bor. Juda uzoq yo‘l bosdim, hozir esa sen bilan futbol haqida suhbatlashish uchun shu yerda ekanligimdan mamnunman. Bu odamlar uchun ham qiziqarli. Ularga futboldan ham ko‘proq narsa kerak”.
Messi: “Bu men uchun ham quvonchli. Sizni qanchalik hurmat qilishimni bilasiz. Ha, birga to‘p surmaganimdan afsusdaman, lekin bir-birimizga qarshi harakat qilganmiz. Keyin esa murabbiy va futbolchi sifatida ham qarama-qarshiliklar bo‘lgan. Men siz qilgan va qilayotgan ishlardan doimo hayratdaman”.
Suhbat davomida Zizudan Messini ta’riflash so‘raldi.
“Bittagina so‘z yetarli: “mo‘jiza”. Leo bilan doim ham ko‘rishmaymiz, shuning uchun bugun uning o‘yinidan qanchalik hayratlanishimni aytib qolishim kerak. Futbolni tushunadigan inson biladiki, u qilayotgan harakatlar mo‘jizani o‘zginasi. Bunday futbolchilar juda kam. Ular ham Leoga o‘xshamaydi. Messi — yagona”.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring