Abbosbek Fayzullayev qisqa fursat ichida Rossiya Premer-ligasidagi eng mashhur o‘zbek futbolchisiga aylandi.
Rossiya futbolidagi aksariyat hollarda Abbos haqida fikr bildirishiga to‘g‘ri kelyapti. Ayni paytda Fayzullayev mashhurlik borasida uch yil muqaddam “Rostov”dan Italiyaning eng qadimiy klubi “Jenoa”ga ko‘chib o‘tgani ancha shov-shuv bo‘lgan Eldor Shomurodovdan qolishayotgani yo‘q.
Rossiya Premer-ligasining birinchi davrasi yakunlandi. Bu gal chempionlik va sovrinli o‘rinlar uchun kurash har qachongidan qizg‘in kechadigan ko‘rinadi. Mutaxassislar birinchi davra bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashmoqda.
Sports.uz portali rossiyalik futbol mutaxassislarining Abbosbek Fayzullaye v haqidagi mulohazalari muxlislar e’tiboriga havola etadi.
Vyacheslav Koloskov, Rossiya futbol ittifoqi faxriy prezidenti:
Bu mavsum hali hech qaysi jamoa meni hayratga solgani yo‘q. Chempionat boshlanishidan oldingi taxminlar amalga oshmoqda. Avvaldan birinchi o‘rin uchun “Zenit”, “Krasnodar”, SSKA va “Dinamo” jamoalari kurashishi kutilgandi. Krasnodarliklar va piterliklarning tarkibi juda yaxshi shakllangan. Ularning yetakchi qilayotgani shunga bog‘liq.
Abbosbek Fayzullayev SSKAga qo‘shilib ketdi. Lekin uni hozir “Zenit”dagi braziliyaliklardan zo‘r, deb bo‘lmaydi. Fayzullayev “armiyachilar” hujumiga shiddat qo‘ydi, bu futbolchi SSKA uchun haqiqiy topilma. Biz braziliyaliklar nimaga qodirligini bilamiz, biroq Abbosdan yangilik kutamiz.
Yuriy Syomin, Rossiya terma jamoasi va “Lokomotiv” sobiq bosh murabbiyi:
Joriy mavsumning birinchi davrasida eng asosiy kashfiyot kim bo‘ldi? Shaxsan menga Abbosbek Fayzullayev chempionatning birinchi qismida qanday o‘ynagani juda yoqdi.
Bu futbolchining kelajagi porloq. Fayzullayev juda aqlli o‘yinchi.
Vladimir Granat, Rossiya terma jamoasi sobiq futbolchisi:
Tyukavin joriy mavsumni to‘liq bir maromda o‘tkazayotgani yo‘q. U birinchi davra boshida va oxirida yaxshi o‘ynadi.
Abbosbek Fayzullayevning chempionat birinchi yarmi oxiriga borib o‘yini ochilib ketdi. Shuningdek, “Krasnodar” qanot himoyachisi Volkovni ham yaxshi o‘ynaganini ta’kidlash lozim. Bu futbolchi mavsum boshidan beri yorqin va barqaror o‘yin ko‘rsatyapti.
Eslatib o‘tamiz, 20 yoshli Abbosbek Fayzullayev “Paxtakor” safidan SSKAga avgust oyida ko‘chib o‘tgan edi. Legionerimiz qisqa fursat ichida “armiyachilar”ning asosiy o‘yinchilaridan biriga aylandi.
Fayzullayev sentyabr va oktyabr oylarida SSKAning eng yaxshi o‘yinchisi sifatida e’tirof etildi. Shuningdek, “Krilya Sovetov”, “Spartak” va “Rubin”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvlarning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring